Mirjalol Qosimov: "Kubok bahsidan so'ng ayrim futbolchilarimiz uchun mavsum tugagandek"

Aslanov Jasurbek
29 noya 2026, 19:30
Superliga 29-turidan o'rin olgan "Nasaf" – OKMK (3:0) o'yinidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqidagi fikrlaringiz.
– Uchrashuvga to'xtaladigan bo'lsak, o'zimiz yo'l qo'ygan xatolar oqibatida uchta gol o'tkazib yubordik. Birinchi bo'limning o'zidayoq ikkita oddiy vaziyatda xatoga yo'l qo'ydik. Har doim ta'kidlab kelganimdek, "Nasaf" – yaxshi shakllangan jamoa. Bunday raqibga qarshi bahsda bu kabi xatolarga yo'l qo'yishimiz mumkin emas edi. Shu bois haqli ravishda mag'lubiyatga uchradik. "Nasaf" jamoasini tabriklayman.

– Xato deganda pressingni nazarda tutyapsizmi? Jamoa raqib pressingiga tayyor emasmidi?
– Yo'q, bu jihatni oldindan o'rganib chiqqan va futbolchilarga tushuntirgan edik. "Nasaf" ikkinchi zonada yaxshi himoyalanadi. Sxemani ham ko'rsatib bergan edik – ikki nafar hujumchi bilan maydonga tushilgandi. Birinchi bo'limda raqib aynan oddiy vaziyatlardagi xatolarimizdan unumli foydalanib ketdi, bunday holatlarga yo'l qo'ymasligimiz lozim edi.

– Mavsum davomida "Nasaf" bilan ikki bor to'qnash keldingiz va har ikki uchrashuvda ham OKMK mag'lubiyatga uchradi. Ushbu raqibni engish uchun jamoaga nima yetishmadi?
– Olmaliqdagi bahsda yaxshi imkoniyatlarimiz bo'lgan edi. Aslida futbolning o'zi shundan iborat: kimdir xatoga yo'l qo'yadi va raqib uni golga aylantiradi, boshqa safar esa buning uddasidan chiqa olmaysiz. Aynan bitta shunday epizod o'yinning borishini tubdan o'zgartirib yuboradi. Shu bois takidlayapmanki, bunday darajadagi jamoaga qarshi o'ta oddiy vaziyatlarda to'p yo'qotib qo'ydik. Xohlaymizmi-yo'qmi, himoyadan hujumga o'tayotganimizda himoyachilarimiz erkinroq harakat qilishadi va hujumchilar bilan zich o'ynashmaydi. Natijada o'sha pallada qayta joylashishga juda qiynalib qolishadi. Statistikaga ko'ra ham eng ko'p gollar aynan birinchi va ikkinchi zonada to'p yo'qotilgan vaziyatlardan so'ng kiritiladi.

– Jamoaning imkoniyati nihoyatda katta, tajribali murabbiyi bor. Nima uchun medallar uchun kurashmayapsizlar?
– Nega kurashmas ekanmiz? O'z statistikamizni tahlil qilib chiqqanimizda ham ko'rindiki, joriy yilda juda ko'p oddiy vaziyatlarda gol o'tkazib yubordik, shu bilan birga, yaratgan imkoniyatlarimizni golga aylantira olmadik. Jamoaga baribir barqarorlik yetishmayapti. Albatta, o'ylab qaralganda bu bahona bo'la olmaydi. Biroq o'tgan mavsumda yaxshi o'yin namoyish etgan ko'plab futbolchilarimiz jamoani tark etganini ham inobatga olish zarur.

– 72-daqiqadagi nizoli holat haqida so'ramoqchi edim. Ushbu vaziyatda raqib futbolchisi va jamoangiz o'yinchisiga nisbatan munosabatingiz qanday bo'ldi?
– Bunday holatlar futbolda muntazam uchrab turadi. Hech kim mag'lubiyatga uchrashni istamaydi: maydonda kimdir g'alaba qozonayotgan, boshqa birov esa yutqazayotgan bo'ladi. Bu jarayon ruhiy beqarorlik bilan ham bog'liq. Doim takidlayman: futbol – kurash va kontaktli sport turi. Bunday vaziyatlardan hech kim xoli emas, bazan bundan-da jiddiyroq holatlar sodir bo'ladi. Bu – oddiy holat, uni bo'rttirib, ortiqcha mano izlashga hojat yo'q. Barchasi hech kimning yutqazishni istamasligidan kelib chiqadi.

– Jamoaning keyingi mavsum uchun rejalari qanday?
– Avvalo, joriy mavsumni yakunlab olaylik. Kubok bahsidan so'ng ko'pchilik mavsumni ancha erta tugatib qo'ygandek taassurot qoldirmoqda. Ehtimol, kubok o'yini ta’sir qilgandir – ayrim futbolchilarimiz uchun chempionat allaqachon yakunlangandek tuyulmoqda. Shunga qaramay, hammasi oldinda, hayot davom etadi. Bu futbolchilar va ularning munosabati bizni yo'naltirib, kelgusida qaysi tomonga yurishimizni belgilab beradi. Bularning barchasi o'ylab ko'rish uchun yaxshigina mulohaza mavzusi bo'ladi.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia