

Uchrashuvdan so'ng yosh futbolchining sardorlik hissiyotlari borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Bugun maydonga sardorlik bog'ichi bilan tushdingiz. Bu qanday mas'uliyat va taassurotlar bag'ishladi?
- Jamoadagi hozirgi og'ir vaziyatda xursandchilik yoki taassurotlar haqida gapirish qiyin. Sardorlik bog'ichi berilganidan so'ng mas'uliyat yanada ortdi. Bunday og'ir damlarda jamoani ortidan ergashtirish va barchaga dalda bo'lish lozim. Shunday mas'uliyatli vazifani topshirishganidan xursandman, bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.
- Uchrashuv haqida nima deya olasiz?
- Tarkibimizda tajribali futbolchilar bo'lsa-da, baribir tajriba yetishmayotgani bilinib qolyapti. Shunga qaramay, bunday murakkab holatdan chiqib ketish uchun jipslashib harakat qilyapmiz va bunda davom etamiz.

- Muammolarning tub ildizi moliyaviy vaziyatga borib taqalmoqda, desak to'g'ri bo'ladimi?
- Ha, to'g'ri.
- Birinchi bo'limdagi tezkor gol o'yin rejalariga qanchalik ta’sir qildi?
- Ikkinchi bo'limga vaziyatni o'nglash va o'yinni o'z foydamizga burish maqsadida chiqqandik. "Qo'qon-1912" ham tajribali va o'ziga xos uslubga ega jamoa. Gol urgach, himoyaga yotib, vaqt cho'zishlarini bilardik. Shunga qaramay, hisobni tenglashtirish uchun oxirigacha harakat qildik.
- Sizningcha, jamoa bu qiyin vaziyatdan qanday chiqib ketishi mumkin?
- Bu holatdan chiqishning yagona yo'li - faqat va faqat mehnat qilish. Taslim bo'lmasdan, maydonda bor kuchni berib oxirigacha kurashish kerak. Hozirgi vaziyatda boshqa chora yoki variantning o'zi yo'q.



