Rustam Ashurmatov: "Eron ligasi davom etadigan degan gap-so'zlar bor. Aliqulov himoyamizning lideri edi"

Абдулвосит Бектемиров
25 mar 2026
MTJ himoyachisi Rustam Ashurmatov bugungi mashg'ulotlardan oldin OAV vakillari bilan suhbatlashdi.

"Kayfiyat yaxshi. Terma jamoaga yig'ilganda eski do'stlar bilan ko'rishamiz. Shu sabab kayfiyat ko'tariladi", - dedi Rustam Ashurmatov bugungi mashg'ulotlarda.

- Trinidad Tobago, Gabon va Venesuela kabi terma jamoalarga qarshi o'ynaymiz. Raqiblarning nomi sizlarga biroz engillik berdimi?

- Yo'q. Biz Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Shu sababli raqib kim bo'lishidan qati nazar o'zimizning o'yinimizni yaxshilashga harakat qilamiz. Raqibdan kuchliroqmiz yoki kuchsizmiz demay, maydonga chiqib o'z o'yinimizni ko'rsatamiz.

- Eron chempionati to'xtab qolgan. Legionerlar bir tomonlama shartnomani bekor qilish bo'yicha yangiliklar bormi?

- Katta ehtimol bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilinmaydi. Yaqin orada Eron chempionati davom etadi, degan gap-so'zlar bor. Mahalliy liga davom ettirilmaydigan holatda ham FIFAga xat jo'natib bo'lingan. Hozirgi vaqtda javobni kutyapmiz. FIFA ruxsat bersa, qaysidir jamoada ijarada o'ynashimiz mumkin.

- Deyarli to'rt haftadan buyon futbol o'ynamadingiz. Eron chempionatining to'xtatilgani sport formangizga qanchalik ta’sir o'tkazdi?

- Istaymizmi yo'qmi baribir ta’sir o'tkazadi. Futbolchiga o'nta mashg'ulotdan ko'ra bitta o'yinda ishtirok etgani afzal. Biz professional sifatida maksimal tarzda mashg'ulotlar va terma jamoa o'yinlari orqali sport formamizni imkon qadar saqlab turishi kerak.

- Qaysi raqibga qarshi o'yin qiyinroq bo'lishini kutyapsiz?

- Bu jamoalar bilan o'ynab ko'rmaganmiz. Shu sababli bir xil tayyorgarlik ko'ramiz. Qolganini esa vaqt ko'rsatadi.

- Husniddin Aliqulov og'ir jarohat oldi. Afsuski, u mundialni o'tkazib yuboradi. Aliqulovning yo'qligi qanchalik jiddiy yo'qotish?

- Juda katta yo'qotish. Aliqulov himoyamizning yetakchisi edi. Unga sog'liq tilab, imkon qadar tezroq safga qaytishiga tilakdoshman.


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: Championat.asia