

– O'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– O'yinning boshlanishini barcha ko'rdi, shundaymi? Tezkor penalti, tezkor gol... So'ngra o'yin nazoratini o'z qo'limizga olgandek bo'ldik, ammo yana gol o'tkazib yubordik – 2:0. Birinchi bo'limni to'liq barbod qildik, deya olmayman, lekin umuman olganda... o'zimizda bo'lgan vaziyatlardan foydalana olmadik, "Nasaf" esa bundan unumli foydalandi. Ikkinchi bo'limda ham xuddi shu holat kuzatildi. O'yinni nazorat qildik, "Nasaf" esa tezkor qarshi hujumlarga o'tib turdi. Bizda ham vaziyatlar bo'ldi, o'yin so'ngida gol urdik, yana gol urishimiz ham mumkin edi, biroq 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdik. Nima ham derdim? Durang o'ynashimiz ham mumkin edi, shu bois yigitlarga o'yin uchun minnatdorchilik bildiraman. Umuman olganda, tayyorgarlikni davom ettiramiz. "Nasaf" jamoasiga esa Chempionlar ligasida omad tilayman.
– Penalti belgilanishi haqida fikringiz qanday?
– Buni qanday izohlashni ham bilmayman. Penalti bor yoki yo'qligini baholaydigan maxsus komissiya bor. Har birimizning o'z fikrimiz mavjud. Shaxsiy fikrimcha, u yerda penalti yo'q edi. Agar shunday holatlar uchun ham o'n bir metrlik jarima zarbasi belgilanaversa, unda har bir o'yinda penalti berish mumkin.
– "So'g'diyona" – Superligada eng ko'p gol urgan jamoalar uchtaligiga kiradi. Jamoa 41 ta gol urib, 49 ta gol o'tkazib yuborgan. So'ramoqchi bo'lganim, eng ko'p to'p kiritgan jamoa nima sababdan bugungi kunda turnir jadvalining 11-o'rnida bormoqda?
– Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, biz jamoaga kelgan vaqtimizda hisobimizda bor-yo'g'i bitta ochko bor edi. Bugungi kunda esa 29 ochkoga egamiz, to'g'rimi? Shuning uchun ham chempionat davomida qandaydir o'zgarishlar qilish, xatolarni to'g'rilash biroz murakkab. Bu, birinchi navbatda, futbolchilar selekciyasi bilan bog'liq bo'lsa, ikkinchidan, boshqa omillar ham bor. Umuman olganda, ahil jamoaviy muhitni yaratib berayotgani uchun yigitlarga ham, rahbariyatga ham tashakkur. To'g'ri, ko'p gol uryapmiz va ko'p o'tkazib yuboryapmiz. Bunga ruhiy omillar, diqqatni yo'qotish yoki yana boshqa sabablar ta’sir qilayotgan bo'lishi mumkin... Bunday jihatlar juda ko'p. Bu – futbol. Ko'p gol urayotganimiz yaxshi, albatta. Ammo kamroq gol o'tkazib yuborganimizda, yanada yaxshiroq bo'lardi.
– Bugun "Nasaf" bilan o'yin ochiq futbolga qurilganmidi yoki himoyaviy o'yin ko'rsatib, natijaga erishishga ko'proq e'tibor qaratildimi? Umuman olganda, "Nasaf"ni qanday yo'l bilan mag'lub etish yoki ulardan ochko tortib olish mumkin? Ko'pchilik bunga himoyaviy o'yin orqali erishish mumkinligini aytadi, siz bu fikrga qanchalik qo'shilasiz?
– "Nasaf"ni agressiv va obro'li jamoa sifatida juda yaxshi bilamiz. Ular ko'p yillardan buyon ham ichki chempionatda, ham Chempionlar ligasida barqaror o'yin namoyish etib kelmoqda. Bundan tashqari, Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi kuchli murabbiylar shtabi va yuqori malakali futbolchilar mavjud. Umuman olganda, "Nasaf" – O'zbekiston chempionati peshqadamlaridan biri. Shu sababli, ularga qarshi o'yinda doimo katta ehtiyotkorlik bilan harakat qilinadi. Yani, raqib futbolchilarining darajasini anglagan holda, o'yin borishini nazorat qilishga va shu orqali o'z futbolingni ko'rsatishga intilasan, ma'lum bir taktik chizmalarni ishlab chiqasan. Bugungi bahsga keladigan bo'lsak, agar chuqurroq tahlil qilsak, o'yinni ko'proq biz nazorat qildik. "Nasaf" esa tezkor qarshi hujumlarga tayandi. O'ylashimcha, ular bugungi o'yin orqali Chempionlar ligasiga tayyorgarlik ko'rishdi. Bu mening shaxsiy fikrim. Maydonga tushgan va asosiy o'yinchilarni almashtirgan futbolchilar ham, umuman olganda, ajoyib o'yin namoyish etishdi. Shunday ekan, "Nasaf"da bu borada hech qanday muammo yo'q.



