

– O'yin haqida fikringiz...
– Bugungi uchrashuvda, tabir joiz bo'lsa, rejalashtirgan barcha ishlarimiz amalga oshdi. Himoyada ishonchli harakat qilib, raqibga imkoniyat bermadik, hujumda yuzaga kelgan vaziyatlarimizdan esa unumli foydalandik. Aynan shu jihatlar g'alabaga zamin yaratdi. Bellashuv oldidan futbolchilarga maydonda intizomliroq bo'lish va himoyada oqilona o'yin namoyish etish lozimligini alohida uqtirgan edik. Chunki OKMK sifatli futbol ko'rsatadigan jamoa bo'lib, safida mahoratli hujumkor o'yinchilar mavjud. Shu bois ushbu jihatlarga jiddiy e'tibor qaratdik va menimcha, yigitlar vazifani munosib uddalashdi.
– Uchrashuvning 72-daqiqasida yuz bergan vaziyat – G'olib G'aybullaevning xatti-harakatlariga qanday baho berasiz? Futbolchining o'zi bu holatni qanday izohladi?
– Ehtimol, u o'sha vaziyatda o'zini noto'g'ri tutgandir – men epizoddan biroz uzoqroqda edim. Aytishlaricha, unga nisbatan qo'pol muomalada bo'lib, haqoratli so'zlar ishlatilgani bois jahli chiqqan. Bu biz uchun jiddiy yo'qotish. Futbolda hissiyotlar bo'lishi tabiiy – bu borada raqib jamoani ham, o'z futbolchilarimizni ham tushunish mumkin. Albatta, hissiyotlarga berilib qizil kartochka olish to'g'ri emas. Maydonda hamisha murosasiz kurash bo'lishi lozim, biroq barchasi meyor va chegara doirasida qolishi shart. G'olib qizil kartochka olganining o'ziyoq uning muayyan vaziyatda xatoga yo'l qo'yganini ko'rsatadi.
– Jamoaning asosiy futbolchilari – Umar Eshmurodov hamda Sharof Muhitdinov hatto zaxira o'rindig'ida ham ko'rinmadi. Buning sababi nimada?
– Har ikki futbolchida jarohat bor edi, shu bois ular zaxirada ham yo'q – biz tavakkal qilishni istamadik. Ehtimol, keyingi uchrashuvda ham ularni ehtiyot qilishimizga to'g'ri kelar. Oldinda bizni muhim xalqaro bellashuv kutib turibdi. O'ylaymanki, o'sha o'yinga qadar har ikkalasi tiklanib, jamoaga yordam bera oladi.
– G'alaba bilan tabriklayman, juda yoqimli natija bo'ldi. Abduvohidning uchrashuvdan so'nggi hayajoni va holatidan uning jamoani tark etishi aniq bo'ldimi, degan taassurot uyg'ondi. Bu borada nima deya olasiz?
– Menimcha, shunday bo'lsa kerak. Ochig'ini aytsam, uning o'zi bilan suhbatlashdim. Hozirda bir nechta variantlarni ko'rib chiqmoqda. Nazarimda, bu bahs uning "Nasaf" markaziy o'yingohidagi so'nggi uchrashuvi bo'ldi. Ehtimol, kelajakda yana qaytib kelib to'p surar, ammo hozir u shunday qarorga kelsa, buni to'g'ri tushunib, unga omad tilab qolishimiz lozim. Chunki Abduvohid jamoamiz uchun juda ko'p mehnat qildi. Agar ushbu qaror amalga oshsa, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz. To'g'risi, menga ham xuddi shunday – markaziy o'yingohimizda oxirgi o'yinini o'tkazgandek tuyuldi.
– Demak, sizda hali aniq ma'lumot yo'qmi?
– Hozircha aniq bir gap ayta olmayman. U bilan gaplashganimda variantlarni ko'rib chiqayotganini aytdi. Tabiiyki, u o'zi uchun eng maqul taklifni tanlashni xohlaydi.
– Unga bo'layotgan takliflarning barchasi xorij klublari bilan bog'liqmi?
– Xorijdan ham takliflar mavjud. O'zining aytishicha, Niderlandiya Superligasidan taklif berilgan. Bundan tashqari, menimcha, Eron jamoasidan hamda o'zimizning gigant jamoalarimizdan takliflar bo'lmoqda. Yakuniy tanlov uning o'z qaroriga bog'liq bo'ladi.
– "Nasaf" tarkibidagi legionerlarni keyingi mavsumda ham jamoa safida ko'ramizmi?
– Xabaringiz bor, jamoamizda legionerlar ko'p emas. Avval ham takidlaganimdek, klub Shalani tarkibda olib qolishdan manfaatdor. Boshqalari xususida esa hozircha bir narsa deya olmayman – barchasini vaqt ko'rsatadi.
– "Al-Vahda"ga qarshi muhim uchrashuvga oz vaqt qoldi. Jamoaning keyingi bosqichga chiqishiga va ijobiy natija qayd etishiga qanchalik ishonyapsiz?
– Jamoada o'ziga bo'lgan ishonch bor. Eslasangiz, ikkita mag'lubiyatdan so'ng barchada "Nasaf" keyingi bosqichga chiqa olmaydi, degan ishonchsizlik paydo bo'lgan edi. Biroq jamoamiz o'zida kuch topa oldi va tushkunlikka tushmadi. Shu bois ushbu o'yinda ham o'rnimizni mustahkamlash uchun g'alaba qozonishga harakat qilamiz. Meni o'ylantirayotgan yagona jihat – yo'qotishlar bo'lmasligi. Agar to'liq tarkib bilan o'ynay olsak, ushbu uchrashuvda g'alaba qozonishga qodirmiz, deb o'ylayman.
– Yuqorida Sharof Muhiddinov va boshqa futbolchilarning jarohati haqida aytib o'tdingiz. Ular "Al-Vahda"ga qarshi bahsgacha tiklanib ulguradimi?
– Ayni paytda shu haqda o'ylayapmiz. Shu bois bugungi bahsda bo'lgani kabi, ehtimol, 3-sanada o'tkaziladigan uchrashuvga ham ularni imkon qadar jalb qilmaymiz. Chunki oldindagi ushbu bellashuv biz uchun muhimroq.



