

Musobaqa o'tkaziladigan sana 24 mart – 10 aprelga belgilangan.
Ushbu musobaqa uchun qitamizda saralash bahslariga start berildi. Ma'lumot uchun, 31 avgust – 6 sentyabr oralig'ida o'tkaziladigan saralash uchrashuvlarida 31ta jamoa (aslida 32ta edi, lekin Filippin qatnashmaydigan bo'ldi) 15ta yo'llanma uchun kurash olib boradi.
Saralash formati
U-20 Osiyo chempionati saralash bosqichida jamoalar reytingdagi holatiga ko'ra, Saralash bosqichi va Rivojlanish bosqichiga bo'linadi. Saralash bosqichida 31 jamoa 8 guruhga bo'lingan. Guruh g'oliblari va 7ta eng yaxshi ikkinchi o'rin egalari musobaqaning final bosqichga yo'llanma oladi. Rivojlanish bosqichida esa quyi reytingli 12ta jamoa 4tadan uch guruhga bo'lingan bo'lib, har bir guruhdan ikkitadan jamoa 2029 yilgi saralash o'yinlari yo'llanmasiga ega bo'ladi.

Guruhlar va mezbonlar
Biz uchun ko'proq musobaqaning bevosita saralash bosqichi muhim bo'lgani uchun guruhlar va mezbonlarga to'xtalib o'tamiz.
A guruhi - Janubiy Koreya, Qirg'iziston (mezbon), Livan.
B guruhi - O'zbekiston (mezbon), Suriya, Hindiston, Bangladesh.
C guruhi - Eron, Vetnam (mezbon), KXDR, Falastin.
D guruhi - Iordaniya, Tojikiston, Bahrayn (mezbon), Afg'oniston.
E guruhi - Saudiya Arabistoni, Qatar (mezbon), Ummon, Gonkong.
F guruhi - Iroq, Tailand (mezbon), BAA, Turkmaniston.
G guruhi - Yaponiya, Yaman, Kambodja (mezbon), Kuvayt.
H guruhi - Avstraliya, Indoneziya, Malayziya, Laos (mezbon).
Shunday qilib saralash o'yinlariga 8ta davlat mezbonlik qilmoqda: Qirg'iziston, O'zbekiston, Vetnam, Bahrayn, Qatar, Tailand, Kambodja va Laos.
1-tur natijalari
O'zbekiston U-20 terma jamoasi kecha saralashdagi ilk o'yinini Bangladeshga qarshi o'tkazib 2:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu bahsda Kuanishbek Saydaliev va Quvonchbek Abraev tomonidan kiritilgan gol vakillarimizga ilk uch ochkoni taqdim etdi. Quyida barcha guruhlarda qayd etilgan natijalarni keltirib o'tamiz.
Livan - Janubiy Koreya 2:3
Suriya - Hindiston 0:1
O'zbekiston - Bangladesh 2:0
Eron - Falastin 2:1
Vetnam - KXDR 0:3
Iordaniya - Afg'oniston 1:0
Tojikiston - Bahrayn 2:3
Saudiya Arabistoni - Gonkong 2:0
Qatar - Ummon 1:2
Iroq - Turkmaniston 1:2
Tailand - BAA 1:0
Yaponiya - Quvayt 4:0
Yaman - Kambodja 1:2
Indoneziya - Malayziya 0:0
Avstraliya - Laos 2:0

O'zbekiston U-20 qachon o'ynaydi?
Saralash bahslarida ishtirok etayotgan U-20 terma jamoamiz 2-turni 3 sentyabr kuni Hindiston hamda 3-turni 6 sentyabr kuni Suriyaga qarshi o'tkazadi. Har ikkala bahs soat 19:00ga qo'yilgan bo'lib, "Do'stlik" stadionida bo'lib o'tadi. Ushbu terma jamoaga Jamoliddin Rahmatullaev bosh murabbiylik qilayotganidan xabaringiz bor.

U-20 Osiyo chempionatida nechta jamoa qatnashadi?
O'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatidan farqli o'laroq ushbu musobaqa har ikki yilda bir marta o'tkaziladi. 2027 yil Xitoy mezbonlik qiladigan U-20 Osiyo chempionatida 16ta jamoa qatnashadi. Yana 15ta jamoa nomi aynan saralashdan so'ng ma'lum bo'ladi. Xitoydagi musobaqa o'z navbatida U-20 Jahon chempionati yo'llanmasi uchun o'ynaladi hamda FIFA tomonidan Osiyoga 4ta yo'llanma berilgan. Demak, yarim finalga chiqqan jamoalar o'z navbatida JCH ishtirokchisiga aylanadilar.
Xabaringiz bor, navbatdagi U-20 Jahon chempionatiga 2027 yil O'zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladi. Bu degani O'zbekiston Osiyo chempionatiga chiqib qanday natija ko'rsatmasin, baribir mezbon sifatida kichik mundialda o'ynaydi. Lekin bizga ma'lum bo'lishicha, O'FA rahbariyati tomonidan bu jamoa oldiga Osiyo chempioni bo'lish vazifasi qo'yilgan. Jahon chempionati kelasi yilning kuz oylarida bo'lib o'tishi yaqinda ma'lum qilindi.



