

39 yoshli Messi 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresdagi "Monumental Antonio Vespusio Liberti" stadionida Beninga qarshi bahsda Argentina terma jamoasi safida so'nggi marta maydonga tushadi. U avvalroq xalqaro faoliyatini yakunlashini ma'lum qilgan edi.
"Menimcha, u bunga loyiq. Men bu ishga oz bo'lsa-da hissa qo'shganimdan xursandman. Uning xayrlashuv marosimida bo'lishni xohlayman. O'zim ham keyin ishlashda davom etamanmi-yo'qmi, bilmayman. Shuning uchun u ushbu o'yinda maydonga tushishi uchun harakat qildik", - dedi Skaloni.
Mutaxassis Messining muxlislar bilan xayrlashish istagini alohida ta'kidladi:
"Biz uning boshidan kechirayotgan barcha narsalarni bilardik. Shunga qaramay, u kelib, o'z xalqi - uni shunchalik yaxshi ko'radigan insonlar bilan xayrlashish uchun xohish va kuch topdi.
Agar xayrlashuv marosimini o'tkazish kerak bo'lsa, buni hozir qilish lozim. Chunki u hech qachon to'xtamasa ham, keyin bu sehr avvalgidek bo'lmasligi mumkin. Hozir esa u muxlislar mehrini his qilishi mumkin bo'lgan eng yaxshi payt", - deya qo'shimcha qildi Argentina bosh murabbiyi.
Skaloni Messi bilan shaxsan suhbatlashganini ham aytdi: "Men u bilan gaplashdim va buni aynan hozir qilish kerakligiga ishontirishga harakat qildim. Keyin nima bo'lishini hech kim bilmaydi. U meni tushundi. AFA va prezident ham bu tashabbusni qo'llab-quvvatladi. Bu juda chiroyli holat va u bunga loyiq. Buni qanchalik erta qilsak, shunchalik yaxshi".
Eslatib o'tamiz, ayni shu sababli Argentinaning Osiyodagi turnesi, hususan, O'zbekiston termasiga qarshi o'yini ham bekor qilindi.



