Hakamlar markaziga so'nggi murojaat yoxud "Dinamo" klubi PFL va MTRKdan xizmat tekshiruvi o'tkazishni so'raydi

Narzulla Saydullayev
18 sen 2026, 15:04
“Dinamo” ishtirokidagi o'yinlarda hakamlik bo'yicha hali avvalgi bahsli vaziyatlarga javob topilmay, hattoki FIFA hakamlari futbolchilarimizga nisbatan yaqqol qo'pollikni ko'ra turib, ko'rmaslikka olishmoqda.

Siz ko'rayotgan bu qo'pollik kuni kecha o'tgan “Navbahor” – “Dinamo” (3:2) o'yinida ro'y berdi va bu vaziyat takrori negadir translyatsiyada batafsil efirga uzatilmadi. Namangandagi o'yinni boshqargan hakam Doston Rahmonov ko'z o'ngidagi yaqqol qo'pollikni ko'rmadi yoki ko'rishni istamadi. VAR hakami sifatida ishlagan, mundialda ishtirok etib qaytgan Ilgiz Tantashev ham o'yin qoidasi yaqqol buzilgan vaziyatni ko'ra turib, ko'rmaslikka oldi. Aks holda u bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirib, “Navbahor” o'yinchisi maydondan chetlatilardi.
 
“Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvining 30-daqiqasida, Samarqand jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotganda hakamlar futbol va uning qoidalariga yana xiyonat qilishdi.
 
Namanganliklar legioneri Benjamin Teydi dastlab Azizbek Amonovni qo'pollik bilan yiqitdi, bosh hakam indamagach esa, ochiqchasiga hujumchimiz oyog'ining himoyalanmagan qismini bosdi. Zamonaviy futbolda VARda vaziyatni takror ko'rib, chetlatish muqarrar bo'lganda afrikalik futbolchi nega bu jirkanch harakatni amalga oshirdi?
 
Aytaylik, “Dinamo”ning “Surxon”ga qarshi o'yinida oddiy vaziyatdagi ehtiyotsizlik uchun jamoamiz a'zosi Amadu Dumbuya maydondan chetlatilib, 3 o'yinga diskvalifikaciya va 10 mln so'm jarimaga tortildi. Teydining ataylab qilgan zo'ravonligi esa hattoki sariq kartochkaga ham loyiq ko'rilmadi. O'zbek futbolidagi bu ikki yuzlamachilikka qachon barham beriladi?
 
O'tgan mavsum aynan Tantashev janoblari Jizzaxda 90+12-daqiqada “Dinamo” darvozasiga penalti o'ylab topgan va “So'g'diyona” bilan bahsda g'alaba qo'ldan chiqarilgandi. Jamoamiz shikoyatidan keyin Ilgiz Tantashevning qo'pol xatosi tan olingan va uzr so'ralgan bo'lsa-da, yakunda o'sha qimmatli 2 ochko “Dinamo”ni OCHL yo'llanmasidan mahrum qildi. Oradan bir yil o'tib – 25 avgust kuni Samarqandda “Dinamo” – “Paxtakor” bahsini boshqargan Tantashev bu safar Firdavs Abdurahmonovning golini inobatga olmadi. Mashhur hakamimizning “Dinamo”ga nisbatan qanday adovati borki, har o'yinda bu nohaqlik davom etaversa?
 
Uzoqqa bormaymiz, ikki tur avval Qo'qondagi shudgor maydonda o'tgan bahsda VAR hakami Jasur Muxtorov yaqqol penalti beriladigan vaziyatda bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirmadi. “Dinamo”ning har qancha videofaktlariga qaramay, Mamur Saidqosimov rahbarligidagi O'zbekiston Hakamlar markazi loaqal munosabat bildirishni ham o'ziga ep ko'rmadi. O'zini hurmat qilgan tashkilot o'z shaniga nisbatan tanqidlarni shunchaki oson hazm qilolmasdi. Bu tashkilot qachongacha adolatsizlikni ko'ra turib jim turmoqchi?
 
“Dinamo” futbol klubi navbatdagi va ehtimol, so'nggi marta O'zbekiston Hakamlar markaziga yuzlanib, “Navbahor” bilan o'yindagi yaqqol qo'pollik bo'yicha ekspert hakamlarning rasmiy xulosasini so'raydi. Hakamlar Doston Rahmonov va Ilgiz Tantashevni Namanganda Teydiga qizil kartochka ko'rsatishga nima yoki kim to'sqinlik qildi? Ochiq javob berish vaqti kelmadimi, janoblar?
 
Afsuski, hakamlar “ichkarida” vaziyatni xaspo'shlashga urinayotgan bir paytda, ushbu epizodning TV-translyatsiya paytida nega ommaga batafsil, takroran ko'rsatilmagani ham “Dinamo” PFKda savollar va turli shubhalarni paydo qilmoqda.
 
“Dinamo” PFK o'yinlarni ochiq, vaziyatlarni shaffof yoritishga mas'ul bo'lgan O'zPFL va MTRKdan bu borada xizmat tekshiruvi o'tkazishni so'raydi. Har holda PFL tomonidan vodiydagi o'yinlar uchun sotib olingan ko'chma televizion stanciya vodiy klublari manfaatiga xizmat qilishi emas, aynan mana shunday vaziyatlarni xolis baholab, adolatli qaror chiqarish uchun xizmat qilmog'i kerak.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Динамо" матбуот хизмати