Boyan Miladinovich: "Jahon chempionatida Serbiya yo'q. Butun vujudim bilan O'zbekistonga muxlislik qilaman"

Iskandarov Abdulaziz
28 may 2026, 15:35
O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga taraddudni davom ettirmoqda.

Biz esa taniqli futbol mutaxassislari, sobiq futbolchilar bilan fikrlar almashishda davom etamiz. O'z vaqtida "Paxtakor" safida ajoyib o'yinlari bilan etirof qozongan Boyan Miladinovich O'zbekiston terma jamoasi haqida gapirdi.

“O'zbekiston terma jamoasini tarixda ilk bor Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani bilan chin qalbdan tabriklayman. Butun o'zbek xalqi uchun bu ulkan g'urur va faxrdir. Mening fikrimcha, "oq bo'rilar" mazkur turnirning haqiqiy kashfiyotiga aylana oladi. Musobaqa juda qiyin o'tishi aniq, biroq O'zbekiston terma jamoasi futbolchilari o'z mahoratlarini ko'rsatib, guruhdan chiqa olishlariga ishonaman.

Fabio Kannavaroni dunyo futbolida hamma yaxshi taniydi. U o'z vaqtida yuqori saviyada to'p tepgani bois, bugungi kunda qo'lostidagi shogirdlarinijuda yaxshi tushunadi va boy tajribasidan kelib chiqib tayyorlayapti. Yigitlar vatan shanini xalqaro maydonda munosib himoya qila olishadi deya olaman.

So'zim yakunida barcha o'zbek xalqini Qurbon hayiti bilan muborakbod etaman. O'zbekiston terma jamoasining g'alabalari uchun hamisha duodaman.

Debyutant jamoa uchun eng muhimi - mamlakat nufuzini munosib himoya qilish. Hech narsadan qo'rqmaslik kerak, chunki O'zbekiston terma jamoasi futbolchilari eng yaxshilaridandir. Yigitlar maydonda butun borlig'ini berib o'ynashlari talab etiladi. Ushbu musobaqada o'zbek futbolining haqiqiy mahoratini ko'rsatish zarur. Hammasi yaxshi bo'lishiga umid qilaman. O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov va vice-prezident Odil Ahmedov futbolchilarga nima deyish va ularni qanday ruhlantirishni juda yaxshi bilishadi. Bu galgi mundialda Serbiya qatnashmayotgani bois, butun vujudim bilan O'zbekistonga muxlislik qilaman. Jamoa bilan birga g'alabada quvonaman, mag'lubiyatda kuyaman. Ishonaman, yigitlar muxlislarni xursand qila olishadi”, – dedi Miladinovich.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia