Anvar G'ofurov: "Maydonimizga o'zimizdan boshqa hech kim mehr bermaydi"

Aslanov Jasurbek
18 may 2026, 22:20
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Surxon" - "Paxtakor" (2:0) uchrashuvidan so'ng termizliklar bosh murabbiyi Anvar G'ofurov fikrlarini bildirdi.

"O'yin engil o'tmasligini bilgan edik. Bugun yutuq yoki kamida ochko olishimiz kerak edi. Bu kubokdagi yurishimizni davom ettirish imkonini berardi. Shunga yarasha o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Bu - futbol, kimdir yutadi, yutqazadi. Biz natija uchun o'ynashga harakat qildik. "Paxtakor"ga omad tilayman, tarkibida yaxshi futbolchilar bor", - deydi Anvar G'ofurov.
- "Surxon" Superligada katta jamoalardan ochko olishga muvaffaq bo'ldi. Jamoaning kubokdagi rejalari qanday?
- Men uchun musobaqaning ahamiyati yo'q. Jamoam har bir o'yinda g'alaba qozonishini istayman.
- Maydon chimi sabab o'yin Toshkentga ko'chirildi. Vaholanki, maydon topshirilganiga ko'p bo'lgani yo'q. Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?
- Bu borada ko'p gapirish mumkin. Lekin shunday qarorga kelindi. Maydonimizga o'zimizdan boshqa hech kim mehr bermaydi. Bu vaqtdan foydalanib kelajak uchun maydonni yaxshi holatga keltirib olamiz.
- Potapov va Xojaniyozovning jamoadan ketganiga aniqlik kirita olasizmi?
- Ular o'z xohishi bilan klubni tark etdi. Buning o'zlarining sabablari bor. Men bilmayman va menga qiziq emas. Xudo xohlasa jamoada muammo yo'q. Biz o'z ishimizni davom ettirishimiz kerak. Jamoada etarlicha futbolchi bor. Ular bekordan-bekorga bu yerda emas. Rotaciyaga ham imkonimiz bor.
- O'zbekiston terma jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. O'yin yopiq o'tdi. Fabio Kannavaro bilan kuch sinashish qanday bo'ldi?
- Ular ham o'z rejalarini amalga oshirayotgani ko'rindi. Balki o'zlari istagan o'yin bo'lmagandir. To'g'ri tushunish kerak, O'zbekistonning eng yaxshi futbolchilari jamlangan. Har bir futbolchi o'rtoqlik uchrashuvida o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Ular Jahon chempionatida o'ynashni istaydi. O'zini ko'rsatmasa, mundialga bormaydi. Kecha "Neftchi"ga ham oson bo'lgani yo'q.
- Chineduni yetakchi klublarga qarshi o'yinlarda zaxirada qoldiryapsiz. Bu nima bilan bog'liq?
- Qaysidir pallada bu ham bir reja. Qachondir bu reja o'xshaydi yoki yo'q. O'tgan o'yinda Farrux Qodirov yaxshi o'yin ko'rsatdi. Har bir futbolchi uchun chin dildan xursand bo'laman. Bizning ishimiz yordam berish va kuchli qilish.
- Futbolchilik paytingizda "Bunyodkor"da Rivaldo bilan o'ynagansiz. Hozirda klub homiysiz qolgan va qiyin ahvolda. Sizning munosabatingiz qanday?
- Jamoani o'ziga yarasha qarzi bor. Rivaldoni tarafini olmoqchi emasman. Lekin shuncha vaqt kutdi. Men "Bunyodkor"ga omad tilayman. Iloji boricha tezroq muammoni hal qilib, e'tiborini futbolga qaratishini tilayman.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia