

Jamoani mavsum boshida serbiyalik mutaxassis Milan Milanovich qabul qilib olgan edi. Murabbiy o'zining debyut mavsumidayoq mamlakat kubogini “Xo'jand” bilan boshi uzra baland ko'tardi. Ma'lumot uchun, Milanovich faoliyati davomida Qozog'istonning “Irtish”, “Tobol” jamoalarini boshqargan.
- "Xo'jand" bilan Tojikiston Kubogida zafar quchdingiz. Buning qo'lga kiritilishi, ungacha bosib o'tilgan yo'l haqida gapirib bersangiz…
- "Xo'jand" bilan Tojikiston Kubogida g'olib chiqdik. Bundan juda xursandman. Sovrin uchun ko'p mehnat qildik, ishladik. Toshkentda o'tgan yig'inlarda jamoaning kamchiliklarini ko'rib olgandim. Vaqt o'tgani sari xatolar bartaraf etib borildi. Yakunda kubok yutdik. Murabbiy sifatida bu sovrinning men uchun ahamiyati katta.
- Tojikiston futboli, klub qanday murakkabliklar bilan sizni qarshi oldi?
- Chempionat uzoq davom etardi, oson bo'lmagan yo'l bor edi. Mavsumning startida yaxshi o'ynadik, keyin esa ketma-ket 3 ta o'yinda mag'lub bo'ldik. Yozgi tanaffusdan so'ng natijalarimiz yaxshilandi. Jamoani yig'inlarda yangidan shakllantirishga to'g'ri keldi. O'tgan yilgidan kam futbolchi qolgandi. Hozirga kelib natijalarimiz yaxshi. Tojikiston Kubogida "Istiqlol"ni turnirdan chiqarib yubordik. "Ravshan"ni engdik. "Vaxsh" ham yaxshi o'yin o'tkazdi. Ko'ryapsizki finalgacha yaxshi jamoalar sinovidan o'tdik. Ha, stadionlarda muxlislar ko'p. Ular o'z jamoalarini yaxshi ko'rishadi. Maydondan tashqarida ham qo'llashadi. Ularga xursandchilik ulashganimizdan xursandman.
- "Tobol" bilan Evrokuboklarga yo'llanmani qo'lga kiritgan edingiz. Kostanayliklardan qolgan xotiralar bilan o'rtoqlashsangiz…
- "Tobol"ni yaxshi xotiralar bilan eslayman. Kostanay hokimi futbolni yaxshi ko'rardi. Menga o'yinchilarning sifati manzur kelgandi, ochig'i ijobiy manoda xayratlangan edim. Jamoada terma jamoa a'zolari, legionerlardan taniqli Zoran Toshich bor edi. U SSKA, "Manchester Yunayted"da o'ynagan. Ularning professionalligi yoqqan. Men qanday o'yin istayotganimni tezda tushunib olishgan.
- O'z vaqtida "Tobol"da o'zbekistonlik hujumchi Igor Sergeev bilan ishlagansiz. Igor Sergeevning qaysi sifatlarini alohida ko'rsata olasiz?
- Igor Sergeevni birinchi o'rinda insoniylik sifatlarini etirof etaman. Inson sifatida menga manzur kelgan, juda xotirjam va ishiga professional. Igor jarima maydonchasi ichi qiroli. Jamoaning hujumlariga ajoyib yakun yasay oladi. Yarim himoyachilar unga ko'proq uzatma berardi. Chap oyoq va bosh bilan darvozaga ajoyib zarba bera oladi. "Tobol"da jismoniy holati ham zo'r edi. Sergeev juda tarbiyali yigit.

- Siz va boshqa yevropalik mutaxassislarga Markaziy Osiyo jamoalariga, mentalitetga moslashish qancha vaqt talab qiladi? Nimasi ko'proq o'ziga tortadi?
- Ha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida yaxshi maosh to'lashadi. Bu mutlaqo to'g'ri. Bundan tashqari menga Qozog'iston, Tojikiston, O'zbekiston chempionatlari qiziq tuyulgan. Men mahalliy muxlislarni hurmat qilaman. Mahalliy futbolchilarga nimadir o'rgatishni istayman. "Xo'jand"da ham, Qozog'istonda ham hurmat qozonishga harakat qilganman.
- "Tobol"dagi faoliyatingizdan so'ng O'zbekiston klublaridan qiziqish bo'lgan ekan...
- O'zbekistondan takliflar bo'lmagan, lekin doim katta qiziqish bilan ko'raman. Chunki qo'l ostimda avval o'ynagan Cheran, Stanoevich, Bubanya bor. Cheran va Markoga o'z otasidek bo'lib qolganman, chunki biz ko'p gaplashamiz. Bu futbolchilarni 3 ta jamoada shug'ullantirganman. Keyinchalik ular O'zbekiston, OCHL da munosib o'ynashdi va o'ynamoqda. Mamlakat chempioni, to'purariga aylanishdi. Hozir Serbiyada ham O'zbekiston chempionatini kuzatish mumkin. O'zbekiston klublari bilan tanishman, terma jamoangiz Jahon chempionatida qatnashdi. Bundan xursand bo'ldim. Yig'inlar davomida bir nechta stadionlarni ko'rdim, u erlarda tezkor va yosh futbolchilar shug'ullanishmoqda. Ular haqiqiy futbol o'ynashmoqda.
- Tojikiston futbolining rivojlanish, salohiyatiga qanday baho berasiz? Imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
- Tojikiston futbolining kuchayishi ko'proq strukturaga bog'liq. Klublar strukturasi yaxshilansa, natijalar ham yaxshilanadi. Yosh futbolchilarga imkoniyat berish kerak. Legionerlarga bog'lanib qolish ham bor, ularni sifatlisini olish talab etiladi.



