So’nggi yangiliklar

07:25ОЧЛ-2. "Насаф" жамоаси сафарда "Шабаб Ал-Аҳли" клубига мағлуб бўлди. Азмун уч дақиқа ичида иккита гол урди.  0 03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  27 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8

"Olimpik" boshqalardan futbolchi tortib oladigan jamoa emas" - Timur Kapadze bilan katta intervyu Yangiliklar

"Olimpik" boshqalardan futbolchi tortib oladigan jamoa emas" - Timur Kapadze bilan katta intervyu

Yosh murabbiylardan biri Timur Kapadze saytimiz mehmoni bo'ldi.

Bu yil Proligada yangi klub ishtirok etadi. Bu jamoaning nomi "Olimpik". Olimpiada-2024 yo'lida barpo etilgan jamoaga yaxshi niyat bilan shu nom berildi va bosh murabbiy etib Timur Kapadze tayinlandi. 

"Olimpik" tuzilganidan beri bu jamoa nima sababdan tuzildi, jamoaning kelajagi bormi, nima uchun boshqalardan futbolchi tortib olyapti kabi savollarni berayotganlar yo'q emas. Timur Toxirovich saytimizga intervyu berar ekan, "Olimpik" haqidagi savollarga bafurja javob qaytarishga harakat qildi, shuningdek o'zbek futboli borasidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.


- Timur aka, tashrif buyurganingizdan mamnunmiz. Oxirgi paytlarda ko'pchilikning og'zidan "Olimpik" jamoasi tushmay qoldi. Dastavval siz murabbiylik qilayotgan klub haqida malumot berib o'tsangiz?

- O'z navbatida men ham sayt ofisiga kelganimdan xursandman. Endi "Olimpik" jamoasi haqida gapiradigan bo'lsak, klubni tuzish taklifi O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasidan chiqdi. Bitta jamoa tuzib shu erda o'ynaydigan bolalarni Olimpiya musobaqasiga tayyorlab borsak qanday bo'larkin degan fikr ilgari surildi. Men esa murabbiy sifatida bu taklifga ijobiy qarab, ko'p foydali tomonlari borligini ko'rdim.

Superliga klublarining asosiy tarkibida to'p tepayotgan yoki asosiy jamoa mashg'ulotlariga jalb qilinayotgan futbolchilarga tegmaymiz, chunki ularda shundoq ham sharoit yaxshi dedim. Lekin shunday futbolchilar borki, ularning ko'pi asosiy jamoaga jalb qilinmay kelmoqda, bazilari o'rinbosarlarda o'ynayapti, boshqalari hatto o'rinbosarlarga chaqirilmaydi. Mana shunday futbolchilardan jamoa tuzamiz degan fikrni ilgari surdim.

"Olimpik" klubini tuzish borasida o'tgan yildan beri gapirib kelingan bo'lsa, futbolchilarni tanlab olishda shoshmadik. Negaki boshqa klublardagi o'yinchilarni kuzatish kerak edi: ular asosiy jamoaga jalb qilinadimi yoki yo'q, shuning uchun 10 fevralga qadar ishga kirishmay turdik. SHundan so'ng tarkibni yig'ishni boshladik. Bu orada 16-17 nafar Olimpiya termamizga mos keladigan futbolchi o'z klublarining asosiy tarkibiga chaqirildi va biz bu futbolchilarga ham tegmadik.

Milliy Olimpiya qo'mitasi har tomonlama jamoaga etibor qaratyapti, sharoitlar borgan sari yaxshilanyapti va tez orada yanada yaxshiroq sharoitga ega bo'lamiz. Superliga klublarining aksar o'rinbosarlar jamoasida yoshlarga etibor yaxshi emas. Qaysi tomonlama? Masalan, mashg'ulot maydoni, ovqatlanish, mashg'ulotning doim bir tekisda olib borilishi hamda ulardan nima talab qilinishi. Biz esa maqsadli jamoa tuzishga harakat qilyapmiz.

To'g'ri, asosiy maqsad baribir 2024 yilgi Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritish hisoblanadi, lekin Proligada ham o'zimizni ko'rsatishni xohlaymiz. SHunchaki qatnashish fikridan yiroqmiz. Bo'lajak olimpiyachilarga hozirdan poydevorni mustahkam qo'yish harakatidamiz. Buning uchun faqat mashg'ulot o'tkazish bilan o'yinlarda maydonga tushishning o'zi kamlik qiladi.

