Otabek Narzullaev: "Futbolni jon koyitib o'ynamasangiz, kim sizga uch ochko beradi"
17 okt 20:47
Yangiliklar


Otabek Narzullaev: "Futbolni jon koyitib o'ynamasangiz, kim sizga uch ochko beradi"
- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. Yuzaga kelgan FIFA kunlaridan foydalanib "Dinamo" bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. Bugun o'yinning boshini yaxshi boshladik, lekin darvozamizga kiritilgan avtogol hamma rejalarni buzdi.
- Bungacha "Mashal"ning U-19, U-21 jamoalarida ishlagansiz. Asosiy jamoa bilan ishlashda tajriba etishmayaptimi?
- Bu o'rinda bir gapni aytishim mumkin, agar futbolchi jon-jahdi bilan o'ynamasa, har bir ochko, har bir to'p uchun kurashmasa, qaysi murabbiy ishlamasin baribir foyda bo'lmaydi.
Siz bor vaqtingizni ajratib, kerak bo'lsa uydan uzoqda, vaqtingizni sarflab mashg'ulot o'tkazasiz, har bir o'yinchiga maydonda nima qilishi kerakligini tushuntirasiz, ammo ko'zi yonmasa yana nima qilish kerak. Yoshlar futbolida hech narsa o'xshamasa ham futbolchilarning ko'zi yonadi.
"Mashal" - yaxshi klub, yaxshi futbolchilar yig'ilgan. Lekin yaxshi futbolchilar yig'ildi degani o'yin ham yaxshi bo'ladi degani emas. Kim ko'p mehnat qilsa, Xudo shunga beradi. Mehnat qilmasangiz, g'alaba ham bo'lmaydi. To'g'ri, bu bilan o'zimni to'liq oqlamoqchi emasman, qaerdadir biz murabbiylar ham xato qilamiz. Lekin klubga va o'yinga masuliyat hammada bo'lishi kerak. Masuliyat bo'lmasa o'yinda o'sish ham bo'lmaydi. Men shunday deb o'ylayman. Futbolni jon koyitib o'ynamasangiz, kim sizga uch ochko beradi.
- Futbolchilar jamoani Superligada olib qolishni xohlamayaptimi? Gaplaringizdan shu mano kelib chiqyapti.
- Men bu fikrdan yiroqman. Hamma bilan gaplashyapmiz. Hech kim "Mashal" tushib ketsin deyayotgani yo'q. Mehnat qilib yutqazsangiz rosa alam qiladi, lekin mehnat qilmasdan mag'lub bo'lsangiz yana nima deyishim kerak bo'ladi.
- Jamoada parokandalik yuzaga kelgandek. Qaysi o'yindan keyin buni anglab etdingiz?
- Bizda parokanadalik yo'q. Ichki muhit ham yaxshi. Rahbariyat doim bizni qo'llab turibdi. Oylik maosh va mukofot pullarini vaqtida olyapmiz. Buning uchun homiylarga va klubimiz rahbariyatiga katta rahmat. Bu erda muammo boshqa joyda. Har bir murabbiy o'yinda yutuq xohlaydi. Lekin yutuqni futbolchilar ham xohlashi va shunga qarab harakat qilishlari kerak. Birorta o'yinni yutish oson emas. Shu sohani tanladikmi, oson bo'lmasligini bilamiz. Bazan rahmat eshitamiz, bazan so'kish. Bunga tayyor turish kerak, chunki o'zim hammasini hisobga olgan holda murabbiylikni tanlaganman.
- Bugun urilgan uchala gol ham chap qanotdan kiritildi. Bu holatga etibor berdingizmi?
- Shu xatolar uchun ham Muhammadali Aliqulovni maydonga tushirdik. Ikkinchi gol bo'lmaganida ikkinchi taymni boshqacha o'tkazardik. Nechanchi o'yindirki gol ura olmayapmiz. Bu ham tushkunlikka solyapti.
- Hakim Fuzaylov boshqaruvidagi "Xorazm" Asror Aliqulov davridagi "Mashal"ga ham, siz boshqarayotgan "Mashal"ga ham uchta gol urdi. Bu ham futbolchilarning masuliyatsizligi tufaylimi?
- Birinchi davradagi o'yin haqida gapira olmayman, chunki u payt men jamoada emasdim. Ikkinchi davradagi o'yinga kelsak, avtogol o'tkazdik va aytib o'tganimdek, bu gol rejalarimizni buzib yubordi.
- "Xorazm" va "Mashal" futbolchilarini o'zaro taqqoslaydigan bo'lsak, oradagi farq yaqqol seziladimi?
- Yo'q, sezilmaydi. Kerak bo'lsa bizning futbolchilar raqib o'yinchilariga nisbatan kuchli deb bilaman. Lekin hozirgi vaziyatda natijaga qarasak, ular kuchli ko'rinishi mumkin, ammo men doim o'z qo'l ostimdagi futbolchilarga ishonaman.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar