

- Avvalo, jamoamizning barcha futbolchilari, murabbiylar shtabi, klub rahbariyati va bizni qo'llab-quvvatlagan barchani chempionlik bilan tabriklayman.
O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, bugun haqiqiy finalga xos, murosasiz va keskin kurashlarga boy uchrashuv bo'ldi. Jamoamiz futbolchilari maydonda bor imkoniyatlarini ishga solib, o'zlariga xos o'yin namoyish etishdi. Eng muhimi, kerakli natijaga erishib, chempionlikni qo'lga kiritdik va Pro liga sari muhim qadam tashladik.
Ushbu muvaffaqiyatga erishish yo'lida mavsum davomida katta mehnat qilindi. Fursatdan foydalanib, butun mavsum davomida bizni qo'llab-quvvatlagan, jamoamizga ishongan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman. Futbolchilarimiz har bir uchrashuvda bor kuchlarini ishga solib, chempionlikka munosib ekanliklarini isbotlashdi.
Shuningdek, musobaqa tashkilotchilariga ham alohida rahmat aytmoqchiman. Musobaqa yuqori saviyada tashkil etildi. Ayniqsa, final uchrashuvi oldidan o'tkazilgan tadbirlar, yaratilgan sharoitlar va tashkiliy ishlar etirofga loyiq. Buning uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.
Mavsum boshida jamoamiz oldiga Pro ligaga chiqish vazifasi qo'yilgan edi. Bugun ana shu maqsadimizga erishdik. Albatta, bu biz uchun katta yutuq. Ammo bu bilan to'xtab qolmoqchi emasmiz. Kelgusi mavsumda ham munosib ishtirok etish, oldimizga qo'yilgan yangi vazifalarni bajarish uchun harakat qilamiz.
Jamoamizning ushbu muvaffaqiyati klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilarning birgalikdagi mehnati samarasidir. Biz butun mavsum davomida bir oiladek harakat qildik. Murabbiylarimiz jamoada tartib-intizomni taminlash, futbolchilarni uchrashuvlarga puxta tayyorlash va mashg'ulotlarni sifatli tashkil etish yo'lida katta mehnat qilishdi.
Klub rahbariyatiga, ayniqsa, biz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bergan insonlarga alohida minnatdorlik bildiraman.
Qoraqalpog'iston futbol akademiyasida bugun juda yaxshi salohiyatga ega yosh futbolchilar yetishib chiqmoqda. Ishonamanki, kelgusida ular nafaqat klubimiz, balki turli yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz safida ham munosib ishtirok etishadi.
Yana bir bor barchani chempionlik bilan tabriklayman. Bu g'alaba - barchamizning umumiy mehnatimiz mahsuli bo'ldi.


