Janoblar muzdek kabinetlardan chiqing: "Bunyodkor"ning taqdiri kimni xavotirga solyapti?

Iskandarov Abdulaziz
30 iyul 2026, 17:52
Biz xorij futbolidagi inqirozlarni uzoqdan turib kuzatishga odatlanganmiz.

"Sevilya"da moliyaviy muammolar chiqsa yoki "Lester" quyi ligaga tushib ketsa, buning bizga issiq-sovug'i yo'q. Xorij klublariga ishqibozlik qilmaydigan va mahalliy futbol bilan nafas oladigan har bir muxlis uchun ularning taqdiri bir tiyin.

​Lekin o'z uyingda, o'z ko'zing oldida milliy futbol bayroqdorlaridan biri cho'kayotgan bo'lsa-chi?

​O'zbek futbolining yaqin o'tmishdagi tashrif kartochkasi, Osiyo maydonlarida mamlakat shanini munosib himoya qilgan "Bunyodkor" bugun jar yoqasida turibdi.

Klubning hatto navbatdagi safar o'yiniga bora olmaydigan darajaga tushib qolgani - shunchaki moliyaviy tanqislik emas, bu butun futbolimiz tizimi uchun haqiqiy sharmandalik.

​Yuzadagi xotirjamlik va suv ostidagi inqiroz

​So'nggi vaqtlarda terma jamoalarimizning turli darajadagi muvaffaqiyatlari fonida hammasi joyidadek tuyulishi mumkin. Ammo bu shunchaki suv yuzidagi xotirjamlik. Ichkarida esa ichki chempionatimiz, klublar ahvoli borgan sari tubga sho'ng'imoqda.

​Yaqinda "Bunyodkor" rahbariyati tomonidan berilgan intervyuda bir qator savollarga javob izlandi. Lekin satr oralaridan bir achchiq haqiqat bo'y ko'rsatib turibdi: klub mutlaqo yolg'izlatib qo'yilgan.

"O'lsang, o'lib ketaver" degan beparvo munosabat ko'zga tashlanmoqda. Bu jarayonlar o'zbek futboli tepasida turganlarni zarracha bezovta qilmayotgandek.

​Bozor iqtisodiyoti va achchiq reallik

​Kimdir aytishi mumkin: "Klublar o'zini o'zi boqishi, marketingni yo'lga qo'yishi kerak" deb. Ammo keling, balandparvoz gaplarni bir chetga surib, achchiq reallikka to'g'ri qaraylik:

​Marketing va reklama: Bugungi sharoitda qaysi yirik investor yoki brend "Bunyodkor"ga homiylik qilish uchun navbatda turibdi? Hech kim.

​Chiptalar tushumi: "Bunyodkor" Vodiy klublari kabi keng ko'lamli, har o'yinda stadionni to'ldiradigan muxlislar armiyasiga ega emas. Toshkent sharoitida faqat chipta sotib, klub byudjetini yopish - utopiya.

Atributika va xizmat ko'rsatish: Klub atributikasini sotish yoki boshqa qo'shimcha manbalar topish - bu dengizdan tonggi shudringdek gap. Ular bilan millionlab dollarlik xarajatlarni, akademiya taminotini va jamoa qarzlarini yopib bo'lmaydi.

Echim qayerda?

​Hozirgi sharoitda "Bunyodkor" kabi infratuzilmasi ulkan, ammo moliyaviy manbasiz qolgan klublarni faqat va faqat davlatning tizimli ko'magi va to'g'ri yo'naltirilgan e'tiborigina bu jarlikdan olib chiqa oladi.

​O'zbek futboli rahbarlari, issiq va muzdek kabinetlarda o'tirgan mutasaddilar bir narsani anglab yetishlari shart: O'zbek futboli degani faqat milliy terma jamoalardan iborat emas. Kuchli terma jamoa - bu kuchli va oyoqda mustahkam turgan ichki chempionat mahsulidir.

Akademiyalari ishlab turgan, tarixi va o'z o'rniga ega bo'lgan klublarning birin-ketin sun'iy ravishda "o'lishiga" tomoshabin bo'lib turish - kelajakka qilingan eng katta hiyonatdir.

​Vaqt boy berilmoqda. Kabinetlardan chiqib, real futbol ahvoliga qaraydigan vaqt allaqachon kelgan.

Muammoning eng og'riqli tomoni shundaki, gap shunchaki bir mavsumlik tarkib yig'ib, pul tugagach tarqalab ketadigan oddiy jamoa haqida ketayotgani yo'q.

​Keling, xolis savol beraylik: bugun o'zbek futbolida o'z akademik tizimiga, zamon talablariga javob beradigan infratuzilmasiga va shakllangan futbol falsafasiga ega bo'lgan nechta klubimiz bor? Sanoqli! Bular - "Nasaf", "Mashal" va "Bunyodkor".

​Qolgan klublarimiz, ming afsuski, hali bu darajaga yetib kelgani yo'q. Ularning aksariyati yillik byudjetni "eb bitirish", xorijdan yoki mahalliy bozordan tayyor futbolchilarni ijaraga olish va mavsumni amallab yakunlashdan ortig'iga o'ta olishmayapti.

​Shunday sharoitda, o'zi shundoq ham barmoq bilan sanarli bo'lgan, yillar davomida minglab yosh istedodlarni tarbiyalab chiqargan, milliy va yoshlar terma jamoalarimizning asosiy o'zagini taminlab berayotgan tayyor tizimga ega klublarni o'z holiga tashlab qo'yish - bu shunchaki beparvolik emas, bu milliy futbol poydevoriga bolta urishdir.

"Bizda yangi akademiyalar barpo etish, infratuzilmani yevropacha andozalarga keltirish haqida balandparvoz nutqlar so'zlanadi. Ammo amalda bor tizimni, tayyor akademiyalarni saqlab qola olmayapmiz. Bu mantiqsizlikning cheki-chegarasi bormi?"

​"Bunyodkor" kabi klublarning inqirozi - bu faqat kattalar jamoasining mag'lubiyati emas. Bu - shu akademiyada kelajak umidi bilan to'p tepayotgan yuzlab o'zbek o'g'lonlarining orzulari, ularning kelajagi xavf ostida qolgani deganidir.

Avvalroq "Bunyodkor"da pul yo'qligi uchun klub Navoiyga bora olmasligi ma'lum bo'lgan edi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia