"Zeytullaev mutlaqo boshqacha dunyoga ega, uchinchi gol yaqqol uning imzosi- Bilolxon Toshmirzaev bilan intervyu

Iskandarov Abdulaziz
20 apr 2026, 14:15
"Bunyodkor" Superliganing 8-turida "So'g'diyona" mehmoni bo'ldi (3:2).

Shu kuni "qaldirg'ochlar" tarkibida Bilolxon Toshmirzaev xet-trik muallifiga aylanib, o'yin qahramoni bo'ldi.

Biz futbolchi bilan jamoadagi muhit, bosh murabbiy Ilyos Zeytullaevning talablari hamda ushbu muvaffaqiyat haqida suhbatlashdik.

​- "So'g'diyona" ga qarshi o'yindan qanday taassurotlar bilan qoldingiz?

​- O'yin juda qiziqarli, kurashlarga boy va tomoshabop o'tdi. Uchrashuv yakunida menda juda yaxshi taassurotlar qoldi. Qolaversa, uchta gol urib, jamoamga yordam bera olganimdan xursandman.

​- Faoliyatingizdagi ilk xet-trikni rasmiylashtirdingiz. Bu muvaffaqiyat haqida qanday fikrdasiz?

​- Albatta, bu faoliyatimdagi ilk xet-trik edi. Bu men uchun juda katta motivaciya. Kelgusida ham gollar urishda davom etish va yanada yuqori natijalarga erishish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.

​- Uchinchi gol 12 ta pasdan keyin amalga oshirildi. Bu murabbiyning taktik ko'rsatmasimi yoki raqibning bo'sh zona qoldirganidan foydalanishmi?

​- Juda chiroyli gol bo'ldi, men ham videotakrorlarni tomosha qildim. Buni bemalol murabbiyimizning imzosi deb ayta olaman. Mashg'ulotlarda aynan shunday hujumkor va kombinacion uslublar ustida tinimsiz ishlaymiz.

​- "Bunyodkor" ayni damda qiyin vaziyatda bo'lishiga qaramay, o'yin sifati borasida ijobiy o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Bu nima bilan bog'liq?

​- To'g'ri, hozir qiyin ahvolda ekanimiz rost. Ammo bosh murabbiyimiz o'z motivaciyasi va ishonchi bilan bizni birlashtirib, olg'a etaklamoqda. Shu kungacha bo'lgan natijalar shuning samarasi. Buyog'iga nima bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi (kuladi).

​- Qishki transferlar oynasida "Bunyodkor" safiga kelib qo'shildingiz. O'tgan uch oydan ortiq vaqt mobaynida bosh murabbiy Ilyos Zeytullaevning ish uslubi va jamoadagi muhit haqida qanday xulosalarga keldingiz?

​- Jamoaga moslashish dastlab biroz qiyin kechdi, hozir esa to'liq kirishib ketyapman. Jamoadagi muhit juda a'lo darajada. Murabbiy esa mutlaqo boshqacha dunyoga ega. Uning harakatlari, mashg'ulot o'tkazish va ishlash uslubi menga juda maqul kelmoqda.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia