Timur Kapadze: "Alamli durang bo'ldi. Biz har taraflama g'alabaga haqli edik"

5 sen 2026, 00:25
Superliganing 20-turi doirasidagi "Navbahor" - "Lokomotiv" (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Qiyin o'yin bo'ldi, buni kutgandik. Chunki "Lokomotiv" - yaxshi jamoa. Alamli durang bo'ldi, deb o'ylayman. "Lokomotiv" bittagina epizodidan foydalanib ketdi va shunda ham mahorat evaziga. Ular boshqa imkoniyat ham yaratishmadi. Bizda esa yaxshi imkoniyatlar bor edi, foydalana olmadik. Hisob 1:0 bo'lganida ham, undan oldin ham. Vaziyatlardan foydalanish kerak edi, baribir 1:0 - juda qaltis hisob. Futbolchilarga etirozim yo'q. Biz har taraflama g'alabaga haqli edik. O'yinda ko'proq imkoniyatlarga ega bo'ldik. Bitta vaziyatda e'tiborni yo'qotib, gol o'tkazdik. Shu sababli alamli durang bo'ldi. Muxlislarga rahmat aytaman.

Oyning eng yaxshi murabbiyi bo'lganim - jamoaning yutug'i. Bu sovrinda muxlislarning, rahbariyatning, jamoaning hissasi katta. Bunga hammamiz birgalikda erishdik. Barcha futbolchilar ko'rsatmalar asosida o'ynashlari kerak edi. Muhammadali Usmonov birinchi bo'limda yaxshi o'ynay olmadi. Uning o'yin uslubi mos tushmadi. Epizodlarga u mos tushmadi. Ayrim vaziyatlarda futbolchilarimizni tanimadik. Bunda charchoq alomatlari ham bor. Uch kun oldin kubokda o'ynagandik. "Lokomotiv" esa kuchga to'laroq edi, bu ko'rinib turibdi. O'rtada ular kubokda o'ynashmadi va o'yinga tayyorlanish uchun etarlicha vaqti bor edi. Shuni ham tushungan holda maydonga tushdik. Lekin futbolchilar bugun oxirigacha kurashishdi va faqatgina vaziyatlardan foydalana olmadik. Barchasini taxlil qilib chiqamiz. O'z navbatida raqib ham ayrim vaziyatlarda bizga imkoniyat berishmadi.

Bizda katta o'zgarishlar bo'lmaydi. Hozirgi tarkib va raqibning uslubidan kelib chiqib, nozik tomonlaridan ushlashga harakat qilamiz. Bu qayerdadir o'xshamoqda, qayerdadir o'xshamayapti. Bu erga har xil raqib kelmoqda. Ular turlicha uslubda o'ynashmoqda. Shu sababli biz ham raqib uslubiga moslashishga, o'zgarishlar qilishga majbur bo'lyapmiz. O'yin boshida Asadbek Rahimjonovning safdan chiqqani yoqimsiz holat bo'ldi. Ishlaydigan jihatlarimiz ko'p. Oldimizda vazifalar turibdi. Bu uchun harakat qilishmiz kerak.

Husaynning vaziyati o'yinlarda bo'lib turadigan holat. U boshqasiga to'pni uzatishi ham mumkin edi. Buni biz hal qilib oldik. Hujumchilar baribir qizg'anchiq bo'lishi kerak deyishadi. Lekin o'sha epizodda uning pas bergani yaxshiroq edi. Balki u o'zi tepib, uraman deb o'ylagandir. Barchasi soniyalar ichida bo'ladi, biz uchun gapirish oson. Aytyapman-ku, epizodlarda yaxshiroq o'ynashimiz kerak edi.

Har o'yinda zarbalar bo'ladi. Bazi o'yinlarda raqiblar zarba beradi, ayrimlarida bermaydi. Biz qanotlarni ham ishlatamiz. Demak, raqiblar bizga imkoniyat berishmagandir. Ayrim epizodlarda oxirigacha kurasha olmadik. Bu o'yinni olib chiqib keta olardik. Peshonamizda shunday durang bor ekan, Hudoga shukur deymiz. Ishlashda davom etamiz. Bu futbol, barchamiz buni tushunib turibmiz. So'nggi 2-3 o'yinda anchagina kuch yo'qotdik, bunda jarohatlar ham bo'ldi. Barchasini inobatga olamiz. "Lokomotiv"dan kamroq dam olgan bo'lsak-da, ulardan tetikroq ko'rindik.

Raqiblar chiroyli gol urishdi. Lekin bu uchun olib kelish ham bor. Balki o'sha vaziyatda biz yaxshiroq o'ynashimiz kerak bo'lgandir. O'sha yerda Saidazamat yaxshiroq harakat qilishi kerak edi. U oddiy holatda raqibga yutqazdi. Raqib bizdan o'tib ketdi, bu futbolda bo'ladigan narsa. Uzoqdan tepgan to'pi ham kirib ketishi mumkin. Kiraman degan to'p kirib ketaveradi. Muammo yo'q, biz o'zimiz ko'proq urishimiz kerak edi. Hisob 1:1 paytida ham gol ursak bo'lardi. Qayerdadir futbolchilarga tetiklik, qayerdadir xotirjamlik yetishmagandir. 3 kun oldin "Nasaf" bilan o'yinda katta miqdorda hissiyotlar ketgandi. Shu sababli ayrim sabablar bor. Lekin bu o'yinda yutishimiz uchun bu o'z ta’sirini o'tkazmasligi kerak edi.

Umar Adhamzoda va Diyor Xolmatov o'tgan o'yinda katta xajmdagi ishni bajardi. Ularda ham katta kuch ketgandi. Zaxiradan tushgan futbolchilar o'yinni kuchaytirdi. Bo'sh hududlar ko'p edi. Shu sababli o'yin oxirida Dilshod Komilovni o'yinga qo'shdim. Hisob 1:1, lekin o'yinni olib chiqib keta olishimizni ham himoyani ham o'ylashimiz kerak edi. Husaynda kuch ko'p edi, agarda o'zgarishlarim bo'lganida boshqasini tushirgan bo'lardim, - dedi Kapadze.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia