

- O'yin haqidagi fikrlaringiz...
- Albatta, Buxoroda "Buxoro"ga qarshi o'ynash oson bo'lmasligini bilardik. Bahsga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik, raqibni atroflicha o'rganib chiqdik. Bellashuv kurashlarga boy o'tgan bo'lsa-da, bugun biz har tomonlama yaxshiroq o'yin ko'rsatdik va haqli g'alabani qo'lga kiritdik, deb o'ylayman. Shu munosabat bilan futbolchilarimizni tabriklayman, maydonda juda faol harakat qilishdi. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz.
- Bugun ikkala qanot himoyasiga ham aslida markaziy himoyachi bo'lgan bo'ydor futbolchilarni tushirdingiz. Bu qaror raqibning standart vaziyatlardagi xavfli o'yini bilan bog'liqmidi?
- Albatta, chunki baland bo'yli futbolchilar kerak edi. Shunga ko'ra, Qodirdan tashqari Dilshod hamda Umarni ham maydonga tushirdik. Bilamiz, "Buxoro"ning eng kuchli tomonlaridan biri - bu standart vaziyatlar. Lekin o'yin shuni ko'rsatdiki, raqibda standartlar juda kam bo'ldi. Bahs yakunidagi vaziyatlarni hisobga olmasak, deyarli to'pni jarima maydoniga uzata olishmadi. Chunki o'yin nazorati qo'limizda edi. Aslida ham, siz aytganingizdek, bo'ydor futbolchilarni mazkur omilni inobatga olib maydonga tushirgandik.
- Jamoaning oxirgi o'yinlariga e'tibor qaratsak: dastlab gol uryapti-da, keyin bosib o'tmay, tezkorlik bilan o'z darvozasidan to'p olib chiqyapti. Bu holatni nima bilan izohlaysiz?
- Bu, albatta, qaysidir manoda diqqat-e'tiborni yo'qotish bilan bog'liq. To'g'risini aytsam, juda oson gol o'tkazib yubordik. Oddiy uzatmadan so'ng ikki markaziy himoyachimiz xatoga yo'l qo'ydi, sug'urtalash ham bo'lmadi. Pala-partishlik natijasida "Buxoro" gol urib ketdi. Lekin shunga qaramay, o'z kuchimizni to'play oldik. Chunki bosim va muxlislar omili bor edi. To'p nazoratini davom ettirdik. Ikkinchi bo'limda esa hamma narsa o'z joyiga tushdi. Jamoamiz gol urgan ondayoq o'z darvozasidan to'p o'tkazib yuborgani yoqimsiz, albatta. Agar o'sha gol bo'lmaganida, raqib ochilishi hisobiga birinchi taymning o'zidayoq yana gol urishimiz mumkin edi.
- Shoxruh Abdurahmonovni bugun markaziy hujumda o'ynatdingiz va bu qaror o'zini oqladi. Husayn Norchaev jarohat olganmi? Shoxruhning zaxiradan maydonga tushishi avvaldan rejada bor edimi?
- Birinchidan, Husayn va Asadning yo'qotilishi jamoamiz uchun sezilarli bo'ldi. Tarkibda bunday muammolar va shamollashlar "Buxoro"da ham, boshqa jamoalarda ham uchrab turadi. Tarkibda Kojoni tushirdik, u ham birinchi bo'limda yomon harakat qilmadi, ikkinchi bo'limda ham imkoniyati bo'ldi. Shoxruhga kelsak, u avval ham hujumchilar yo'qligida markazda o'ynab, foydali harakat qilgan. Rejamizda uni tushirish bor edi va buni amalga oshirdik. Zaxiradan tushgan futbolchilarni biroz kechroq maydonga tushirganimizning sababi - maydondagi o'yinchilarning jismoniy holati va harakatlari bizni qoniqtirayotgan edi.
- Muhammadali G'iyosov ham uchrashuvdan so'ng g'alabani nishonlashda ko'rindi. U qachon safga qaytadi?
- Uni ham sabrsizlik bilan kutyapmiz. Hozircha individual tarzda tiklanish mashg'ulotlarini o'tkazyapti. "Bunyodkor" bilan o'yinda olgan jarohati biz uchun katta yo'qotish bo'ldi. O'zi asli buxorolik bo'lgani uchun ham bugungi o'yinga keldi. Nafaqat o'z a'zolarimizga, balki barcha futbolchilarga sihat-salomatlik tilayman, tezroq safga qaytishsin. Muhammadali keyingi bahsda maydonga tushmasa-da, terma jamoalar o'yinlari sababli yuzaga keladigan tanaffusdan so'ng safga qaytadi, deb o'ylayman.



