

So'nggi yillarda o'zbek futbolining haqiqiy bosh og'riq jamoasiga aylangan, kuchli uchlik va yuqori o'rinlarda tez-tez bo'y ko'rsatib turgan Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasi oxirgi mavsumlarni o'ta beqaror va mazmunsiz o'tkazmoqda.
Muxlislar ko'zi o'rganib qolgan o'sha shiddatli, tishli-tirnog'i bilan kurashadigan jamoa o'rnini, afsuski, turnir jadvalining quyi pog'onalarida jon saqlash uchun kurashayotgan klub egallab qo'ydi. Vaholanki, voha klubining ambiciyalari va rahbariyat oldiga qo'ygan maqsadlari doimo eng yuqori cho'qqilarni ko'zlab kelgan.
Xo'sh, yuzaga kelgan bu inqirozli vaziyatdan jamoani kim olib chiqadi? Klub rahbariyati yana eski qadrdon – Ulug'bek Bakaevga ishonch bildirdi. Muxlislar orasida esa haqli savollar tug'ilmoqda: tanaffus davomida Bakaev Jizzax vohasida qanday islohotlarni amalga oshirdi? U "So'g'diyona"ni o'zi tushib qolgan jarlikdan qutqara oladimi?
"Qutqaruvchi" qismati
Bir paytlar xuddi shu "So'g'diyona" bilan kumush medallarni qo'lga kiritib, murabbiylik faoliyatida keskin yuksalish qilgan Ulug'bek Bakaevning keyingi qadamlarida nima uchundir o'sish kuzatilmadi. Futbol qismati uni kutilmaganda yuqori o'rinlar uchun kurashuvchi emas, balki jon saqlash yo'liga tushib qolgan jamoalarning "tez yordam" murabbiyiga, yani "qutqaruvchi"siga aylantirib qo'ydi.
U "Buxoro"ni qabul qilib olib, jamoani yana Superligaga olib chiqishga erishdi, biroq ichki muammolar talaygina bo'lgan, o'z uy stadionida o'ynash imkoniyatidan mahrum bo'lgan buxoroliklar pastki o'rinlardan ko'tarila olishmadi. Mana endi "So'g'diyona" ham Bakaev elkasiga aynan o'sha og'ir vazifani yukladi: kuchlilar safida qolish. Biroq Buxorodan farqli o'laroq, Jizzaxda nisbatan sharoitlar yaxshiroq, infratuzilma joyida va bu Bakaevga o'z g'oyalarini erkinroq amalga oshirishga imkon beradi.

Murabbiylar shtabida yangiliklar bor
Ulug'bek Bakaev o'zining murabbiylik faoliyati davomida konservativlikka, yani bir xil va sinalgan murabbiylar shtabi bilan ishlashga moyil mutaxassis edi. Biroq bu safargi inqiroz Bakaevni ham o'z qarashlarini o'zgartirishga majbur qildi. U katta tavakkalchilikka qo'l urdi va Superligada yuzaga kelgan pauzadan foydalanib, shtabiga ikki nafar rossiyalik mutaxassisni jalb etdi. Avvalgi yordamchilar – Viktor Karpenko, Igor Mixaylov va Mixail Eremchuklar allaqachon boshqa klublar muvaffaqiyati uchun ter to'kishmoqda.
Yangi murabbiylar bilan tanishamiz.
Artyom Gorlov (39 yosh): Futbolchilik maktabini mashhur SSKAda o'tagan, murabbiylikka esa juda erta qadam yosh mutaxassis. Uning murabbiylik daftarchasida "Enisey", "Pari NN", "Torpedo Moskva" va "Axmat" kabi Rossiya klublari bor. Oxirgi ish joyi "Leon Saturn" bo'lgan Gorlovning Bakaev yonida paydo bo'lishi – jamoa taktik mazmuniga zamonaviy va kreativ yondashuv olib kirishi kutilmoqda.

Mavsumning dastlabki qismida "So'g'diyona"ning eng og'riqli va zaif nuqtasi, shubhasiz, darvoza chizig'i bo'ldi. Dastlabki 11 ta turda jamoa o'z darvozasidan naqd 25 ta gol o'tkazib yubordi! Bu nafaqat autsayderlik ko'rsatkichi, balki himoya, darvoza qo'rg'onining mutlaqo barbod bo'lganidan darak beruvchi jiddiy signal edi.
Bakaev muammoning ildizini kesish maqsadida darvozabonlar murabbiyligiga yana bir rossiyalik mutaxassis – Pavel Polikarpovni taklif etdi. Moskvaning "Spartak", "Torpedo" U-19 va so'nggi vaqtlarda media-futbolda mashhur bo'lgan "Amkal" klubida ishlagan Polikarpovning zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklandi. Islohotning ilk mevasi uzoq kutilmadi – 12-turda jamoa nihoyat o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi (0:0). Mavsum yakunigacha ko'rsatkich qanday bo'lishi qiziq albatta.

