

- O'yin haqida fikringiz?
- Birinchi navbatda jamoamizni va muxlislarimizni g'alaba bilan tabriklayman. Har bir g'alabada muxlislarning xizmati katta, shu bois alohida minnatdorchilik bildiraman. O'yinga keladigan bo'lsak, qiyin bahsni o'tkazdik. Xatolar bo'ldi, keraksiz joyda to'p o'tkazib yubordik. Ammo tezda o'zimizga kelib g'alabani qo'lga kiritdik. Endi kichik tatilga chiqamiz va shundan so'ng yana tayyorgarlikni davom ettiramiz.
- O'tkazib yuborilgan gollarda darvozabon xatosi bormi?
- O'yin payti xatolar bo'lib turadi. Lekin imkon qadar xatoga yo'l qo'ymaslik kerak. Maydondagi o'yinchilar ham xato qiladi. Bugun O'tkir yaxshiroq harakat qilsa bo'lardi. Barcha gollar birinchi bo'limda kiritildi. O'ylashimcha, ikkinchi taym ham qiziq kechdi. Ayniqsa Husayn Norchaev hal qilishi kerak edi.
- Ikkinchi darvozabon Shukuron Yo'ldoshevga imkon bersa bo'ladimi?
- Bo'ladi. Ko'ryapsiz, har bir uchrashuv biz uchun finalga teng bo'lyapti, har bir o'yin qiyin o'tyapti. Anchadan beri turmagan darvozabonni hozir sinab ko'rish nima berishini bilmaymiz. Lekin Shukuronning vaqti keladi. Biz uchun har bir o'yinchimiz foydali.

- “Navbahor” turnir jadvaliga yuqoriga ko'tarilib oldi va Kubokda keyingi bosqichga chiqdi. Buyog'iga maqsadlar qanday bo'ladi?
- Vaziyatga real qaraymiz. Buni rahbarlarimiz ham tushunib turibdi. Baribir har bir o'yinga g'alabani ko'zlab chiqamiz. Yutqazishni hech kim yoqtirmaydi. Hammasi nasibaga bog'liq. Asosiysi o'z ochkolarimizni yo'qotmasligimiz kerak.
- Joel Kojo zaxirada qolib ketyapti. Bu nima bilan bog'liq?
- Kojo kelganidan so'ng jarohatdan sog'ayib endi qaytdi. U tiklanish jarayonini boshdan kechirdi va sekin-asta imkoniyatga ega bo'lyapti. O'tgan o'yinda va undan oldingi bahsda maydonga tushdi. Bizda variantlar bor. Norchaev bor, boshqasi bor. Kim tayyor bo'lsa shu asosiy tarkibda tushadi. Aslini olganda bizda asosiy tarkib degan narsa yo'q. Har bir futbolchi o'zini asosiy tarkib o'yinchisi deb bilishini xohlayman. Bugun Shohruh ikkita gol urdi. Jamoamizdagi hamma jamoa uchun borini berishga tayyor.
- Shohruh Abdurahmonovni hujumga qo'yishingiz sababi nimada?
- Husayn Norchaevning belida og'riq bo'lgani uchun Shohruhni hujumda sinab ko'rdik. U oldin ham Kubok uchrashuvida hujumda harakat qilgandi. O'zini yaxshi his qilyapti. Menimcha, bugungi o'yindagi harakatlari ko'p hujumchilarga o'rnak bo'lsa kerak. Men uchun asosiysi kimning qanchalik tayyor ekanligi.
- Chempionlik yaqin deb his qilyapsizmi? Chunki jahon chempionatidan keyin "Neftchi" ham, "Paxtakor" ham bir nechta ochkolarni boy berdi.
- Real olib qarasak, "Neftchiy va "Paxtakor"ning tarkibi ancha kuchli. Ular yana ochko yo'qotadimi, bilmayman. Biz esa o'z o'yinimizni o'ylashimiz kerak.
- O'zbekiston Kubogi qur'asiga munosabatingiz?
- Chorak finalda Proliga jamoasi "G'azalkent" bilan o'ynaymiz. G'azalkent yaxshi yosh jamoa, shiddatli o'yin ko'rsatyapti. Jamoa Proligada qatnashayotgani bilan professional klublardan biri deya olaman. Mashg'ulotlar jarayoni, tiklanish, ovqatlanish, tibbiyot - har tomonlama yaxshi. Biz har bir o'yinga va raqibga jiddiy qaraymiz.
- Negadir futbolchi almashtirishni kech 80-daqiqadan keyin amalga oshiryapsiz?
- Futbolchi almashtirishdan maqsad o'yinni kuchaytirish. Agar maydondagilar yaxshi harakat qilib turgan bo'lsa, almashtirishdan foyda yo'q deb o'ylayman. Zaxiradan tushgan o'yinchi doim ham bahsga kirishib keta olmaydi. Buniyam inobatga olish kerak.
- Muhammadali Usmonov ikkita o'yindan beri maydonga tushmayapti. Buning sababi nimada?
- O'tgan o'yin tushdi. "Lokomotiv"ga qarshi boshlang'ich tarkibda tushgandi va ko'p xatolar qildi. Uning yaxshi darajadagi futbolchi ekanini bilamiz. Faqat ozgina pasayish ketdi.



