Intervyu. Sanjar Shoahmedov: "Metallurg"ning yuqori maqsadlari bu klubga kelishimda hal qiluvchi omil bo'ldi"
16 fev 11:51
Yangiliklar
Intervyu. Sanjar Shoahmedov: "Metallurg"ning yuqori maqsadlari bu klubga kelishimda hal qiluvchi omil bo'ldi"
Jamoaga qo'shilgan o'yinchilardan biri — Superliga klublari safida yorqin o'yinlari bilan tanilgan yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov. Futbolchi bilan yangi mavsum, o'tmish xotiralari va rejalari haqida suhbatlashdik.
— O'tgan mavsumda faoliyatingizni yakunlashingiz haqida xabarlar tarqalgandi…
— Bu gaplarni birinchi bor sizdan eshityapman. Faoliyatimni tugatish haqida o'ylamaganman. Shunchaki biroz dam oldim. Keyin “Metallurg”dan taklif tushdi. Klub oldiga yuqori maqsadlar qo'yilgani men uchun muhim omil bo'ldi.
— “Xorazm”da bir davra harakat qildingiz, ammo o'yiningiz kutilgan darajada namoyon bo'lmadi. Sababi nimada?
— Hech qanday jiddiy muammo bo'lmadi. Jamoaga yaxshi niyat bilan kelgandim. Maydonga tushgan o'yinlarimda qo'limdan kelgancha harakat qildim. Asosiy maqsad — jamoa natijalariga hissa qo'shish edi.
— “Metallurg”da tajribali futbolchilar ko'p ekani aytilmoqda. Bu holatga munosabatingiz qanday?
— Futbolda har bir o'yinchining o'z vaqti bor. Qachondir baribir faoliyatimizni yakunlaymiz. Hozir esa jamoada yoshlar ham, tajribali futbolchilar ham bor. Biz yoshlarga o'z bilim va tajribamizni o'rgatishimiz, ularni qo'llab-quvvatlashimiz kerak.
— 2015 yil “Lokomotiv”dagi debyut mavsumingizda 12 gol bilan to'purar bo'lgansiz. Bu natijada kimning hissasi katta?
— Albatta, yaxshi eslayman. Gollarimning aksariyatiga Jasur Hasanov assist bergan. Rostini aytsam, o'zim ham bunday natijani kutmaganman. Bu jamoaviy mehnat edi, ammo Jasur akaning hissasi katta bo'lgan.
— Faoliyatingiz davomida kuchli murabbiylar bilan ishlagansiz: Igor Shkvirin, Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov. Ulardan qaysi biri o'sishingizga ko'proq tasir ko'rsatgan?
— Superligadagi ilk qadamlarimni Shkvirin qo'l ostida boshlaganman. Abramov esa yulduzlarga boy jamoada — Kapadze, Hasanov, To'raev kabi tajribali futbolchilar orasida menga ishonch bildirdi. U kishi mening kuchli jihatlarimni ochishimga katta yordam bergan. Ular bilan bir safda o'ynashning o'zi katta maktab bo'lgan.
— Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?
— Eng asosiysi — munosib to'p tepib, jamoaga foyda keltirish. “Metallurg” bilan yuqori natijalarga erishishni istayman. Jamoani kuchlilar safiga qaytarishga bor kuchimizni ishga solamiz.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Испания кубоги. "Барселона" "Атлетико"ни йирик ҳисобда ютган ўйинда мадридликлар финалга йўл олди
Ҳамдамовга аталган оқшомда "Пахтакор" "Қўқон-1912"ни сафарда қийинчилик билан енгди
"Атлетико"ни йирик ҳисобда мағлуб этиб, кубокдан чиқиб кетган Флик нималар деди?
Суперлига. "Қизилқум" ўз майдонида "Андижон"ни мағлуб этди
Fikrlar