Onamga bergan vadamni bajardim" - "Neftchi" bilan Qirg'iziston kubogini qo'lga kiritgan Aziz Qoshibxonov bilan intervyu

Iskandarov Abdulaziz
30 okt 2026, 13:20
Yaqinda Qirg'iziston kubogining final uchrashuvida "Neftchi" (Qo'chqor-Ota) jamoasi g'alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqdi.

Jamoaning ushbu muvaffaqiyatida o'zbekistonlik legioner Aziz Qoshibxonovning xizmati katta bo'ldi. Finalning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan hamyurtimiz bilan musobaqadagi g'alaba, murakkab ruhiy kechinmalar, bosh murabbiy bilan munosabatlar va kelajakdagi rejalar haqida suhbatlashdik.

​- Aziz, avvalambor, "Neftchi" (Qo'chqor-ota) tarkibida Qirg'iziston kubogi sohibi bo'lganingiz bilan tabriklaymiz! G'alaba va final uchrashuvi haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

​- Katta rahmat! Xudoga shukur, taassurotlar a'lo darajada. Men 2024 yili ilk bor Qirg'iziston kubogi sohibi bo'lgandim. Birinchi marta kubokni qo'lga kiritganimda rahmatli onam hayot edilar. O'shanda juda ham xursand bo'lib, yig'lagandilar. Ko'p o'tmay og'ir xastalanib qoldilar. O'shanda onamga: "onajon, kubokni ikkinchi marta ham albatta yutaman", deb vada bergandim. Mana, kubokni yana yutdim, lekin buni ko'rish onamga nasib qilmadi... Onamning ruhlari shod bo'lib, bundan xursand bo'ldilar, degan umiddaman.

​- "Neftchi"ning bu muvaffaqiyatiga asosiy omil deb nimani ko'rasiz? Jamoada bosim va hayajon sezildimi?

​- Menimcha, bu yerda ko'proq ahil jamoaviy muhit katta rol o'ynadi. To'g'risi, aslida "Muras Yunayted" futbolchisiman, "Neftchi"ga yarim yilga ijara asosida o'tgandim. Men uchun ushbu finalda g'alaba qozonish, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilish va kubokni boshim ustida ko'tarish juda muhim edi. ​Maqsadimiz juda jiddiy edi. Mas'uliyat yuqori bo'lsa-da, bosim yoki hayajon umuman bo'lmadi. Chunki bungacha 5-6 marotaba kubok o'yinlarida maydonga tushib, katta tajriba orttirganman. Juda xursandman, "Neftchi"ga bekorga kelmaganimni isbotlay oldim.

photo_2026-10-30_13-04-27.jpg

​- Jamoaga kelishingiz va bosh murabbiy Dmitriy An bilan chiqishib ketishingiz oson kechmagani haqida gap-so'zlar bor. Bu haqiqatga qanchalik yaqin?

​- Yashirmayman, to'g'risini aytaman: "Neftchi"ga kelishimni hamma ham xursandchilik bilan kutib olgani yo'q. Boshida bosh murabbiy Dmitriy An bilan til topishishimiz biroz qiyin kechdi. Chunki meni jamoaga klub rahbariyati taklif qilgandi, murabbiylar shtabi esa bu transferni unchalik xohlashmagandi. ​Boshida juda qiynaldim. Lekin o'z o'yinim va mehnatim bilan asosiy tarkibda maydonga tushishga munosib ekanimni isbotladim. Yarim finalda ham, finalda ham o'z so'zimni aytdim. O'ylaymanki, ushbu o'yinlardan so'ng Dmitriy An bilan munosabatlarimiz ijobiy tomonga o'zgardi.

​- Faoliyatingizda mashhur mutaxassis Andrey Kanchelskis bilan ham birga ishlagansiz. Ushbu murabbiy sizga nima bera oldi?

​- Ha, 2024 yili Andrey Kanchelskis bilan birga ishlash nasib etdi. U inson haqida faqat va faqat yaxshi fikrlarni ayta olaman. Angliya chempioni bo'lganiga qaramay, juda oddiy va samimiy inson. ​Undan juda ko'p narsani o'rgandim, bemalol "Yevropa futbolida o'ynashni o'rgandim" desam ham bo'ladi. Eng asosiysi, yanada ko'proq mehnat qilish va sabrli bo'lishni o'rgatdi. Shunday muvaffaqiyatlarga erishishimda ushbu insonning ham hissasi bor, unga katta rahmat aytaman.

photo_2026-10-30_13-04-25.jpg

​- Mavsum yakunlanib bormoqda. Kelajagingiz bo'yicha bir qarorga keldingizmi? Keyingi faoliyatingizni qayerda davom ettirasiz?

​- Mavsum tugashiga yana 2 ta o'yin qoldi. Hozircha rasman "Muras Yunayted" futbolchisiman. Lekin aytishim mumkinki, hozirdanoq boshqa klublardan takliflar tushmoqda. Qirg'izistonning o'zidan ham, O'zbekistondan ham chorlovlar bor. ​Mavsum to'liq tugagach, barcha takliflarni ko'rib, o'ylab chiqib, otam bilan maslahatlashgan holda bir qarorga kelamiz. Chunki mening agentim - otamning o'zlari. Shu sababli hozircha bir narsa deb aniq ayta olmayman.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia