Zo'ravonlik ayblovi va jarohatlar bilan kurashgan hamda O'zbekistonga qarshi o'ynagan "Neftchi"ning yangi legioneri bilan tanishamiz

Оқил Абдубарноев
10 sen 2026, 11:00
"Neftchi"ning braziliyalik markaziy himoyachisi Mishel Augusto Modesto Rafael dush Santushning hayoti va futbolchilik faoliyati chinakam dramani eslatadi.

Mishelning futboldagi yo'li San-Paulu shtatidagi Avare shaharchasidagi "Internasional" mahalliy futbol maktabida boshlangan bo'lib, dastlab u markaziy hujumchi poziciyasida harakat qilgan va muntazam gollar urib yurgan. Biroq uning gavda tuzilishi va bo'yini ko'rgan mutaxassislar unga himoyachi ampluasiga o'tishni maslahat berishgan. Shundan so'ng u Paranadagi "PSTC" jamoasi ko'rigiga aynan himoyachi sifatida borib, Fisher ismli mutaxassisning e'tiboriga tushgan va 2019 yilda "Palmeyras" tizimiga qabul qilingan.

6847da02-8f3c-4bb8-80ff-11aca20ace0c.png

"Palmeyras" akademiyasida Mishel tezkorligi, texnik harakatlari hamda 1,88 metr bo'yi sababli "ikkinchi qavatdagi" havolatib uzatilgan to'plar uchun kurashlardagi kuchli o'yini bilan tezda ajralib turdi. Uning kundalik hayotdagi asosiy qoidasi "maydondan tashqarida – do'stlik, maydon ichida esa – mehnat va jiddiylik" edi. O'zining kumiri sifatida "Palmeyras" afsonasi Felipe Meloni ko'rgan bu yigitning tinimsiz mehnatlari 2021 yilning 9 may kuni o'z mevasini berdi. U 17 yoshida Paulista ligasi doirasida "Ponte Preta"ga qarshi kechgan bahsda (3:0) asosiy tarkibda maydonga tushib, to'liq 90 daqiqa harakat qildi va professional debyutini nishonladi. Debyut o'yinining o'zidayoq u uchta to'pni uzoqlashtirish, ikkitasini olib qo'yish va uzatmalarda 91% aniqlik qayd etib, hech bir raqibga o'zini aldab o'tishga yo'l qo'ymadi. Ushbu voqeadan so'ng his-tuyg'ulari bilan o'rtoqlasharkan, Mishel shunday degan edi:

"Juda baxtiyorman. Xudoga shukur, Palmeyrasdek shonli tarixga ega buyuk klubning asosiy jamoasida debyut qilish orzuim ushaldi".

photo_2026-09-09_12-40-34.jpg

Yoshlar tizimida San-Paulu o'smirlar kubogi, U-20 va U-17 Braziliya chempionatlari hamda kuboklarida ko'plab zafarlarni quchgan himoyachi Braziliya terma jamoalarining ham diqqat markazida bo'ldi. 2023 yilning 22 aprelida u Braziliya U-20 terma jamoasi safida Ispaniyada o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvida O'zbekiston yoshlariga qarshi maydonga tushdi va jamoasining 4:1 hisobidagi irodali g'alabasiga o'z hissasini qo'shdi. Xuddi shu yili Mishel terma jamoasi bilan Pan-Amerika o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritdi.

photo_2026-09-09_17-04-03.jpg

Uning mashhurligi hatto virtual olamga ham ko'chib, geymerlar "EA FC 24" o'yinining "Career Mode" va "Pro Clubs" rejimlari uchun futbolchining qiyofasini yaratish bo'yicha maxsus videoqo'llanmalar ishlab chiqishdi.

Ammo uning karerasi jiddiy sinovlar va yo'qotishlar bilan ham kechdi. Mushaklaridagi jarohatlar unga eng muhim pallalarda pand berdi: 2023 yilning yanvarida chap oyoq sonidagi mushak yirtilishi sababli U-20 Janubiy Amerika Kubogidan quruq qolgan bo'lsa, 2024 yilning fevralida Olimpiya saralash turnirida ikkita o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushgach, o'ng oyoq sonidagi jarohat tufayli terma jamoadan chetda qoldi.

photo_2026-09-09_14-39-01.jpg

Maydon tashqarisidagi hayoti esa yanada ziddiyatli voqealarga boy bo'ldi. 2022 yilning avgustida uning olti oylik homilador bo'lgan sobiq qaylig'i, 23 yoshli tibbiyot talabasi Ariatine Menise futbolchini maishiy zo'ravonlikda aybladi. Qizning takidlashicha, Mishel homiladorlikni qabul qila olmay shafqatsizlashib qolgan va may oyidan beri uni besh marta kaltaklagan. Mishelning advokati Velton Roberto bu ayblovlarni keskin inkor etib, qizning o'zi futbolchining kvartirasini vayron qilganini hamda bu harakatlar moliyaviy manfaat ko'rish maqsadida qilingan shantaj ekanligini ta'kidladi. Har ikki tomon bir-biriga yaqinlashmaslik to'g'risida sud orderini talab qildi va bu mojaro sababli "Palmeyras" rahbariyati vaziyatga oydinlik kiritilmaguncha Mishelni vaqtinchalik o'yinlardan chetlashtirdi. O'zining Instagram sahifasida sportchi bu ayblovlarni rad etib, shunday yozgan edi:

"Men buni to'g'ri qabul qilganman va unga hamda qizimga imkon qadar eng yaxshi munosabatda bo'laman. Otalik mas'uliyatidan qochmayman".

Yevropa futboliga yo'l olish orzusi Portugaliyadan avvalroq, 2023 yilning avgust oyidayoq amalga oshishi mumkin edi. O'shanda Mishel Gretsiyaning "Aris" klubi safiga ijara asosida borib qo'shilishga juda yaqin kelgandi. Biroq tomonlar o'rtasidagi ijara kelishuvi oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka uchradi va futbolchi karerasini yana Braziliyada davom ettirishga majbur bo'ldi. Sababi, u "Palmeyras" U20 bilan "Flamengo"ga qarshi Braziliya chempionati finalini o'ynashni xohlagan. Grek klubi transfer oynasi yopilishi yaqinlashgani uchun kutmadi va kelishuv buzildi.

Ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish maqsadida Mishel 2025 yilning 31 yanvarida Portugaliyaning "Moreyrense" klubiga bir yarim yillik ijara shartnomasi asosida o'tdi. Dastlabki moslashish davri qiyin kechgan bo'lsa-da, chempionatning ikkinchi yarmida u muntazam ravishda maydonga tusha boshladi va "Eshtoril" hamda "Avesh" klublariga qarshi o'yinlarda ishonchli harakat qilib, 2025/2026 yilgi mavsum kashfiyotlaridan biri bo'lishi kutilayotgan edi.

photo_2026-09-10_10-37-29.jpg

Biroq 2026 yilning aprel oyiga kelib vaziyat kutilmagan tus oldi. "Moreyrense" jamoasi futbolchining mashg'ulotlarni uzrli sabablarsiz qoldirganini vaj qilib, u bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish jarayonini boshladi va markaziy himoyachi bosh murabbiy Vasko Botelo da Koshtaning tarkibidan chetlatildi. Mishelning himoyachilari esa buning sababi sifatida futbolchi Portugaliyada ksenofobiya va manaviy tazyiqlar qurboniga aylanganini, shuning uchun mashg'ulotlarga bora olmaganini iddao qilishdi. Portugal klubi bu ayblovlarni keskin rad etdi.

photo_2026-09-09_12-50-21.jpg

Garchi 2024 yilning iyulida "Palmeyras" bilan shartnomasini 2028 yilning dekabriga qadar uzaytirib, klubini o'zining "ikkinchi uyi" deb atagan bo'lsa-da, Portugaliyadagi voqealardan so'ng Braziliyaga qaytgan himoyachi bilan "Palmeyras" ham 2026 yilning iyun oyida shartnomani bekor qildi. Mishel shartnomasi yakuniga qadar belgilangan mablag'ni to'liq olishni talab qilib klubning bu qarorini rad etishga uringan bo'lsa-da, "Palmeyras" uni allaqachon jamoaning bir qismi emas deb hisoblardi. Mana shunday keskin burilishlar, ulkan umidlar va kutilmagan zarbalardan so'ng, braziliyalik himoyachi o'z faoliyatini qayta tiklash uchun "Neftchi" safida yangi imkoniyatga ega bo'ldi.

Qadrlanmagan sadoqat: "Neftchi"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz

Buffon va Donnaruma darvozalariga gol urgan hamda O'zbekistonga qarshi o'ynagan "Neftchi"ning yangi legioneri bilan tanishamiz

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia