Shota Gvazava: "O'ylaymanki, omadsiz seriya ortda qoldi"

Iskandarov Abdulaziz
21 avg 2026, 12:50
"Bunyodkor"ga qarshi kechgan bahsda (1:0) "Qo'qon-1912"ning yagona va g'alaba goliga mualliflik qilgan gruziyalik yarim himoyachi Shota Gvazava uchrashuvdan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- O'yin sifatiga maydon holati qanchalik ta’sir qildi?

- Og'ir va keskin kurashlarga boy o'yin bo'lishini kutgandik va shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. Maydon holati ikki jamoaga ham o'z darajasidagi chiroyli va yuqori suratdagi futbolni ko'rsatishga xalaqit berdi. Qo'qondagi bahs ham xuddi shunday ruhda kechgandi. Murabbiylar shtabi bizni oldindan og'ir kurash kutayotganidan ogohlantirgan edi. Bazida maydon sharoitiga moslashib, kurashlarga boy o'yinga o'tishga to'g'ri keladi. Yakunda hammasi rejadagidek chiqqanidan xursandman.

- "Bunyodkor" yosh jamoa. Ulardan qanday qarshilik kutilgandi?

- "Bunyodkor" - juda yosh, tezkor va to'p bilan yaxshi muomala qiladigan jamoa. Ular qisqa va aniq uzatmalar orqali kombinacion futbol o'ynashni xush ko'rishadi. Ammo biz raqibni yaxshi o'rganib chiqqandik. Murabbiylarimizning bergan ko'rsatmalari va to'g'ri tanlangan taktika maydonda o'z samarasini berdi, kiritilgan gol ham aynan shu puxta tayyorgarlik mahsuli bo'ldi.

- Oxirgi uchta o'yindagi muvaffaqiyatli seriya haqida...

- Albatta, ketma-ket qo'lga kiritilayotgan ochkolar butun jamoaga katta ishonch va mamnuniyat bag'ishlamoqda. Har bir klubda omadsiz va qiyin davrlar bo'lib turadi. Nazarimda, biz uchun o'sha noxush seriya ortda qoldi. Ilgari ham maydonga faqat g'alaba uchun tushardik, ammo qaysidir vaziyatlarda omad yuz o'girayotgandi. Endi esa omad ham tomonimizda. Buyog'iga faqat oldinga intilamiz va har bir bellashuvda maksimal natija uchun kurashamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia