Anvar G'ofurov: "Jamoamiz yutganidan va keyingi bosqichga chiqqanidan xursandmiz"

Administrator
28 may 2026, 00:30
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Yaypan" - "Surxon" (1:2) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi. Bunda "Surxon" bosh murabbiyi Anvar G'ofurov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun g'alati narsalar ko'p bo'ldi, havo g'alati bo'ldi, ma'lum muddat stadionda chiroq o'chib qoldi. Endi o'yinga keladigan bo'lsak, raqib nisbatan yosh tarkibi bilan o'ynadi. Yoshlarni o'ynatish murabbiy uchun ham yaxshi, yoshlar ko'p narsani isbotlashga harakat qiladi, murabbiy esa ularni ko'rib oladi. Uchrashuv o'ziga yarasha kechdi, biz uchun durang natija ham kifoya qilardi. O'z vaziyatlarimizdan foydalanib g'alaba qozondik. Futbolda doim ham vaziyatlardan foydalana olmaysan. Qaysidir o'yinda bitta vaziyat bo'ladi, qaysidir bahsda uch-to'rtta vaziyat bo'ladi. Jamoamiz yutganidan va keyingi bosqichga chiqqanidan xursandmiz. Futbolchilarga motivaciya berish osonmas. Har bir futbolchi professional bo'lishi kerak.

- "Surxon"ning zaxiradan tushgan yosh futbolchilari haqida fikringiz?

- Imkon qadar yoshlarga imkon beryapmiz, ular yaxshi harakat qilsa bizni ham quvontiradi. Tarkibda rotaciya bo'lishi uchun yoshlarga imkon bergan yaxshi. Yoshlardan ko'p narsa kutyapmiz, lekin bunga vaqt kerak. Safimizda yoshlar ko'p, ular kelajakda kuchliroq o'yin ko'rsatadi deb o'ylayman. Hali qiladigan ishimiz ko'p. Yozgi tanaffusdan keyin yanada kuchliroq jamoaga aylanamiz.

- Durang ham qoniqtirardi dedingiz, lekin ikkinchi bo'limda Chinedu maydonga tushdi va jamoangiz hujumlari soni ortdi.

- Chinedu yaxshi futbolchi va bizga juda kerak. Men jamoamizdagi har bir futbolchiga ishonaman. Bizning ishimiz funbolchilarni yanada kuchli qilib tarbiyalash. Chinedu tushgach o'zimizga bo'lgan ishonch ortdi. Ko'proq vaziyat yaratishga harakat qildik.

- "Surxon"ni bir nechta o'yinchilar tark etganini eshitdik. Bu moliyaviy holat tufayli yuz berdimi yoki boshqa sababi bormi?

- Buyam juda katta mavzu. Nima uchun ketganini futbolchilarning o'zidan so'ragan maqul. Muammolar bor edi va sekin-asta bartaraf etilyapti. O'ylashimcha, hozir hamma klublarda muammo bor. Bu yangilik bo'lmay qoldi. Biz hech kimni jamoadan haydaganimiz yo'q, ikki nafar o'yinchimiz shu qarorga keldi va o'z xohishlari bilan ketishdi.

- Sizningcha, terma jamoaga taklif etilgan Behruz Karimov Jahon chempionatida asosiy tarkibda o'ynaydimi?

- Behruz raqobat yuzaga keltira oladi deb o'ylayman. Balki birinchi o'yindayoq maydonga tushmas, lekin umid qilib qolamiz. Behruz Karimov professional futbolchi, u terma jamoaga tezda kirishib ketadi deb o'ylayman. Mundialda terma jamoamizga omad tilab qolamiz. Biz hammamiz O'zbekiston muxlislarimiz.

- Yaqinda yozgi transfer oynasi ochiladi. "Surxon" yangi futbolchilarni taklif etadimi?

- O'rinbosarlar tarkibimizda ham yaxshi o'yinchilar bor. Agar jamoamizga yordam beraman degan futbolchi kelsa buni albatta ko'rib chiqamiz. Baribir ko'p narsa moliyaviy tomonga bog'liq.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: Championat.asia