"Paxtakor" akademiyasi dunyoning eng yaxshi 50 taligiga kirdi

Aslanov Jasurbek
24 okt 2026, 21:02
Shveytsariyaning "CIES Football Observatory" tadqiqot markazi dunyoning 49 ta oliy divizion ligasida faoliyat yuritayotgan akademiya bitiruvchilari soni (15 dan 21 yoshgacha bo'lgan davrda klubda kamida 3 mavsum o'tkazgan futbolchilar), ular ishtirok etgan uchrashuvlar darajasi, maydondagi daqiqalar va o'rtacha yosh ko'rsatkichlari asosida yillik global reytingni e'lon qildi.

Yangilangan reytingda Toshkentning "Paxtakor" klubi 50,3 ball bilan 46-o'rinni egalladi. Ma'lumot uchun, 2025 yilgi reytingda "sherlar" akademiyasi 34,1 ball bilan 90-o'rinni egallagandi.

Tadqiqotga ko'ra, "Paxtakor" akademiyasida tarbiyalangan 59 nafar futbolchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 6 nafari ayni paytda "Paxtakor"ning asosiy jamoasida o'ynamoqda.

Toshkent klubi Osiyo futbol konfederatsiyasi klublari orasida top-60 talikka kirgan yagona jamoa sifatida qitada 1-o'rinni egallab, Braziliyaning "Kruzeyro" (49,8), Ukrainaning "Shaxtyor" (48,4), Angliyaning "Arsenal" (46,6), Xorvatiyaning "Xayduk" (46,2) va Portugaliyaning "Portu" (45,5) klublarini ortda qoldirdi.

Reytingda Portugaliyaning "Benfika" klubi birinchi, Argentinaning "River Pleyt" va "Boka Xuniors" klublari ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallagan.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: CIES