Tarkibni "tozalash" operaciyasi
Bakaev Jizzaxga qaytishi bilan o'zining falsafasi, qarashlariga mos ijrochilarni yig'ishga kirishdi. U sobiq murabbiy Ivan Boshkovich davrida transfer qilingan, biroq o'zining qatiy va jismoniy kuchga asoslangan uslubiga mos kelmaydigan bir qator futbolchilardan iborat kattagina guruhga javob berib yubordi.
Jamoani tark etganlar ro'yxati ancha salmoqli:Jasur Jaloliddinov (katta umidlar bilan kelgan kreativ yarim himoyachi)
Feysal Mulich va Aleksandr Bolevich (legionerlar)
Suhrob Izzatov, Nikola Mirkovich, Umid Sultonov, Toxir To'xtasinov, Ulug'bek Kenjaev.
Alohida etirofga loyiq voqelik: Klub o'rinbosarlari safidan yetishib chiqqan iqtidorli futbolchi Otabek Axadovning Janubiy Koreyaning mashhur "Pusan" jamoasiga transfer qilingani bo'ldi. Uning shunchaki qo'yib yuborilmay, aynan professional transfer sifatida xorij klubiga sotilgani Jizzax klubi akademiyasi va selekciyasi uchun katta yutuq sifatida baholanmoqda.

Yangi qo'shilganlar: A Seriya, Afrika havosini ko'rganlar
Ketganlar o'rnini to'ldirish va yozgi transfer oynasida haqiqiy "jangchilar" armiyasini shakllantirish maqsadida bir yo'la 6 nafar yangi futbolchi bilan shartnoma imzolandi:
Dastlab, 6 ta bahsda 13 ta gol o'tkazib, ishonchni oqlay olmagan Nikola Mirkovich o'rniga haqiqiy klub afsonasi Milan Mitrovich ortga qaytarildi. Vaholanki, 2025 yilning yakunida Milan bilan katta ehtirom bilan xayrlashilgan edi. Ammo Bakaev darvozadagi og'riqni sobiq shogirdining tajribasi bilan yopishni lozim topdi.
Shuningdek, tarkibga himoyachilar Shoxjahon Sultonmurodov, Behruz Jumatov, yarim himoyachilar Jamshid Boltaboev, Behruz Asqarov va hujumchi Zenan Zaymovich kelib qo'shildi. Italiya A Seriyasining "Udineze" klubi sobiq a'zosi Petar Michinning kelishi ham Jizzaxda katta qiziqish uyg'otdi.
Zaymovich, Boltaboev, Mitrovich va Jumatov uchun klub muhiti begona emas. Transferlar ichidagi eng ekzotik fakt esa – bosniyalik Zenan Zaymovichning Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning "Keyptaun Siti" klubidan to'g'ri Osiyo qitasiga, yani Jizzaxga uchib kelgani bo'ldi. Transfer oynasi yopilguniga qadar balki yana ayrim chiziqlarda kuchayish ko'rishimiz mumkin.

Oldindagi imtihonlar: Taqvim shafqat qiladimi?
"So'g'diyona"ning ayni damdagi turnir jadvalidagi o'rni (14-o'rin) havas qilarli darajada emas. Jamoaning jon saqlash hududida borayotgani futbolchilardan har bir soniyada maksimal koncentraciya talab qiladi. Jamoaning yaqin o'yinlar taqvimi esa quyidagicha:
13-tur
"Neftchi"
Uyda
14-tur
"Lokomotiv"
Safarda (Toshkent)
15-tur
"Mashal"
Safarda
16-tur
"Andijon"
Uyda
17-tur
"Surxon"
Safarda
Taqvimga nazar tashlasak, raqiblar o'rtacha darajada va jamoa ketma-ket grandlar bilan to'qnash kelmaydi. Bu Bakaev uchun ochkolarni maksimal darajada jamg'arib olish uchun qulay imkoniyat. Lekin 14-o'rinda borayotgan jamoa uchun endi oson raqibning o'zi qolmagan.
Ulug'bek Bakaev "So'g'diyona"ni jar yoqasidan olib chiqish uchun bor imkoniyatini ishga soldi: shtabni rus mutaxassislari bilan yangiladi, o'ziga mos kelmagan katta guruh bilan xayrlashib, tarkibni yangi "jangchilar" bilan kuchaytirdi. Endi navbat – maydondagi natijalarga. Agar ushbu "operaciya" o'zini oqlasa, Bakaev yana o'zining sevimli Jizzaxida "qutqaruvchi"lik maqomidan elita vakili darajasiga qaytadi. Agar aksi bo'lsa... Jizzax futbolini juda og'ir va mavhum kunlar kutib turibdi.