Futbolchilarga o'z navbatida nazariy bilimlar berish va hatto to'g'ri ovqatlanish uchun ham sharoit kerak. Buning uchun biz alohida nutriciolog yolladik. Yani, nutriciolog futbolchining to'g'ri ovqatlanishi, kaloriyaga boy mahsulotlardan istemol qilishini nazorat qilib boradi. Sportda dietolog atamasi ko'p qo'llaniladi. Dietolog asosan ozish uchun yordam beradi, nutriciolog esa sportchining vitaminlarga to'yinishini taminlaydi. SHu bois xorijdagi ko'p klublarda nutriciologlar ish olib boryapti. 


- 8 fevral kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabini tark etganingiz haqida xabar chiqdi. Nima sababdan shunday bo'ldi? 

- Men aslida O'zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi edim va mart oyidagi U-19 Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko'rayotgandik. Biz yig'inlar o'tkazishni va musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko'rishni maqsad qilgandik. Milliy terma jamoa asosan FIFA kunlarida yig'ilsa, yoshlar jamoamizdagi rejalar birmuncha boshqa bo'ladi. 

U-19 Osiyo chempionati o'tkazilmaydigan bo'lgach, "Olimpik" jamoasi tuziladigan bo'ldi. FIFA kunlarida men bosh jamoada bo'lishdan ko'ra, yoshlarni yig'ishni maqul ko'rgandim. "Olimpik" tuzilishi hal bo'lgach, bo'sh vaqtim judayam kam bo'lishi malum bo'ldi. CHunki o'zingiz yaxshi bilasiz, ko'pincha Superliga va Proliga taqvimi umuman boshqa-boshqa ko'rinishda bo'ladi. Masalan, FIFA kunlarida Superligada tanaffus yuzaga kelsa, Proligada tur o'yinlari davom etadi. SHu bois bor etiborni "Olimpik"ka qaratishni maqul ko'rdim. 


- SHu o'rinda siz bilan "Olimpik"da ishlab kelayotgan murabbiylar shtabi haqida malumot bersangiz? 

- U-19 terma jamoasida birga ishlagan murabbiylarni jalb qildim. CHunki klubda ham termadagi kabi tizimda ish olib boryapmiz. Faqat Denis Korostichenko "Lokomotiv"da qoldi. Qolganlar men bilan "Olimpik"ka o'tishdi. Korostichenko o'rniga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiylikka Artyom degan yosh yigitni "Paxtakor" akademiyasidan taklif etdik.

"Bunyodkor"da 2002 yil tug'ilgan bolalar bilan ishlagan Sergey CHigodaev ham shtabimizda menga yaqindan ko'mak berib kelmoqda. Darvozabonlar bilan Timur G'aniev ishlayapti. "Paxtakor" o'rinbosarlarida ishlagan Rustam Qurbonboev selekcioner sifatida ish olib boryapti. Bundan tashqari, nutriciolog, shifokor, massajchi va ilmiy guruhimiz bor.


- Proliga uchun nechta futbolchini ro'yxatdan o'tkazmoqchisiz? 

- Reglamentga ko'ra, 25 nafar futbolchini ro'yxatdan o'tkazishimiz mumkin. Bizning jamoada 23 futbolchi va ikki nafar darvozabon bo'lishi ko'zda tutilgan. Menda ko'p mashg'ulotlar xuddi o'yindek o'tadi. Ertalab futbolchilar bilan individual, kechki payt esa taktika ustida ishlayapmiz.


- Aytish mumkinki, qo'l ostingizdagi futbolchilar yana uch yildan so'ng bo'lajak olimpiyachilarga aylanadi. 

- Xuddi shunday. U-19 Osiyo chempionati o'tkazilmaydigan bo'lgach, jamoa shunchaki tarqab ketmasligi uchun ham "Olimpik" klubi tuzildi. CHunki 2004 yil Parijda bo'ladigan Olimpiya o'yinlarida 2001 va undan kichiklar o'ynaydi. SHu bois ham mana shu yoshdagi futbolchilarni tarkibga yig'yapmiz.


- Bir savol tug'iladi: "Olimpik" aynan Olimpiada-2024 uchun tashkil qilingan loyiha deb hisoblasak, uch yildan so'ng bu jamoaning taqdiri nima bo'ladi? Yoki loyiha tugatiladimi?

- Jamoani tuzishdan maqsad - futbolchilarni Olimpiya o'yinlariga tayyorlab borish ekanini aytib o'tdim. Qancha ko'p yaxshi futbolchiga ega bo'lsak, Olimpiadaga borish imkoniyatimiz shuncha oshadi. Bir narsani unutmaylik, "Olimpik" tuzilgani bilan O'zbekiston U-20 jamoasi alohida yig'ilib yig'in o'tkazaveradi. Xalqaro turnirlar chiqib qolishi mumkin va O'FA ruxsat bersa qatnashib kelamiz.


- Navbatdagi Olimpiada 2024 yil bo'lib o'tishini hisobga olsak va siz boshqarayotgan jamoa hozirdan musobaqaga chiqish yo'lida harakat qilayotgan ekan, demak ushbu terma jamoa bosh murabbiyi siz bo'lasiz. 

- Ha, ish shunga qarab ketyapti. Lekin klubdagi va terma jamoadagi ish to'xtab qolmaydi. Albatta, savollar tug'ilishi tabiiy: "Olimpik" jamoasining keyingi taqdiri nima bo'ladi? CHiqsak nima bo'ladi, chiqmasak nima bo'ladi? Mening niyatim bo'lajak olimpiya terma jamoamiz bilan Olimpiada o'yinlariga borish. Va u erga borgandan keyin natija ko'rsatib qaytish. Bir narsani hisobga oling, hozir "Olimpik" tarkibida shug'ullanayotgan futbolchilar aslo ko'chada qolib ketmaydi. Vazifa bajarilsa-bajarilmasa ular yaxshi inson va futbolchi bo'lib etishadi. Va men ishonamanki, bu jamoadan vaqti kelib xorijda o'ynaydigan futbolchilar ham chiqadi. 


- "Olimpik" futbolchilari boshqa klublardan yig'ildi. Ularning shartnomasi "Olimpik" bilanmi yoki oldingi jamoasi bilanmi?

- Bir narsani hisobga olaylik, men chaqirgan bolalar asosan o'z klublarida o'yin amaliyotisiz qolib ketayotgan, etibordan chetda va kerak bo'lsa klub bilan xayrlashishga turgan futbolchilar. Hozircha "Paxtakor"dan futbolchi ko'p, nega deganda "Paxtakor" Proligaga jamoa qo'ymaydigan bo'ldi va buning oqibatida ko'p bolalar chetda qolib ketdi.

Biz qaysi futbolchini taklif etmaylik, avvalgi klubi bilan o'zaro kelishgan holda ish olib boramiz. Yani aytmoqchi bo'lganim, kimdir ijara asosida kelyapti, kimdir shartnomasini bekor qilib.

"Olimpik" tuzilganidan beri ko'p gap-so'zlar bo'ldi. Klub o'z futbolchisini bermoqchi emas, lekin "Olimpik" tortib olishga harakat qilyapti va hokazo. Aslida bunaqa narsa yo'q. Bemalol aytishim mumkin, biz hech kimni majburlab tortib olmadik. SHu bois kimdir ijaraga kelyapti, kimdir jamoasiz qolganidan kelyapti. Futbolchi o'rinbosarlar safida o'ynab o'sishga erishadimi yoki Proligada o'ynabmi, bu haqda ham bosh qotirib yakuniy qarorga kelishga harakat qilyapmiz. 


- Gaplaringizdan hech kimga kerak bo'lmay qolgan "mahsulot"dan nimanidir isbotlashga bel bog'lagandeksiz? Albatta, bu to'g'ri manoda. Negaki futbolchi paytingizda ham doim o'z oldingizga maksimal vazifa qo'ygansiz, murabbiylikda ham shunga qarab ketyapti. 

- Gap nimanidir birovga isbotlashda emas, balki nima qilib bo'lmasin Olimpiya o'yinlariga chiqishda. Xuddi jahon chempionati kabi Olimpiada ham biz uchun ushalmas orzudek bo'lib qolyapti. Lekin baribir qachondir chiqishimiz kerak-ku. Men shu yurt farzandi sifatida o'z jamoamiz Olimpiadaga borishini va munosib ishtirok etishini xohlayman. Bolalar o'sishi uchun ham maksimal ishlashga harakat qilyapmiz. To'g'risi, Proligada shunchaki ishtirok etish niyatida emasmiz. O'z oldimizga albatta maqsad qo'yamiz: Proligada o'zimizni ko'rsatib, Superligaga chiqishga harakat qilamiz. 


- Lekin "Olimpik" chiqqani bilan Superligada o'ynay olmaydi, shundaymi?

- Nega endi? Superligaga chiqsak, albatta o'ynaymiz. Biz ham alohida klubmiz. Reglament shartlarini bajarsak, nima uchun o'ynamasligimiz kerak? Bu yoshlar aytib o'tganimdek, ko'chada qolmaydi. Yoki bizda yoki boshqa jamoada albatta o'z o'rinlarini topib ketadi. Biz ham boshqalarga o'xshagan klubmiz. Ustavimiz bor, stadion bor, nasib qilsa bu yil "Jar" stadionidan foydalanamiz. Men uchun Proliga juda qiziq bo'lishi kutilyapti. "Buxoro", "Dinamo", "Neftchi" kabi boy tarixga ega klublar bilan raqobatlashish ancha qiziq bo'ladi deb o'ylayman. 


- Timur aka, shu erda mavzudan chetga chiqib boshqa savolga o'tsak. Nima deb o'ylaysiz, o'zimizning terma jamoalar yo klublarda ishlab ketgan yoki bo'lmasa faoliyat yuritayotgan xorijlik murabbiylarga beriladigan mablag' o'zini oqlayaptimi? 

- Har xil murabbiy bor. Kimdir yaxshi, kimdir yomon. Biz murabbiylarga ispaniyalik, portugaliyalik, argentinalik deb qarashimiz kerak emas. O'zbek futboliga to'g'ri keladimi-yo'qmi, shu tomonlama qarashimiz kerak. Murabbiy bizga qanchalik to'g'ri keladi, eng avvalo shunga etibor berish lozim.

O'zimizdagi murabbiylarning deyarli hammasini bilamiz. Lekin chetdan kelayotganlarni obdon o'rganmasak bo'lmaydi. Ular qaerda ishlagan, oxirgi ish joyi qaysi jamoa bo'lgan va nima karomat ko'rsatgan - bu savollarga javob olmay turib tavakkal kimnidir olib kelsak, ertaga futbolimiz zarariga ishlab qolishi mumkin.

Yana bir narsa, chet ellik murabbiy baribir katta pulga keladi. SHu bois ham chuqur o'rganib keyin chaqirish tarafdoriman. Aytaylik, xorijlik murabbiy yiliga 1 million olyapti, lekin o'sha ishni qila oladigan o'zimiznikiga 10 ming beryapmiz. Masuliyat va talab bir xil. SHu bois men chet ellik murabbiy kelgan taqdirda mayli, natijani yuz foiz bajarmasa ham o'zidan nimadir qoldirib ketsin deyman. Ertaga u qoldirgan o'sha nimadir bizga foyda bersin.

To'g'ri, qancha ko'p xorijlik murabbiy kelsa, yurtimiz futboliga shuncha foyda. Lekin bu - duch kelganini olib kelsak bo'ladi degani emas. Yana shuni aytishim mumkin, chet ellik murabbiy o'z jamoasiga avvalo professionalizm olib kiradi. Evropada bu oddiy hol. Bizda esa hali vaqt borga o'xshayapti. O'zimizning murabbiylar nimadir so'rasa, rahbariyat hozir pul yo'q, sal kutib turing yoki bo'lmasa shunchalik zarilmi degan gaplarni aytishi mumkin. Ammo chet ellik murabbiy so'rasa darhol tayyorlab berishadi. CHunki u katta pulga kelgan. 

Afsuski, bizda shunaqa tushuncha saqlanib qoldi. Murabbiy birinchi navbatda jamoaga javob berishi kerak, to'g'rimi? Murabbiy keladi, maydonda hamma narsa tayyorligini ko'rgach, mashg'ulot o'tkazib futbolchilarni o'yinga tayyorlaydi. Demak, murabbiy asosan shular bilan band bo'lishi kerak. Afsuski, bizdagi murabbiylarning bundan boshqa muammolari ham ko'p chiqib qoladi.

Masalan, futbolchilarning ovqatlanishini hal qilish kerak, maydon bo'lmasa maydon topishga tushib ketadi, kimdir forma topish bilan mashg'ul bo'ladi. Natijada murabbiylar asosiy ishidan chalg'ib qolyapti. Buning ustiga natija ko'rsatish va o'yinlarda g'alaba qozonish masuliyati turgan bo'ladi. Ikki-uchta o'yinni yutqazib qo'ysa, ishdan bo'shatamiz deyishadi. SHu bois ko'pchilik rahbariyatga kirib nimadir desam ishimdan ajralib qolishim mumkin degan o'yga borib jim turishni afzal biladi.  


- O'tgan yil terma jamoalar murabbiylarining klubda ishlashi ko'p gap-so'z bo'ldi. Terma jamoada oylik kam, shu bois klublarda ham ishlashyapti kabi gaplar aytildi. Rostan ham shunaqami?

- Agar milliy terma jamoa misolida oladigan bo'lsak, bosh murabbiyning maoshi Superliga klublari murabbiylarining maoshidan kam emas. To'g'ri, yoshlar yoki o'smirlar jamoalarimizda bunday emasdir, lekin milliy jamoada bosh murabbiy yaxshi maosh olishini taxminan bilaman. 

