Aleksandr Xomyakov: "Durang adolatli bo'ldi deb o'ylayman"

22 may 2026, 23:24
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Buxoro" - "Neftchi" (0:0) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bilmadim, durang bilan tabriklash kerakmi, yo'qmi? Chunki g'alaba qozonishni xohlagandik. Bugun Kubok doirasida amaldagi chempionga qarshi bahs olib bordik va juda qiyin o'yinni o'tkazdik. "Neftchi" - sifati yuqori jamoa, tarkibida yaxshi futbolchilar jam bo'lgan. O'z o'yinimizni ko'rsatishga harakat qildik, futbolchilarimiz harakatidan qoniqdim, faqat gol urish uchun ozgina omad kelmadi. Durang adolatli bo'ldi deb o'ylayman. O'ylashimcha, bizda faqat bitta yaqqol vaziyat bo'ldi, raqibda ham unchalik ko'p bo'lmadi. Maydonda asosan kurash kechdi.

- "Neftchi"ga qarshi aksar jamoalar yirik hisobda mag'lub bo'lyapti. Lekin bugun jamoangiz durang qayd eta oldi. Bunga sabab vodiy jamoalarini yaxshi bilganingizmi yoki tasodifmi?

- Men vodiy jamoalarini zo'r bilaman deb ayta olmayman, lekin buni tasodif ham demagan bo'lardim. Biz o'z o'yinimizni ko'rsatishga harakat qildik, e'tibor bergan bo'lsangiz, besh nafar himoyachi bilan o'ynadik. Tayanch yarim himoyamizda muammolar bor: Esanov terma jamoaga ketgan, Ro'ziev jarohatini davolash bilan band. Hozirgi mavjud tarkibdan kelib chiqib harakat qildik. Himoyada bexato o'yin ko'rsatdik deb o'ylayman. Faqat hujumda agressivlik yetishmadi.

- Futbolchilar uzoq masofadan zarba bermay qo'ydi. Bu nima bilan bog'liq? Oldin zarbalar ko'p bo'lardi.

-  Ko'p narsa raqibning o'yin uslubiga bog'liq. "Neftchi" yuqorida pressing tashkil etdi va bizga zarba yo'llash imkoni bermadi. Lekin men uzoqdan zarba bermanglar deb ko'rsatma bermayman, vaziyat bo'ldimi, futbolchi o'ziga ishondimi zarba berishi kerak. "Neftchi" adashmasam chempionatda uchta gol o'tkazdi, bu esa ularning himoyasi yaxshiligidan darak beradi.

- Superligada navbatdagi bahs ham "Neftchi" bilan bo'ladi. Raqibni o'rganib oldingizmi?

- Bu o'yingacha hali ancha vaqt bor. Shu bois hozir ha, o'rganib bo'ldik desam xato gapirgan bo'laman. Uchrashuvni tahlil qilamiz, raqibni ham o'rganib chiqamiz. "Neftchi"da bugun terma jamoaning besh nafar futbolchisi o'ynamadi va bu ham ahamiyatga molik. Albatta, O'zbekiston terma jamoasiga mundialda omad tilaymiz.

- Yozgi tanaffusda jamoada o'zgarish bo'ladimi? Qaysi chiziqqa o'yinchilar qidiryapsiz?

- Buning sirli joyi yo'q, kuchaytirishimiz kerak bo'lgan chiziqlar bor. Yaxshi futbolchilar bizga ham kerak. Transfer oynasi paytida bu borada ish olib boramiz.

- Dominik Begich jamoaga kech qo'shildi. Uning o'yini borasida qanday fikrdasiz?

- U uchinchi mavsumni biz bilan o'tkazyapti. Ikkinchi hujumchi darajasida yaxshi o'yin ko'rsatadi. Begich harakat qilyapti va unga etiroz yo'q. Uning golsiz seriyasi barham topishiga ishonaman.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia