Vadim Abramov: "To'y bo'ladigan restoranga kirib futbol o'ynasak qanday ko'rinadi"

Administrator
10 sen 2026, 22:34
Superliga 21-turdan o'rin olgan "Dinamo" – "Qizilqum" uchrashuvidan so'ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bahs og'ir kechishini bilardik, raqib bizga jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Muammolarimiz bor, bir nechta futbolchimiz yo'qligi o'zini bilintiryapti. Yigitlarga alohida rahmat, qiyin o'yinda g'alaba qozona oldik. Ikkinchi taymda ustunlik biz tomonda bo'ldi, gol urdik va g'alaba qozondik.

- Jamoaga Hojimirzaev bilan ayniqsa bugun Abdurahmonov yetishmadi. Abdurahmonov borasida terma jamoa bilan kelishsa bo'lmasmidi: terma jamoa undan faqat rasmiy o'yinlarda foydalansa, masalan, bugun Xitoyga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida bu futbolchi zaxirada qoldi.
- Bu haqda bir narsa deyish qiyin, chunki terma jamoa uchun tarkibni terma jamoa murabbiyi belgilaydi. Aytganimdek, bizning ishimiz terma jamoaga futbolchi tayyorlab berish. Masalan, bugun uni tushirishganida va futbolchi jarohat olsa nima bo'lardi. Men buni ham tushunaman. O'z paytida o'zim ham terma jamoada ishlaganman va vaziyatni juda yaxshi tushunyapman. Shuni aytishim mumkin, Abdurahmonov safimizda bo'lganida bizga ancha oson bo'lardi.

- Stadion mamuriyati nima uchun "Dinamo"ga mashg'ulot o'tkazishi uchun maydonni bermayapti? Buni qanday izohlaysiz?
- Bermayapti desak biroz noto'g'ri bo'ladi. O'zimiz so'ramayapmiz desak bo'ladi. Chunki maydon holatini asrashimiz kerak. "Neftchi" kelganida yarim soat mashg'ulot o'tkazib, jarima maydonchasi ichini yomon ko'rinishga keltirdi va bu haliyam sezilib turibdi. O'yin payti ko'ryapsiz, futbolchilar yugurganida maysa otliqib ketyapti. Endi faraz qiling, doim mashg'ulot o'tkazsak qay holatga kelib qoladi. Maydonimiz yumshoq va asrashga harakat qilyapmiz. Endi yaqinda bu yerda to'y bo'lganiga kelsak, buni izohlay olmayman. Oldinlari "Krokodil" degan jurnal bo'lardi, hozir esa yo'q, balki keyinchalik yana chop etilar. To'y bo'ladigan restoranga biz kirib futbol o'ynasak qanday ko'rinadi.

- Bugun stadionga uch mingdan zal ko'proq muxlis kelganini aytishdi.
- Men ham shunga hayron qoldim. Vaholanki, stadionimiz katta, menimcha ko'proq odam keldi. Qancha chipta sotilganini bilmayman, balki ko'pchilik bepul kirgandir. Men anig'ini bilmayman, bilganim shuki, stadion klubga tegishli emas, biz ijara asosida foydalanamiz.

- "Navbahor" bilan o'yingacha jarohat olganlardan kimdir safga qaytadimi?
- Hozircha bir nima deya olmayman. Biz faqat umid qilamiz.

- Ikkinchi taymda jamoangiz o'yini kuchaydi. Zaxiradan tushgan ikki futbolchi o'yinni kuchaytirdi. To'xtasinov yaxshi futbolchi ekanini bilamiz, uni asosiy tarkibda tushirsa bo'lmasmidi? U birinchi taymda ham shunday o'ynashi mumkin edi.
- To'xtasinov jarohat bilan to'p tepyapti, uning jarohati to'liq kuch bilan harakat qilish imkonini bermayapti. Uni jarohat uch oydan beri bezovta qilyapti. Ikkinchi bo'limda bazi futbolchilar joyini o'zgartirdik, to'pni nazorat qilishga o'tdik, bu foydamizga ishladi.

- Tigran Avanesyan asosiy tarkibda tushdi va birinchi taymdan keyinoq almashtirildi. Bu nima bilan bog'liq?
- U o'ynagan chiziqda faollik yuqori bo'lishi kerak edi. Tigran biroz sokin o'yinchi. Shuni hisobga olgan holda uni almashtirdik. Legioner o'yinchimiz moslashuv jarayonini boshdan kechiryapti. Undan umidimiz katta.

- Aksar futbolchilarda jarohat bor, yetakchilar doim bir tekis o'ynay olmayapti. Namanganda qiyin bo'ladi deb o'ylaysizmi?
- Namanganga to'liq tarkib bilan borsak ham qiyin bo'ladi. Tayyorgarlik ko'ramiz, o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Menda hayajon yo'q, hamma bilan o'ynaymiz.

- O'rozov haqida fikringiz qanday? Uning yo'qligi bilinmayaptimi?
- O'rozov yaxshi futbolchi, uning yo'qligi baribir bilinadi. Biz mavsum boshida ko'p ochko yo'qotdik, hozir medallar uchun kurashamiz deb baralla gapira olmaymiz. O'rozovni yorqin kelajak kutmoqda deb o'ylayman. U Rossiyada o'zbek futbolini namoyon etmoqda, unga omad tilayman. Uning ortidan boshqalar ham ergashsa, bu futbolimiz uchun foydalai bo'ladi. O'ylashimcha, O'rozov yangi jamoasida yaxshi harakat qilyapti, hali u haqda yomon fikr eshitmadim.

- Bilishimizcha, O'rozov "Rubin"ga ijara asosida ketgan. Uni "Rubin" to'liq sotib olishi mumkinmi?
- Hammasi o'ziga bog'liq. Uni dastlab Angliyaga, keyin Irlandiyaga ketadi deyishdi. Bu orada "Rubin"dan jiddiy taklif tushdi va futbolchini yaxshi o'ynab ketsa sotib olish sharti bilan ijaraga berdik. Agar "Rubin" to'liq sotib olishni xohlasa, biz bunga qarshi bo'lmaymiz.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia