"Mashaqqatli va qo'rqinchli" - Ronaldu ishtirokidagi o'yindan keyin hakamlar hayoti xavf ostida qoldi

15 okt 2026, 22:16
Elit Osiyo Chempionlar ligasi turniri doirasida "Al Nassr" va "Neftchi" o'rtasidagi uchrashuvni boshqargan xitoylik hakam Ma Ning Saudiya Arabistonidagi murakkab va xavotirli safar tafsilotlarini oshkor qildi.

Mintaqadagi keskinlik, aeroportdagi hodisa va xavfsizlik bilan bog'liq cheklovlarga qaramay, hakamlar brigadasi o'z vazifasini bajardi.

Xitoylik hakam Ma Ning chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistoniga qilgan safarini "mashaqqatli va qo'rqinchli" deb tarifladi. U boshchiligidagi olti nafar xitoylik rasmiy shaxsdan iborat hakamlar brigadasi Riyoddagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat va jiddiy transport muammolariga qaramay, Osiyo Chempionlar ligasi elit turniri uchrashuvini boshqarishga muvaffaq bo'ldi.

Ular 14 oktyabr, seshanba kuni Krishtianu Ronaldu to'p suradigan Saudiya Arabistonining "Al Nassr" klubi hamda O'zbekistonning "Neftchi" jamoasi o'rtasidagi bahsda ishlash uchun Riyodga borgan edi.

Safar boshidanoq muammolarga boy bo'ldi

Mintaqadagi vaziyat Riyod xalqaro aeroportiga qilingan hujumdan keyin yanada keskinlashgani sababli, hakamlar brigadasining safar rejasi bir necha bor o'zgardi.

Dastlab, Xitoydan uchgan samolyotning parvozi kechikdi. Keyin esa yerda yuz bergan hodisa tufayli samolyot Riyodga qo'na olmadi. Havo kemasi boshqa aeroportga yo'naltirildi, biroq u yerda ham samolyotlarni qabul qilish imkoni bo'lmagani sababli yo'nalish yana o'zgartirildi. Oxir-oqibat, samolyot uchinchi aeroportga qo'nishga majbur bo'ldi.

Erga qo'nishganidan keyin ham hakamlarni yangi qiyinchiliklar kutardi. Ular ikki guruhga bo'linib, avtomobil orqali safarni davom ettirishdi. Ayrim yo'nalishlarda yo'lda to'qqiz soatgacha vaqt o'tkazishga to'g'ri keldi. Shunga qaramay, brigada uchrashuv arafasida Riyodga yetib bordi.

Biroq muammolar o'yin kuni ham davom etdi.

DSC_9667.jpg

O'yin boshlanishiga 15 daqiqa qolganda favqulodda ogohlantirish keldi

Ma Ningning so'zlariga ko'ra, uchrashuv boshlanishiga atigi 15 daqiqa qolganida hakamlarning mobil telefonlariga favqulodda ogohlantirish kelib tushgan.

"O'yin boshlanishiga 15 daqiqa qolganida telefonlarimizga favqulodda ogohlantirish keldi. Shundan so'ng uchrashuv komissari xavfsizlik sabablari tufayli bahs kechiktirilishini ma'lum qildi.

Taxminan 45 daqiqadan keyin esa o'yinni o'tkazish mumkinligi haqida xabar oldik. Biz yana qizib olish mashqlarini bajardik va uchrashuvni boshladik", - dedi xitoylik hakam.

Shunday murakkab vaziyatda ham hakamlar brigadasi o'z ishini davom ettirdi. Ma Ningdan tashqari, brigada tarkibiga yordamchi hakamlar Chjou Fey va Lo Chjen, zaxira hakami Chjan Ley, VAR hakami Fu Min hamda AVAR vazifasini bajargan Du Czyansin kirgan.

Uchrashuv "Al Nassr"ning 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Krishtianu Ronaldu ham gol urishga muvaffaq bo'ldi. Ma Ning bahs davomida to'rtta sariq va bitta qizil kartochka ko'rsatdi.

Hushtakdan keyin ham xavfsizlik birinchi o'rinda edi

Uchrashuv tugagach, hakamlar brigadasi Riyodda qolmaslikka qaror qildi. Ular stadiondan to'g'ridan-to'g'ri avtomobil orqali qo'shni mamlakatdagi xalqaro aeroportga yo'l olishdi.

