Tarixda ilk bor JCH g'oliblariga chempionlik uzuklari topshiriladi

Sherzod Nurmatov
17 iyul 2026, 17:55
2026 yilgi Jahon chempionati g'oliblari futbol tarixida birinchi marta noyob mukofotga ega bo'lishadi.

Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) matbuot xizmati ma'lum qildi.

FIFA shafeligidagi turnirlar tarixida ilk bor chempionlik uzuklari topshiriladi. Ushbu anana Amerika sport ligalariga (NBA, NFL) xos bo'lib, JCH-2026 AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o'tayotgani sababli joriy etilmoqda.

2.jpg

Har bir uzuk cheklangan miqdorda turnir o'tkazilayotgan yilga ramziy ishora sifatida atigi 2026 dona individual raqam bilan ishlab chiqariladi. Ulardan 30 tasi g'olib jamoa futbolchilari va murabbiylariga topshiriladi, qolgan 1996 tasi esa FIFAning rasmiy licenziyalangan mahsuloti sifatida butun dunyo bo'ylab sotuvga chiqariladi.

Uzukning bir tomonida futbol bo'yicha Jahon chempionati kubogi, ikkinchi tomonida esa g'olib jamoaning logotipi aks ettiriladi. Har bir uzuk raqamlanadi, egasining barmoq o'lchamiga moslanadi va haqiqiylik sertifikati bilan taminlanadi.

Final uchrashuvi yakunlanishi bilan g'olib jamoa sardori va bosh murabbiyiga taqdirlash marosimi uchun vaqtinchalik uzuklar topshiriladi. Shundan so'ng barcha 30 ta chempionlik uzugi individual buyurtma asosida tayyorlanadi va tayyor bo'lishi bilan rasmiy topshirish marosimi o'tkaziladi.

Eslatib o'tamiz, JCH-2026 finalida Ispaniya va Argentina terma jamoalari o'zaro to'qnashadi. Uchrashuv 20 iyulga o'tar kechasi Nyu-Jersidagi arenada bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: fifa.com