Azizbek To'lqinbekov: "Saralash o'yinlarida kuchsiz raqib yo'q edi"

Aslanov Jasurbek
9 sen 2026, 12:46
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi va "Bunyodkor" klubi yarim himoyachisi Azizbek To'lqinbekov saralash bosqichidagi ishtirok, jamoadagi muhit hamda klubidagi murabbiy almashuvi haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

​- Saralash o'yinlari qanday o'tdi? Raqiblarning darajasi, o'yinlarning murakkabligi haqida nima deya olasiz?
​- Saralash bahslari kutganimizdek ancha murakkab kechdi. Bangladesh, Hindiston va Suriya terma jamoalarining salohiyatini yaxshi bilardik, shu bois har bir uchrashuvga alohida puxta tayyorgarlik ko'rdik. Raqiblar darajasiga to'xtaladigan bo'lsam, zamonaviy futbolda endilikda hech bir jamoani autsayder deb bo'lmaydi. Boshqa guruhlardagi natijalarga e'tibor qaratsak, bazi grandlar, jumladan, Avstraliya ham guruhdan chiqa olmaganiga guvoh bo'lamiz.

​- Musobaqa davomida darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik (0 ga o'ynadik). Bu ijobiy ko'rsatkich manbai nimada deb o'ylaysiz?
​- Menimcha, bu bevosita ahil va jamoaviy o'yin ko'rsatganimiz mahsulidir. Maydonda barchamiz birdek himoyalandik va ahillikda hujumga o'tdik. Intizom hamda birdamlik asosiy omil bo'ldi.

​- Ushbu yosh toifasidagi terma jamoamizning shakllanish jarayonini qanday baholaysiz?
​- Jamoa juda yaxshi va to'g'ri yo'sinda shakllanmoqda. Muhim omillardan biri - ichimizdagi ajoyib muhit. Mazmunli jamoaviy o'yin ko'rsatish bilan birga, safimizda individual mahorati yuqori bo'lgan futbolchilar ham juda ko'p.

​- Yaqinda "Bunyodkor"da murabbiy o'zgardi. Siz aynan Ivan Boshkovich qo'l ostida 4 yil oldin Superligada debyut qilgandingiz...
​- Ha, bu futbol, bu yerda hamma narsa sodir bo'lishi mumkin. To'rt yil oldin Boshkovich qo'l ostida debyut qilganimdan so'ng, keyingi yili ham xuddi shunday holat yuz berib, jamoada murabbiy almashgan edi. Futbolchi sifatida bizning vazifamiz - maydonda o'z ishimizni professional darajada davom ettirish.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia