Tebas Mbappe uchun Xitoy xalqidan uzr so'radi: "Bir inson munosabatlarimizga soya solishiga yo'l qo'ya olmaymiz"

28 okt 2026, 08:50
La Liga prezidenti Xaver Tebas Kilian Mbappe bilan bog'liq hodisa uchun Xitoydan uzr so'radi.

Avvalroq "Real" hujumchisi The Bridge podkastida diktator haqidagi memlarga bo'lgan munosabati haqidagi savolga javob berayotib, Xitoy inqilobchisi Mao Czedunni diktator deb atagan edi, bu esa Xitoy mamlakatida keskin tanqidga sabab bo'ldi. Ehtiyotsizlik bilan aytgan bayonotlari sababli madridliklar forvardi Xitoydagi birdaniga uchta reklama shartnomasidan mahrum bo'ldi.

"Biz Kilian Mbappening Xitoyda norozilik va xafagarchilik keltirib chiqargan bayonotlaridan chuqur afsusdamiz. Biz etkazilgan zararni tushunamiz va La Liga nomidan Xitoy xalqiga samimiy uzrimizni bildirmoqchiman.

Ko'p yillar davomida biz Xitoy bilan - uning hukumati, sport tashkilotlari, media hamkorlari va ispan futbolining millionlab muxlislari bilan hurmat, ishonch va hamkorlik asosida munosabatlarni o'rnatib keldik. Bir insonning harakatlari ushbu munosabatlarga soya solishiga yoki professional ligalarimizning 20 dan ortiq klubiga hamda milliy aholisi bo'lgan millionlab xitoylik muxlislarimizga salbiy ta’sir ko'rsatishiga yo'l qo'ya olmaymiz.

Biz o'zimizga bog'liq bo'lgan barcha choralarni ko'ryapmiz va yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solish uchun Xitoydagi hamkorlarimiz va manfaatdor tomonlar bilan yaqin aloqada ishlamoqdamiz. Xitoyga, uning xalqi va institutlariga bo'lgan sodiqligimiz o'zgarmasdan qoladi. Shuncha yillar davomida qurilgan munosabatlar alohida bir hodisa sababli aziyat chekmasligi kerak", - deb yozdi Tebas X ijtimoiy tarmog'ida.

Keyinroq La Liga rahbari yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilish va hodisani bartaraf etish yo'llarini topish uchun Xitoyning Ispaniyadagi elchisi bilan uchrashuv o'tkazganini ma'lum qildi.

O'xshash yangiliklar