Vinisiusning sobiq sevgilisi: "Vinini kamsitadigan ishga hech qachon qo'l urmagan bo'lardim”

Aslanov Jasurbek
20 may 2026, 23:15
Vinisius Juniorning sobiq sevgilisi maymun aks etgan videosi yuzasidan tushuntirish berib o'tdi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan juma kuni Virdjiniya Fonseka "Real" vingeri bilan ajrashganini e'lon qilgan, dushanba kuni esa Vinisius ham bu xabarni tasdiqlagan edi. Shunga qaramay, ertasi kuniyoq inflyuenser ijtimoiy tarmoqlarda bir maymunni labidan o'pib turgan videosini joylashtirgandi. Videoda kimdir "o'pib qo'y, o'pib qo'y" deydi, u esa kulib: "Mana buni o'pich desa bo'ladi!" - deya javob qaytaradi.

Vinisiusning obunachilari ushbu postni futbolchiga nisbatan ataylab qilingan hujum deb baholashdi. Muxlislar "Real" yulduzi Ispaniyada doimiy ravishda irqchilikka uchrab, uni "maymun" deb haqorat qilishlarini eslatib o'tishgandi.

"Bizning etti oylik juda go'zal munosabatlarimiz bo'ldi. Men bu munosabatlarni chin dildan hurmat qilaman va hech qachon, hech qanday holatda uni kamsitadigan yoki haqorat qiladigan ishga qo'l urmagan bo'lardim. Hech qachon, bu mening tabiatimga yot narsa.

Postni joylashtirish vaqti noto'g'ri bo'lganini va odamlar buni noto'g'ri tushunishganini anglab turibman. Ammo men bunday qarashlarga mutlaqo qarshiman. Insonlar bu qadar bemani taqqoslashni o'ylab topishlari xayolimga ham kelmagandi.

Ushbu videodan xafa bo'lgan barchadan uzr so'ramoqchiman. Lekin iltimos, shuni bilingki, men doim shunday qilganman: o'tgan yili ham maymunni o'pgandim, u bunga o'rganib qolgan. Uning ismi Miko, agar "o'pib qo'y" desangiz, u sizni o'padi.

Men har qanday irqchilik ruhidagi izohlarga qatiyan qarshiman. Vinini doimo qo'llab-quvvatlayman, u ajoyib inson va bunday qiyinchiliklarni boshdan kechirishga loyiq emas", - dedi Fonseka.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: UOL