O'tmishga nazar. Marokash ishtirokidagi o'yinda jarohat olib, maydonni tark etgan Ilgiz Tantashev

Оқил Абдубарноев
19 iyun 2026, 15:00
Jahon chempionatining 2-turidan o'rin olgan Shotlandiya – Marokash uchrashuvini boshqarish vazifasi o'zbekistonlik taniqli referi Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasiga topshirildi.

Ko'pchilikka noma'lum bir jihat bor: Tantashev va Marokash terma jamoasi o'rtasidagi munosabatlar bundan ikki yil avval, 2024 yilgi Parij Olimpiadasida ro'y bergan dramatik va og'riqli voqeaga borib taqaladi.

2024 yilning avgust oyi. Parij yozgi Olimpiya o'yinlarining futbol dasturi o'zining qizg'in pallasiga kirgan. Marsel shahridagi mashhur "Velodrom" stadionida Marokash va Ispaniya terma jamoalari Olimpiada finali yo'llanmasi uchun maydonga tushishadi. Saviyasi jihatidan juda yuqori baholangan ushbu yarim final uchrashuvini boshqarish Osiyoning eng kuchli hakamlaridan biri Ilgiz Tantashevga ishonib topshiriladi.

O'yin kutilganidek shiddatli va yuqori tempda boshlandi. Har ikki jamoa ham ilk daqiqalardan hujumkor futbol namoyish etayotgan edi. Biroq bahsning hali hech kim hisobni ochmagan 12-daqiqasida maydonda futbolchilarga emas, balki bosh hakamga aloqador kutilmagan baxtsiz hodisa yuz berdi.

VIDEO

Ispaniya terma jamoasi himoyachisi Mark Pubillni maydon markazi yaqinida marokashlik futbolchi turtib yubordi, oqibatda u muvozanatni yo'qotib Ilgiz Tantashevga kuchli zarba bilan kelib urildi. Har ikkisi maydonga yiqildi. Pubill tezda o'rnidan turgan bo'lsa-da, Tantashev maydondan mustaqil ravishda tura olmadi. Zarba shu qadar kuchli ediki, o'zbekistonlik hakam jiddiy jarohat (o'ng to'pig'i lat eyishi va cho'zilishi) olgan edi.

Maydonga tibbiy yordam xodimlari shoshilishdi. Tibbiy ko'rikdan so'ng Tantashev o'yinni davom ettira olmasligi ma'lum bo'ldi. Natijada u bahsning 17-daqiqasida maydonni tark etishga majbur bo'ldi va uning o'rnini zaxira hakami, shvetsiyalik Glenn Nyuberg egalladi. O'sha o'yinda Marokash alamli mag'lubiyatga uchrab, finaldan quruq qolgan bo'lsa-da, Tantashev bilan bog'liq ushbu voqea Olimpiada tarixidagi noodatiy lahzalardan biriga aylandi.

Oradan ikki yil o'tib, futbol taqdiri Ilgiz Tantashev va Marokash terma jamoasini yana bir bor to'qnashtirdi. O'zbekistonlik hakam bo'lajak bellashuvda sihat-salomatlik va omad tilab qolamiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia