Messi Paulo Dibalani Argentina terma jamoasidagi xayrlashuv o'yiniga taklif etdi

Aslanov Jasurbek
24 sen 2026, 01:10
"Roma" hujumchisi Paulo Dibala Lionel Messi tomonidan forvardning Argentina terma jamoasidagi xayrlashuv o'yiniga taklif qilindi, deb xabar bermoqda Corriere dello Sport.

Shu bilan birga, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Lionel Skaloni futbolchini bo'lajak yig'in tarkibiga kiritmagan.

Messining xayrlashuv o'yini 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresdagi "Monumental" stadionida bo'lib o'tadi: Argentina terma jamoasi Benin terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Ushbu o'yin forvard uchun milliy terma jamoa libosidagi oxirgisi bo'ladi. Bahsga 2022 yilgi Jahon chempionati g'oliblari taklif etilgan.

Dibalaning o'yindagi ishtiroki borasida muayyan qiyinchiliklar mavjud: "Roma" bosh murabbiyi Djan Pero Gasperini ikkita qitalararo parvoz bilan bog'liq katta yuklama sababli futbolchini qo'yib yuborishni istamayapti. Argentinadagi o'yindan atigi besh kun o'tib, 11 oktyabr kuni "Roma" 2026/2027 yilgi mavsum Seriya Asining 6-turi doirasida "Komo"ga qarshi safar uchrashuvini o'tkazadi.

Paulo Dibala hisobida Argentina terma jamoasi tarkibida qo'lga kiritilgan 2022 yilgi Jahon chempionati oltin medali va 2022 yilgi Finalissimadagi g'alaba bor. Klub darajasida esa "Yuventus" sharafini himoya qilib, futbolchi besh marta Italiya chempioni bo'lgan, to'rt marta mamlakat kubogini va ikki marta Italiya Superkubogini qo'lga kiritgan.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Corriere dello Sport