

- O'yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- Albatta, kutilganidek shiddatli va kurashlarga boy o'yin bo'ldi. Ishonamanki, tashrif buyurgan muxlislarga ham uchrashuv maqul keldi. "Paxtakor" - kuchli jamoa, lekin biz ham yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. O'yinda ham, menimcha, biz yaxshiroq edik va har bir pallada g'alabaga yaqinroq edik, deb o'ylayman. Albatta, raqib standart vaziyatlardan unumli foydalandi. Lekin umuman o'yinni oladigan bo'lsak, bizda ko'proq imkoniyat bo'ldi. Bugun, albatta, "Paxtakor" darvozaboni ajoyib harakat qildi. Umuman olganda, bizga qarshi har bir jamoaning darvozaboni juda yaxshi o'yin ko'rsatmoqda. Va albatta, biz o'z imkoniyatlarimizdan unumli foydalanishimiz kerak.
- "Paxtakor"ning o'yin boshida uchta markaziy himoyachi bilan tushgani siz uchun qanchalik syurpriz bo'ldi? 25-daqiqagacha uch markaziy himoyachi bilan o'ynadi, keyin Akmal Mozgovoy oldinroqqa - yarim himoyaga chiqib oldi.
- Albatta, muayyan manoda kutilmagan hol bo'ldi. Chunki eronlik himoyachining diskvalifikaciyasi borligi sababli ushbu o'yinda o'ynamasligi aniq edi. Agar u aniq bo'lganida, beshtalik himoyada o'ynashlari mumkinligi haqida taxminimiz bor edi, chunki oxirgi o'yinda shunday o'ynashgandi. Mozgovoy ham undan oldingi o'yinlarda beshinchi bo'lib tushgan edi, ammo bizga qarshi beshtalik himoyada o'ynashadi deb o'ylamagandik. Shunga qaramay, "Paxtakor"ga birinchi navbatda jiddiy imkoniyatlar bermadik. Birinchi bo'limdagi xatodan so'ng bitta imkoniyati va standart vaziyati bo'ldi, xolos. Qolgan vaziyatlarda xavfli epizodlarni eslay olmayman. Biz esa, raqib beshtalik himoyada o'ynaganiga qaramay, ancha xavf tug'dirdik va ko'plab imkoniyatlarga ega bo'ldik. Faqat realizaciya yetishmadi.
- Hakamlik haqida fikringizni bildirsangiz. Sababi "Paxtakor" tomonidan ham, sizning tomoningizdan ham etirozlar bo'ldi. "Paxtakor" vakillari Flamarion bilan bog'liq penaltiga o'xshash epizodda etiroz bildirishdi, sizlarda esa Ruslan Jiyanov tepgan penalti nega takroran teptirilmagani bo'yicha savol bor...
- Birinchidan, hakamlar tomoni haqida gapirish noqulay, chunki o'tgan o'yinda ham savollarimiz ko'p edi. Ilgiz Tantashev aslida yaxshi darajadagi hakam. Uning o'yinni boshqarishi, kurashlarga va epizodlarga imkoniyat berishini bilardik. Lekin bugun ko'p mayda follarda kurashishga imkoniyat bermadi, xushtak chalaverdi. Bu borada Ilgizni tanimadik. Albatta, fol bordir, buni aytish qiyin. Lekin penaltiga keladigan bo'lsak, o'tgan turda bizning penaltimizni bekor qilishdi. To'g'rirog'i, penalti tepdik, lekin qaytgan to'pga yugurib kelib Komilov urgan golni bekor qilishdi. Sababi - bir qadam vaqtidan oldin kirib ketilgani uchun. Bugun esa Ruslan Jiyanov penaltini tepayotganda raqib o'yinchisi vaqtidan oldin maydonchaga kirib keldi va to'pga o'ynadi. Aslida to'pga zarba berilguniga qadar jarima maydonchasiga kirmaslik kerak. Men o'tgan o'yindan so'ng futbolchilarimga vaqtidan oldin kirmanglar deb aytgandim. Bugun esa raqib o'yinchisi birinchi bo'lib kirib keldi va to'pga o'ynadi. O'tgan safar bizga aytishgandiki: agar raqib o'yinchisi birinchi bo'lib kirib to'pga o'ynasa, penalti qaytadan tepiladi va 11 metrlik zarba qaytariladi. O'shanda biz so'ragandik. Bugun esa, bilmadim, bu bo'yicha ish olib borildimi-yo'qmi, VAR negadir buni chaqirmadi va qayta teptirilmadi. Vaholanki, epizodni ko'rgan bo'lsak, raqib o'yinchisi Ruslan Jiyanov tepishidan oldinroq kirgan va aynan o'sha futbolchi to'pga o'ynagan. Savollar bor. Buni hakamlar qo'mitasi va rahbariyati ko'rib chiqadi va tahlil qiladi deb o'ylayman. Chunki hakamlar xolis bo'lishi va ikkala jamoaga bir xilda hakamlik qilishi, ayniqsa o'yin natijasiga ta’sir o'tkazmasligi kerak. Xatolar kamroq bo'lsin, biz ham o'z xatolarimiz ustida ishlab, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.
- "Buxoro"ga qarshi o'yindagi yirik g'alabadan so'ng taktikani o'zgartirib, ikkita markaziy hujumchi bilan o'ynay boshlandingiz. Bu Abdurahmonovning sport formasi bilan bog'liqmi?
- Albatta, ular hujumda yaxshi o'yin ko'rsatishmoqda, shuning uchun bu imkoniyatdan foydalanyapmiz. "Dinamo"ga qarshi bitta hujumchi bilan ham o'ynagandik. Hozir hujumda rotaciya qilish uchun imkoniyatlarimiz va yaxshi hujumchilarimiz bor. Bu ikkita hujumchi degani emas, ulardan biri baribir pastroqqa tushib, ichkaridan harakat qiladi. Bu foydali bo'lmoqda va ko'proq imkoniyatlarga ega bo'lyapmiz. Muammo faqat vaziyatlarni realizaciya qilishda bo'lyapti, xolos. OKMKga qarshi o'yinda ham statistika bo'yicha 20 tadan ortiq zarba berdik va ko'p imkoniyatlarga ega bo'ldik. OKMK esa uchta zarba berib (ikkitasi aniq), gol urdi. Vaholanki, OKMK - eng hujumkor jamoalardan biri. Biz ularga imkoniyat bermadik, faqat o'zimizda foydalanishda biroz omad yoki xotirjamlik yetishmayapti. Buning ustida ishlaymiz.
- Oxirgi ikki turda OKMK va "Paxtakor" bilan durang o'ynab, ochko yo'qotildi. "Navbahor"ning chempionlik uchun imkoniyati susayib, faqat Kubok qoldi deb o'ylaysizmi?
- Albatta, OKMK ham, "Paxtakor" ham yaxshi jamoalar, ochkolarni osonlikcha yo'qotmaydi. Ochkolar orasidagi farq ham rol o'ynaydi. Lekin biz oxirigacha kurashamiz, ularda ham qiyin uchrashuvlar va OCHL o'yinlari bor, ochko yo'qotishlar bo'ladi. Vaqt ko'rsatadi, bu - nasib. Eng asosiysi, o'z o'yinimizga e'tibor qaratib, ochkolarni jamg'arishimiz kerak.
- Navbatdagi o'yin Kubok doirasida Pro-liga vakili "G'azalkent"ga qarshi bo'ladi. Bu raqibga qarshi o'yinda futbolchilarning bo'shashib ketish xavfi yo'qmi?
- Yo'q, "G'azalkent" Pro-ligada ham, Kubokda ham yaxshi o'yin ko'rsatib kelmoqda. Ularning bu bosqichgacha kelgani bejiz emas. Jamoa professional darajada shakllangan. Shunga ko'ra, jamoaga jiddiy qaraymiz va yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz. Ertadan tiklanish jarayonini boshlab, uchrashuvga hozirlik ko'ramiz. Bu o'yin yoshlar va umuman ikkala jamoa uchun ham foydali bo'ladi deb o'ylayman.



