Arif Asadov: "O'zbekiston va Ozarbayjon jahon chempionatini yuqori darajada o'tkazish uchun barcha choralarni ko'rishiga ishonchim komil"
08 noy 17:20
Yangiliklar
Arif Asadov: "O'zbekiston va Ozarbayjon jahon chempionatini yuqori darajada o'tkazish uchun barcha choralarni ko'rishiga ishonchim komil"
– Siz Sobiq Ittifoq U-20 terma jamoasi tarkibida jahon chempionatida Mirjalol Qosimov bilan birga o'ynagansiz. O'sha paytlarni qanday xotirlaysiz?
– Avvalo, etiboringiz uchun tashakkur bildiraman. Fursatdan foydalanib, nafaqat ko'p yillar davomida birga o'ynagan qadrdon do'stimga, balki butun qardosh o'zbek xalqiga ham samimiy salomimni yo'llamoqchiman. Mirjalol Qosimov bilan taqdirimiz yoshlar terma jamoasidan ancha oldin kesishgan edi. Sovet davrida biz dastlab o'z respublikalarimizning yoshlar terma jamoalari sardorlari sifatida maydonda raqib edik. Bu musobaqalarda bir vaqtning o'zida Sobiq Ittifoq terma jamoasi uchun yosh guruhlari bo'yicha eng iqtidorli futbolchilar tanlab olinardi. U paytlarda aqlbovar qilmas, hatto aytish mumkinki, chidab bo'lmas darajada raqobat mavjud edi. Shuni takidlash joizki, Mirjalol va men RSFSR, Moskva, Leningrad jamoalari, hattoki futbolga va futbolchilarga katta etibor qaratilgan Ukraina vakillari emas edik. Ular doimo diqqat markazida bo'lishsa, biz o'z respublikalar sharafini himoya qilardik. O'z vaqtida bizga ishonch bildirgan va umidlarini oqlashimizga sabab bo'lgan murabbiylarimizga minnatdorchilik bildiraman. Dastlab saralanib, 1987 yilda o'smirlar o'rtasidagi Evropa chempionatining kumush medali sovrindori, so'ngra o'sha yili Kanadada o'tkazilgan U-17 jahon chempioni bo'ldik. Bir yil o'tib, U-19 tarkibida Evropa chempionatining oltin medallarini qo'lga kiritdik. Keyinchalik, ushbu yutuqlardan so'ng, U-20 jahon chempionatida birgalikda ishtirok etdik. U erda Chexoslovakiyada bo'lib o'tgan Evro finalida biz mag'lub etgan portugallar g'olib bo'lishdi. Mirjalol Qosimov sardor edi va biz ikkimiz asosiy tarkibning qolgan azolari bilan birga terma jamoaning tayanch futbolchilari edik. Unutilmas davrlar edi. Evropa va jahon miqyosidagi g'alabalar, futbol afsonasi Pele bilan bo'lgan uchrashuv xotiramda muhrlanib qolgan. O'sha paytlarda yosh futbolchilar uchun bu misli ko'rilmagan hodisa edi. Biz nafaqat o'sib-ulg'ayiyu, chiinakam futbolchilarga aylandik, balki chiniqib, shaxs sifatida ham shakllandik. Mirjalol Qosimov o'z mamlakatini munosib tarzda tanitdi. Sobiq Ittifoq terma jamoasi sardori bo'lish ko'p narsadan dalolat beradi. Men Mirjalolni o'zbek futbolining tirik afsonalaridan biri deb hisoblashga haqliman.

– Futbolchi Qosimovni qanday eslaysiz? Eshitishimcha, u uyingizda bo'lib, buvingiz tayyorlagan milliy taomni tatib ko'rgan ekan.
– Mirjalol nafaqat texnik va aqlli futbolchi, balki o'z o'yini va g'oliblik ruhi bilan jamoani ilhomlantiradigan, ortidan ergashtiradigan haqiqiy sardor edi. U doimo raqib darvozasini nishonga olardi. Bejizga uning hal qiluvchi gollari chempion bo'lishimizga yordam bermagan. Hatto men himoyachi bo'lishimga qaramay, undan o'rnak olib, hujumga qo'shilar va gol urardim. Mirjalol nafaqat ajoyib futbolchi, balki chinakam do'st ham edi. Ilk tanishuvdanoq do'stlashib ketgandik, hatto yig'inlar va chempionatlarda bir xonada yashardik. O'sha paytlar yosh yigitlar edik, faqat futbol haqida o'ylardik. Bugun shuni angladimki, do'stligimiz shunchaki shaxsiy munosabatlardan iborat emas, biz qardosh xalqlar vakillarimiz va bu aloqamizni yanada mustahkamlaydi. Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishgach, bularning barchasini chuqurroq his qilib, o'tgan yillar va o'zaro ishonchimizdan faxrlanamiz. Aytgancha, biz nafaqat terma jamoada, balki "Alaniya"da ham birga o'ynaganmiz. Milliy taomlarimiz ham bir-biriga juda o'xshash. Faqat Mirjalol emas, balki oilalarimiz ham do'stlashib ketgan. Men ham unikida mehmon bo'lganman. Oilalarimiz bir-birini o'z qarindoshlaridek kutib olishardi. Yaqinda, ko'p yillar o'tib, Ozarbayjon futboli faxriylari Toshkentda mehmon bo'lib, o'rtoqlik o'yini o'tkazdi. Shunda men yana do'stimnikida mehmon bo'ldim. U biznikida qanday mehmon bo'lgan bo'lsa, men ham doimo ajoyib o'zbek taomlarini maza qilib tatib ko'raman. Mirjalol Qosimov bilan do'stligimiz bugungi kunda ham davom etmoqda.

– 2027 yil Ozarbayjon va O'zbekistonda 20 yoshgacha bo'lgan jamoalar o'rtasida jahon chempionati o'tkaziladi. Bu haqda fikringiz qanday?
– Takidlaganingizdek, men va Mirjalol Qosimov yuqori darajada maydonga chiqqanmiz. Bu turnir jahon miqyosidagi olamshumul voqea hisoblanadi. Bunday chempionatni o'tkazish mamlakatlarimizga ishonib topshirilgani juda quvonarli. Bu tanlov xalqlarimiz va davlatlarimizning yaqinligi, birodarligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu o'rinda Ozarbayjon va O'zbekiston Prezidentlari Ilhom Aliev va Shavkat Mirziyoevning alohida o'rni va do'stligini takidlash lozim. Ikki davlat rahbarlarining futbolga, umuman sportga bo'lgan ishtiyoqi FIFAga shunday qaror qabul qilish uchun ishonch bag'ishladi. Garchi futbol taqdiri mamlakatlarimizni Evropa va Osiyoga ajratib qo'ygan bo'lsa-da, bu har ikki mamlakatda futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yosh o'yinchilarni taraqqiy ettirish uchun katta imkoniyatdir. Ishonchim komilki, O'zbekiston va Ozarbayjon futbol federaciyalari yaqin hamkorlikda jahon chempionatini yuqori darajada o'tkazish uchun barcha choralarni ko'radi. Ozarbayjon bunday xalqaro futbol tadbirlarini o'tkazish bo'yicha allaqachon tajribaga ega. So'nggi 10-15 yil ichida o'smirlar o'rtasida Evropa chempionati, ayollar o'rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qildik. U-20 jahon chempionati – kattalar futboliga o'tish oldidagi so'nggi to'siq, tramplin hisoblanadi. Bunday turnirda Maradonaning o'zi ham ishtirok etgan. Biz nigeriyalik Okochaga, italiyalik Pesottiga, portugaliyalik Joau Pintu va Fernandu Koutuga, turkiyalik To'g'ayga va keyinchalik butun dunyoga tanilgan boshqa ko'plab futbolchilarga qarshi o'ynaganmiz. Ishonchim komilki, 2027 yil ham kelajakdagi futbol yulduzlari uchun istisno bo'lmaydi. Ular orasida ozarbayjonlik va o'zbekistonlik istedodlar ham bo'lishini istardim.

– Siz va Mirjalol Qosimov ushbu jahon chempionatining asosiy figuralariga aylanishingiz mumkinmi? Ushbu turnirda birga qatnashgansiz, endi esa siz vakil bo'lgan mamlakatlar hamkorlikda turnir o'tkazishi kerak.
– Biz o'z vaqtida o'smirlik yillarimizda o'z xalqlarimizni jahon miqyosida munosib tarzda namoyon etib, chempionlikka erishgandik. Bu bugungi avlod uchun ibratdir. O'ziga ishonch bilan tinimsiz shug'ullanish va yuksak maqsadlar sari intilish lozim. Bugungi kunda ham turnir mezboni bo'lgan ikki qardosh davlat vakillari sifatida o'z tajribamiz bilan o'rtoqlashishga tayyormiz. Ishonchim komilki, Mirjalol Qosimov ham xuddi shunday fikrda. Har qanday holatda ham chempionat tashkilotchilari va masul shaxslarning qaroriga hurmat bilan yondashamiz. Eng muhimi, ikki mamlakat birgalikdagi say-harakatlari bilan turnirni eng yuqori darajada o'tkazishi hamda Ozarbayjon va O'zbekiston milliy terma jamoalari munosib ishtirok etishi zarur.

– O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ilk bor jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi. Ozarbayjon terma jamoasi Evropa mintaqasida ishtirok etadi, u erda raqiblar kuchliroq. Shunday bo'lsa-da, qachon terma jamoangizni jahon chempionatiga yo'l olishini kutyapsiz?
– Darhaqiqat, Evropada saralash bosqichi juda kuchli, raqobat ham nihoyatda yuqori. Ammo bu O'zbekiston terma jamoasining qadr-qimmatini pasaytirmaydi. Qardosh mamlakatning muvaffaqiyati tarixiy va ulkan yutuq hisoblanadi. Yana bir ijobiy jihati shuki, O'zbekistonda istiqbolli va istedodli yangi futbolchilar avlodi shakllanmoqda. Biz terma jamoangizni qo'llab-quvvatlaymiz. Qanchalik qiyin bo'lmasin, umid qilamanki, bizning terma jamoamiz ham shunday muvaffaqiyatga erishadi. U-20 jahon chempionati bu maqsadga erishish uchun turtki bo'lishi kerak.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
U-17 Жаҳон чемпионати. Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоаси илк турда Парагвайни мағлуб этиб, мусобақани ғалаба билан бошлади
Суперлига. "Бухоро" ўз уйида бир киши кам "Нефтчи"дан очко тортиб олди
ЕЧЛ. "Ливерпуль" ўз уйида "Реал Мадрид"ни мағлубиятга учратди
ОЧЛ-2. "Андижон" кетма-кет тўртинчи марта 0:0 ҳисобида дуранг ўйнади
Fikrlar