Abbosbek Fayzullaev JCHdagi ishtiroki, debyut gol va jamoamizning bugungi mag'lubiyati haqida fikr bildirdi

28 iyun 2026, 09:50
O'zbekiston MTJ yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev JCHdagi ishtiroki, debyut gol va jamoamizning bugungi mag'lubiyati haqida fikr bildirdi.

– Assalomu alaykum, Abbos. Mana, biz uchun jahon chempionatidagi ishtirokimiz yakunlandi. Uchta o'yin... Taassurotlar qanday, nima bo'ldi, nima yetmadi deb o'ylaysiz? Qaysi joylarda xatoga yo'l qo'ydik?

– Baribir qiyin bunaqa mag'lubiyatga uchrash, chunki, menimcha, o'yinni yaxshi boshlagan edik. Keyin nima bo'lganini o'zim ham tushunmadim. Chunki bu biz xohlaydigan va biz o'ynaydigan futbol emas. Lekin baribir oxirigacha harakat qildik. Baribir xafamiz, chunki biz bu erga shunchaki o'ynash uchun kelmaganmiz-ku. Har qanday futbolchi maydonga tushganda shunchaki o'ynash uchun chiqmaydi, yutish uchun chiqadi. Ammo, to'g'risini aytaman, bugun gol urganimizdan keyingi o'yinimiz mag'lubiyatimizga sababchi bo'ldi. Chunki bunaqa o'ynashimiz kerak emas. Futbol o'ynash kerak – yutqazsak ham, yutsak ham. Futbol o'ynab zavqlanish kerak. Agar yutqazsak yoki yutsak, yaxshi futbol o'ynab yutish kerak.

– Shuni aytish mumkinmi, baribir mana shunday natijaga qaramay, uchta mag'lubiyat bo'lsa ham, baribir orzu ushaldi. Bu siz uchun qanchalik tarixiy voqea bo'ldi?

– Jahon chempionatida o'ynash orzusi ushaldi. Lekin, menimcha, bu etarli emas. Chunki men o'z nomimdan aytadigan bo'lsam, o'yinlarda g'alaba qozonishni xohlayman. Biz buni uddalay olmadik. Hozir juda charchaganman. Umid qilamanki, keyingi jahon chempionatiga chiqamiz va o'z g'alabalarimizni qo'lga kiritamiz.

– Sizningcha, yaxshiroq o'ynash mumkinmidi yoki bu bor imkoniyatmidi?

– Yo'q, bu oxirgi imkoniyat emas, bundan yaxshiroq o'ynash mumkin edi.

– Nima uchun bu maksimal daraja emas deb hisoblaysiz, bu fikringizni nima bilan asoslaysiz?

– Chunki men terma jamoamiz nimalarga qodirligini bilaman. Biz yaxshi futbol o'ynay olamiz. Ammo bu yerda bizga nimadir yetishmadi.

– Tajribami? Nima yetishmadi deb o'ylaysiz?

– Bir oz tajriba. Men buni izohlay olmayman. Hozir juda charchaganman.

– Mana endi, tabiiyki, hozir ko'rinib turibdi – "futbol o'ynash kerak" deyapsiz, terma jamoaning o'yinidan, umuman natijasidan... Xullas, xafa bo'ldingiz, asabiylashgan odam psixologiyasi bo'lyapti. Lekin shaxsan agar o'zingizning o'yiningizga qarasak, gol urdingiz, bugungi o'yinda ham ko'p pressing qildingiz. Umumiy olganda, o'zingizning o'yiningizdan qanchalik ko'nglingiz to'ldi yoki bu haqda hozir o'ylamayapsizmi, natija yomonligi uchun?

– Hozir o'zimning o'yinim haqida bilmadim. Tashqaridagi odamlar baho berishadi, lekin men oxirigacha harakat qildim, borimni berdim maydonda. Qanday o'ynaganimni murabbiylar va muxlislar baholashadi. Men borimni berdim.

– Birinchi o'yindagi o'sha golingiz... O'shanda nimalarni his qildingiz? Bu hozirgi vaqtda faoliyatingizning cho'qqisimi?

– Yo'q, bu gol urgandagi eng ajoyib tuyg'u. Men jahon chempionatidagi birinchi o'yinda gol urdim, albetta, bu orzularning ushalishi. O'sha lahzada goldan keyin nima sodir bo'lganini bilmayman, taxminan 5 daqiqa nima bo'layotganini, qayerda turganimni ham tushunmadim. Lekin baribir orzu ushaldi, gol urdim. Ammo baribir jamoa yutqazganda bu tuyg'uning ahamiyati yo'qolar ekan. Ha, so'nadi.

– SSKAdagi yigitlar yozishdimi? Sobiq jamoadoshlaringiz yozishdimi, kimlar yozdi?

– Ha, yigitlar yozishdi. Rosha, Kislyak, Glebov, Moyzes... Yana ko'pchilik yozdi.

– Nima deb yozishdi? Hammani "yirtib tashlanglar" deb tilak bildirishdimi?

– Tabriklashdi.

– Sog'indingizmi?

– Albatta.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia