

Shackix "Ukrainskiy futbol" nashriga bergan intervyusida rekordni boy berganidan afsuslanmayotganini ta'kidladi.
"Yo'q, albatta, hech qanday hasad yo'q! Bu – tarix. Hozir bu haqda bir-ikki kun gapirishadi, keyin esa unutishadi. Faqat kimdir ushbu natijaga yaqinlashganida yana eslashadi.
Bu haqda yuzlab marta aytganman: men uchun rekordlar eng muhimi emas. Muxlislarning etirofi va tribunalar meni qanday hayajon bilan kuzatib qo'ygani ancha muhimroq.
Odamlarning etirofi men uchun quruq raqamlardan beqiyos darajada qadrliroq. Albatta, noming futbol statistikasida bir umrga qolishi yoqimli. Ammo takrorlayman, bular ikkinchi darajali narsalar", – dedi Shackix.
Shuningdek, sobiq futbolchi Yarmolenko rekord o'rnatgan uchrashuvni tomosha qila olmaganini, biroq uni yangi natija bilan tabriklaganini bildirdi.
"Afsuski, o'yinni ko'ra olmadim, chunki o'sha vaqtda jamoamizning ham uchrashuvi bor edi. Taassurotlarimga kelsak, nima ham deyishim mumkin? Andreyni hali qishda Turkiyadagi yig'in paytida tabriklagandim. Uning imkoniyatlariga shubha qilmagandim.
Hozir yana bir bor tabriklayman. Uning bunday natijaga erishganidan chin dildan xursandman. Rostini aytsam, butun qalbim bilan quvondim. Barakalla! Unga faqat shu ruhda davom etishini tilayman", – dedi mutaxassis.
Ma'lumot uchun, Ukraina chempionatining 11-turidan o'rin olgan "Dinamo" va "Krivbass" o'rtasidagi uchrashuvda (2:0) Andrey Yarmolenko 43-daqiqada penaltidan gol urdi.
Bu 37 yoshli futbolchining Ukraina Premer-ligasidagi 125-goli bo'ldi. Shu tariqa, u 124 ta gol bilan o'n yildan ortiq vaqt davomida rekordchi bo'lib kelgan Maksim Shackixning natijasini yangiladi.
Eslatib o'tamiz, Shackix 2025 yil noyabr oyidan buyon Qirg'izistonning "Aziya Talas" klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda.