"O'yin tugagach, stadiondan avtomobilda to'g'ridan-to'g'ri qo'shni mamlakatdagi xalqaro aeroportga borishga qaror qildik. Etti soatlik yo'ldan so'ng aeroportga yetib bordik va Shanxayga muvaffaqiyatli qaytdik", - dedi Ma Ning.

Shu tariqa, hakamlar brigadasi bir necha bor o'zgargan parvozlar, uzoq avtomobil safarlari va xavfsizlik bilan bog'liq noaniqliklarga qaramay, belgilangan vazifani bajarib, Vatanga qaytishga muvaffaq bo'ldi.

"Bizda bu safardan voz kechish uchun asoslar bor edi"

Ma Ningning takidlashicha, hakamlar brigadasi safarga chiqishdan oldin ham, samolyot yo'nalishlari o'zgarganidan keyin ham uchrashuvni boshqarishdan bosh tortish uchun asoslarga ega edi. Biroq ular mas'uliyatni zimmalariga olib, belgilangan manzilga yetib borish va o'z vazifalarini bajarishga qaror qilishgan.

"Biz baribir o'yin o'tkaziladigan joyga borib, hakamlik vazifasini bajarishga qaror qildik. Belgilangan uchrashuvga tayinlangan ekanmiz, uni oxirigacha bajarish mas'uliyatini o'z zimmamizga olgan edik.

Shu bilan birga, butun dunyoga xitoylik hakamlar professional jihatdan etarli salohiyatga ega va ularga ishonish mumkinligini ko'rsatishni xohladik", - dedi u.

Ma Ning, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi Xitoy elchixonasi, Xitoy futbol assotsiatsiyasi, oilasi va uni qo'llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi. Uning aytishicha, elchixona xodimlari hakamlar Riyodga yetib kelgan paytdan boshlab, ular Xitoyga xavfsiz qaytguniga qadar doimiy aloqada bo'lib turishgan.

"Biz tinch zamonda yashamayapmiz, ammo tinch mamlakatda yashayapmiz"

Ma Ning safardan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashar ekan, tinchlikning qadriga yetish zarurligini ham ta'kidladi.

"Biz tinch zamonda yashamayapmiz, ammo tinch mamlakatda yashayapmiz. Shuning uchun bugungi yaxshi hayotimizni qadrlashimiz kerak. Shu bilan birga, biz uchun shunday yaxshi sharoitni yaratib bergan inqilobiy shahidlar xotirasiga hurmat bajo keltiramiz", - dedi xitoylik hakam.

Saudiya Arabistonida 2027 yilgi Osiyo Kubogi o'tkazilishi kerak

Mintaqadagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat faqat futbol hakamlari safarini emas, balki yirik xalqaro musobaqalarning kelajagini ham kun tartibiga olib chiqmoqda.

Saudiya Arabistoni 2027 yilda ilk bor Osiyo Kubogini qabul qilishi rejalashtirilgan. Bu mamlakat uchun 2034 yilgi Jahon chempionati oldidan muhim sinov bo'ladi.

Musobaqa 7 yanvar kuni boshlanishi belgilangan. Uchrashuvlar uchta shahar - Riyod, Jidda va Al-Xubarning sakkizta stadionida o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Salmon bin Ibrohim Al Xalifa musobaqani kechiktirish yoki belgilangan muddatda o'tkazish masalasida shoshilinch qaror qabul qilish niyatida emasligini bildirdi.

"Qaror qabul qilish uchun noyabr oyining oxirigacha kutishimiz mumkin. Mintaqadagi vaziyat juda tez o'zgarishi mumkin - yaxshilanishi ham, yomonlashishi ham ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun keyingi voqealar qanday rivojlanishini kuzatishimiz kerak.

Agar qaror qabul qilish zarurati tug'ilsa, buni amalga oshiramiz. Kerak bo'lsa, musobaqani bir yilga surib, 2028 yilda o'tkazishimiz ham mumkin. Ammo hozircha vaziyatni diqqat bilan kuzatyapmiz va barcha ishlar reja bo'yicha ketmoqda", - dedi konfederatsiya rahbari.

Shunday qilib, "Al Nassr" - "Neftchi" uchrashuvi nafaqat maydondagi natija, balki uni boshqargan hakamlar brigadasining favqulodda vaziyatda ko'rsatgan matonati bilan ham yodda qoldi. Ma Ning va uning hamkasblari xavfsizlik bilan bog'liq jiddiy qiyinchiliklarga qaramay, o'z kasbiy majburiyatlarini bajarishdi va uzoq safardan so'ng Xitoyga qaytishdi.

O'xshash yangiliklar


Manba: scmp.com