Albatta, Ektor Kuper olgan maosh bilan solishtirsak, bu erda osmon bilan ercha farqi bor. Lekin o'zimizning mahalliy murabbiylarniki bilan taqqoslaganda oradagi farq uncha katta emas. Terma jamoalar murabbiylarining klubda ishlashi to'g'rimi degan savol ko'p bora ko'tarildi. Bunga ikki tomonlama qarash mumkin. 

Ko'p joyda terma jamoalar ustozi faqat terma jamoa bilan band bo'ladi. Lekin o'zimdan misol qilib gapiradigan bo'lsam, bizning sharoitda yoshlar jamoamiz bir yilda 3-4 marta yig'ilib, 10 kunlik yig'in tashkil qilsa, qolgan kunlari men nima qilaman? Yosh murabbiy sifatida menga har kunlik ish jarayoni juda muhim. 

Hozir futbol juda tez o'zgaryapti va murabbiylardan ham o'zgarish talab qilinyapti. Men yiliga uch-to'rt marta jamoani to'plab qolgan payt bo'sh o'tirishni xohlamayman. Murabbiy sifatida qancha ko'p o'yinlarda ishtirok etsam, o'z tajribamni shuncha oshirib boraman. Keyinchalik bu terma jamoa yig'ilganida ham asqotadi. Terma jamoa murabbiyi kelib Superliga yoki U-21 chempionatini kuzatishi mumkindir, biroq u qaerda amaliyot o'taydi? Buning uchun esa klubda ishlash ham katta yordam beradi deb o'ylayman. 


- Proliga Superligadan keyingi o'rinda turadigan musobaqa va bu erda Superligaga chiqish uchun kurash kechadi. SHuni hisobga olib "Olimpik"da ham g'alaba uchun mukofot pullari qo'yiladimi? 

- Juda katta bo'lmasa ham albatta mukofot pullari bo'ladi. Men rahbariyatga mukofot puli barchaga teng bo'lib berilishini va jamoada norozilik paydo bo'lmasligini aytdim. Proligadagi boshqa klublarning mukofoti qancha ekanini bilmayman, balki bizda birmuncha kamdir, ammo bu erda pul birlamchi emasligini, birinchi galdagi vazifasi Olimpiadaga chiqish ekanini unutmaylik. 


- Timur aka, o'zbek futbolida sizga og'ir botadigan holatlar qaysi? 

- 2002 yil "Neftchi"dan "Paxtakor"ga ko'chib o'tgan, so'ngra terma jamoada o'ynashga muyassar bo'lgan bo'lsam, o'sha payt maydonlar, mashg'ulotlar bazasi bilan bog'liq muammolar bo'lardi. Oradan 20 yil o'tsa hamki, o'sha muammo hozir ham dolzarb bo'lib turibdi. Nahotki o'tgan 20 yil ichida hech narsa qilinmagan bo'lsa deb o'ylab qolaman. 

Akademiyalar, yoshlarga sharoit yaratib berishdagi muammolar oldin qanday bo'lsa, hozir ham shunday qolib ketyapti. Qachonki yosh futbolchilarga vaqtida kerakli poydevorni qo'ya olsakgina, keyinchalik asosiy jamoaga o'tganda qiynalib qolishmaydi. Ko'p murabbiylar asosiy jamoaga yoshlarni taklif qiladi-yu, keyin ular bilan alohida ishlashga majbur bo'lib qolyapti. 

Vaholanki, murabbiyda har bir futbolchi bilan alohida ishlashga vaqti yo'q. U jamoani tayyorlab borishi kerak. SHunday ekan, bu o'rinda bolalar futboli murabbiylarini ham kuchaytirish kerak. Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya doim jahon chempionatiga chiqadi deymiz, lekin ulardagi sharoitlarni ko'ring. Bizda bitta "Bunyodkor" stadioni bor, ularda esa har bir shaharda ikkitadan shunday stadion bor.

Infratuzilma va iqtisodiyotga bog'liq jihatlar ham ko'p. Bizda ham hech bo'lmasa mashg'ulot maydonlarini yaxshilab qo'ysa bo'ladi-ku. Superliganing bazi klublarida hatto alohida mashg'ulot maydoni yo'q. Ko'pchilik o'yinni qaerda o'tkazsa, o'sha joyda shug'ullanadi. Afsuski, shu kabi holatlar hamon hal qilib bo'lmas muammodek ko'rinmoqda. 

X.Xoliqov va O.Samisov suhbatlashdi.

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика