"Buxoro" mavsumni yuqori uchlikda tugatmoqchi, Filipp Lam bo'lmoqchi edim. Lekin... " - Shahboz Jo'rabekov

Aslanov Jasurbek
6 may 2026, 18:38
Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi "Buxoro" mavsum startini yaxshi boshladi.

Ketma-ket qo'lga kiritilgan ochkolar jamoani tanaffusga uchinchi o'rinda yo'l olishini taminladi. Tabiiyki, bu natija futbol ommasi uchun kutilmagan hodisa sifatida qabul qilindi. "Buxoro" himoyachisi Shahboz Jo'rabekov bu borada 11 ta tur bo'yicha umumiy xulosalarini bildirdi.

​- Chempionatning 11-turi ortda qoldi. Ortga nazar tashlab, qanday xulosalar qilish mumkin?

​- Avvalambor, e'tibor va intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. Ortda qolgan 11 ta turni bir tekis o'tkazdik, deya olmayman. Qaysidir bahslarda mazmunli o'yin ko'rsatib mag'lub bo'lgan bo'lsak, aksincha, o'yinimiz chiqmagan vaziyatlarda ham g'alabani qo'lga kiritgan holatlarimiz bo'ldi. Hozircha xulosalarimiz o'rtacha, chunki oldinda bizni hali uzoq yo'l kutib turibdi. Umuman olganda, dastlabki turlar kurashlarga boy va haqiqiy Superligaga xos ruhda o'tdi. Turnir jadvalidagi holat ham bunga yaqqol misol bo'la oladi: barcha jamoalar bir-biriga juda yaqin va raqobat yuqori.

​- "Buxoro" tanaffusga uchinchi o'rinda chiqib ketgani ko'pchilik uchun kutilmagan hol bo'ldi. Bu muvaffaqiyatning asosiy sabablari nimada?

​- Ha, biz tanaffusga a'lo kayfiyatda, jadvalning yuqori qismidan joy olgan holda yo'l olmoqdamiz. Bu ko'pchilik uchun kutilmagandek tuyulishi mumkin, lekin bu natija zamirida katta mehnat yotibdi. Eng asosiy omil - jamoadagi ahillik va oxirgi uch yil ichida tarkibning o'zagi saqlab qolinganida deb o'ylayman. Biz o'tgan mavsumda ham yomon harakat qilmagandik, bunga misol tariqasida Kubok finaliga qadar borganimizni aytishim mumkin. Yana bir muhim sabab - jamoada ishtiyoq va o'ziga bo'lgan ishonch o'yindan-o'yinga ortib bormoqda.

​- Bu natijani raqobatchilarning ochko yo'qotishi bilan bog'lash mumkinmi yoki jamoaning maqsadi haqiqatan ham jiddiymi?

​- Ochig'ini aytsam, biz boshqa jamoalarning natijalariga qarab emas, balki har bir o'yinda o'zimiz uchun kerakli bo'lgan uch ochko haqida o'ylaymiz. Turnir jadvaliga qarashga esa hali erta. Hozir kuchli uchlikda bo'lsak-da, ertaga nima bo'lishini Yaratgan biladi. Superligadagi barcha 16 ta jamoaning maqsadi yuqori bo'lishi tabiiy. Bizning niyatimiz ham mavsumni kuchli uchlikda yakunlash. Ammo bu juda qiyin bo'ladi, chunki Superligada osonlikcha taslim bo'ladigan jamoaning o'zi yo'q.

​- Oldinda O'zbekiston Kubogi bahslari kutmoqda. "Buxoro" amaldagi finalchi sifatida bu gal qanday maqsadlarni ko'zlagan?

​- Ha, endi bor e'tiborimizni Kubok o'yinlariga qaratamiz. O'tgan yilgi finalchi sifatida musobaqani boshlash mas'uliyatimiz bor. Albatta, bu safar ham kamida o'tgan yilgi natijani takrorlash niyatidamiz. Bu har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Nasib qilsa, yana finalga chiqib, o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Birinchi navbatdagi vazifamiz esa - guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o'tib olish.

​- "Paxtakor" bilan o'yinda faoliyatingizdagi ilk qizil kartochkani oldingiz. Bu holatga munosabatingiz qanday?

​- Bu holat faoliyatimda birinchi bor sodir bo'ldi. Nima bo'lgan taqdirda ham, qilgan ishim professional futbolchiga xos emas edi. Emociyaga berilib ketdim. Bu - bo'lar ish bo'ldi. Faoliyatimni boshlash arafasida oldimga qo'ygan ikkita maqsadim bor edi, afsuski, ular endi armon bo'lib qoldi. Birinchisi - Franchesko Totti kabi butun faoliyatimni bitta jamoada o'tkazish bo'lsa, ikkinchisi - Filipp Lam kabi faoliyatim davomida umuman qizil kartochka olmaslik edi. Lekin biz xohlagan narsalar har doim ham bo'lavermas ekan.

​Futbol muxlislar uchun o'ynaladi. Shu fursatdan foydalanib, ayrim muxlislarimizdan muhlislik madaniyatiga rioya qilishlarini ham so'rab qolgan bo'lardim.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia