

"Ikkinchi taym ancha asabiy tarzda o'tdi, o'sha vaziyat. Birinchi taymda mezbonlar faolroq bo'lishdi, ikkinchi taymda hujumda kesinlikni oshirib hisobni ochishga erishdik. Agar Zafarmurod ham gol urganida bu emociyagacha kelmasdik. Ikkala jamoa ham g'alaba uchun harakat qildi, muxlislarga yoqadigan o'yin bo'ldi deb o'ylayman", - deb gap boshladi Ro'ziqul Berdiev.
- Penalti berilgan vaziyatda hakam qaroridan norozi bo'ldingiz...
- Butun jamoa norozi bo'ldi. Menimcha birinchi taymdagi vaziyat ko'proq penaltiga tortardi, balki. Lekin ikkinchi taymdagi vaziyat penalti emasdi, menimcha. Maydonga tushib Umar Eshmurodovni tinchlantirmoqchi bo'ldim. Maydonga tushganim xatodir, shunchaki Umar qizil olmasligini xohladim. Hakamga borib nega bunday qaror qabul qilding, deganimda menga qizil kartochka ko'rsatdi, bor gap shu.
- "Qo'qon-1912" asosan ikkinchi taymda hujumkorlikni oshirmoqda. Bunga tayyormidinglar?
- Raqibning oxirgi o'yinlarini ko'rib chiqdik, "So'g'diyona" bilan bahsda so'nggi daqiqalarda durangga erishdi, "Navbahor"ni oxirgi daqiqalardagi gol evaziga mag'lub etdi. Bu "Qo'qon-1912"ning funkcional tayyorgarligi yaxshi ekani ko'rinib turibdi. Lekin bugun mezbonlar ikkinchi taymda biroz passivroq harakat qilishdi, balki bizning jamoa faollashgani sababdir balki. Umumiy qilib olganda "Qo'qon-1912"ning o'yini ancha shakllanib bormoqda.

- O'yin oxirid Abduvohid Ne'matov jarohat oldi va maydonni qiyinchilik bilan tark etdi. Uning holati qanday?
- Hozir so'radim, shifokorlar ko'rib chiqishganidan keyin aniq ma'lumot bo'ladi. Menimcha jiddiy jarohat olmagan.
- "Nasaf" 5-6 yil oldingi davrni yodga olsak, hujumkor o'yin namoyish etardi. O'sha paytda jamoa oldiga vazifa qo'yilmagani uchundir balki 3:0 hisobda oldinda borsa ham hujum qilishdan to'xtamasdi. Orada vazifa qo'yildi va o'sha vazifa bajarildi, chempion bo'ldinglar. Bu yil esa adashamasam vazifa yo'q. Yana oldingidek hujumkor o'yin ko'rsatish uchun nima yetishmayapti?
- O'sha paytdagi tarkib bilan hozirgi tarkibimiz farq qiladi. O'sha yo'nalishda o'ynashga intilyapmiz. Yil boshida yigitlar bilan sovrinli o'rinlar uchun kurashish uchun kelishib olganmiz. O'sha paytdagi sxema hozirgi bilan farq qiladi. Ayni paytda biz vingerlarsiz o'ynayapmiz va shunga moslab sxemada maydonga tushyapmiz.
- O'yindan oldin Davronovda jarohat olgani aytildi, G'aybullaev va Ne'matov ham jarohat oldi. Eshmurodovda ham kichik muammolar kuzatildi. Aprel oyida juda ko'p o'yin bor. Zaxirasi tor "Nasaf" uchun bu qanchalik og'ir?
- Bu juda og'ir. Bir tarkibga egamiz, kimdir jarohat olsa asosiy tarkibga yosh futbolchini tushirishga majbur bo'lyapmiz. Davronov ikkita o'yin o'ynamadi, bittasida yutqazdik, bugun durang bo'ldi. Har bir o'yinchimiz biz uchun muhim. Har bir o'yindan keyin futbolchilarni tiklanishiga urg'u beryapmiz.




