

Joriy mavsumda Superliga oltin medallariga asosiy da'vogarlardan biri sifatida ko'rilayotgan "Paxtakor" o'tgan mavsumning eng yaxshi to'purari Igor Sergeev klubni tark etganidan buyon hujum chizig'ida muammolarga duch kelmoqda. Mavsum boshida klub o'z tarbiyalanuvchisi Rustam Turdimurodovni "Surxon"dan ortga qaytardi va polshalik hujumchi Pyotr Pajishekni o'z safiga qo'shib oldi. Tojiev jamoasi mavsumni ikkita hujumchi bilan boshlaganiga qaramay, mavsumning dastlabki qismida markaziy hujumchi poziciyasida jiddiy muammolarga duch keldi. Pajishek mavsumni yaxshi boshlagan bo'lsa-da, ammo keyinchalik zaxirada qolib ketdi. Polshalik hujumchi dastlab, "Qizilqum"ga qarshi kechgan mavsumning ilk uchrashuvida zaxiradan maydonda tushib, raqib darvozasini debyut o'yinidayoq ishg'ol etdi. “Qo'qon-1912”ga qarshi kechgan keyinga bahsda esa 45 daqiqa maydonda harakatlanib, o'z nomini tablogo yozdirib qo'ydi. Lekin shundan so'ng Pajishek umuman gol urmadi va yozda esa u sobiq jamoasi "KUPS"ga qaytib ketdi. Hujumchi "Paxtakor" safida jami 13ta uchrashuvda maydonga tushib, bor yo'g'i 2ta gol kiritdi va har bir goli uchun 199 daqiqa sarfladi.

Turdimurodov esa o'zi uchun begona bo'lmagan klubga qaytdi. Hujumchi mavsumning birinchi qismida Superliga va O'zbekiston Kubogida doirasida jami 13ta uchrashuvda ishtirok etib, 5ta marotaba raqib darvozasiga yo'l topa oldi. Turdimurodov mavsumning birinchi qismida kiritgan har bir goli uchun maydonda 108 daqiqa kerak bo'ldi. O'tgan mavsumda esa Turdimurodov "Andijon" va "Surxon" safida harakatlanib, 35ta uchrashuvda 9ta gol urgan edi.
Markaziy hujumchi poziciyasidagi muammo tufayli "Paxtakor"ning ko'plab gollari boshqa poziciya egalariga to'g'ri keldi. "Paxtakor" joriy mavsum Superliganing 14ta o'yinida 26ta gol kiritgan bo'lsa, gollarning yarmidan ko'pi uch nafar futbolchi: Dostonbek Hamdamov(8ta gol), Flamarion(5ta gol) va Bashar Resan(3ta gol) tomonidan kiritilgan. Sof markaziy hujumchi hisoblangan Turdimurodov va Pajishek jami 5ta golga mualliflik qilishdi. Hujumchi poziciyasidagi yaqqol muammoni jamoa ustozi Kamoliddin Tojiev ko'p marotaba gapirdi.
"Igor Sergeev kabi o'yinchi topa olmadik. Joriy mavsumda Igor darajasidagi hujumchi jamoamizda yo'q" deb aytib o'tgan edi," - degan edi Tojiev Superliga doirasidagi uchrashuvlarning biridan so'ng.
Shu sababli "Paxtakor" davom etayotgan yozgi transferlar oynasida yana hujumchi qidira boshladi.

Yangi transfer
Yakunda, gap-so'zlarga qaraganda Iroq terma jamoasi hujumchisi Ayman Hussayn ertaga Toshkentga uchib kelishi va "Paxtakor" bilan shartnoma imzolashi kerak. Iroqlik manbalar ma'lumotiga ko'ra, Hussayn "sherlar" bilan olti oylik shartnoma tuzadi va ushbu muddat davomida 600 ming AQSH dollari ishlab oladi.
Moreyra vs Tojiev
Endi bir qiziq jihatga e'tibor qaratsak, 2025 yilgi mavsumning birinchi qismida jamoani boshqargan portugaliyalik Pedru Moreyra ko'plab braziliyalik va portugaliyalik futbolchilarni jamoaga olib kelgan edi. Misol uchun, Moreyra davrida braziliyalik Flamarion, Jonatan Lukka, Jonatan Luis(darvozabon) "Paxtakor" safiga qo'shilgan edi. Shuningdek, kolumbiyalik va faoliyatining asosiy qismini Portugaliya klublarida o'tkazgan Brayan Riaskos. Iroqlik Bashar Resan ham 2025 yilgi mavsum boshlanishidan oldin, yani Pedru Moreyra davrida jamoaga kelib qo'shilgan edi. Shundan so'ng o'tgan yili yozda Zayid Tahsin transfer qilindi. Endi esa uchinchi iroqlik futbolchi Ayman Hussayn. Moreyra davrida "kichik" Braziliyaga aylangan "Paxtakor", Tojiev davrida "kichik" Iroqqa aylandi. Moreyraning braziliyaliklarga bo'lgan ishonchi o'zini oqlamadi, hozirgi klubda faqatgina Flamarion qolgan. Tojievning Iroq futbolchilarga qilayotgan "stavka"si yakunda to'g'ri qaror bo'lib chiqadimi yoki yo'q? Moreyra davrida portugal tilidan tarjimon yo'llagan klub, endi arab tili tarjimonini ham ishga olishi kerakdek.




