

Vakillarimiz kecha taraddud doirasida Ekvador bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
O'yindan so'ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Sergey Chigodaev fikrlari bilan bo'lishdi.
"Ekvadorga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. Bu Jahon chempionati oldidan oxirgi yig'in hisoblanadi. O'yinga to'xtalsam, umumiy manoda yaxshi raqib tanlangan. Yigitlar ma'lum bir tajribaga ega bo'lishdi. O'zimizning xatomizdan so'ng keraksiz golni o'tkazib yubordik. Futbolchilar oxirigacha kurashishdi, jamoamizda xarakter bor. Tayyorgarlik davom etadi, oldinda yana bitta o'yin bor", - deydi Sergey Chigodaev.
- Jamoa o'yin tomonlama qanchalik shakllandi?
- Tarkib shakllangan, ro'yxatni aniqlab oldik. Jarohatlar to'sqinlik qilmasa, optimal tarkibda yo'l olamiz.
- Guruhda Afrika qitasidan raqiblar bor. Tayyorgarlik shu darajada bo'lyaptimi?
- Guruhimizda yaxshi raqiblar jamlangan. Barcha terma jamoalarni kuzatdik, o'rgandik. Istalgan jamoa bilan o'ynay olamiz.
- Bu terma jamoamiz uchun mundialda qaysi natija qoniqarli bo'ladi?
- O'tgan yili Osiyo chempioni bo'ldik, bu yil ham yaxshi qatnashdik. O'yin tomonlama hech kimga yutqazmadik. Faqat Yaponiyaga penaltilar seriyasida engildik. Hozir mashg'ulotlarda penaltilar ustida ishlayapmiz.



