

– O'yin haqidagi fikrlaringizni bildirib o'tsangiz.
– Shukrki, o'z maydonimizdagi so'nggi uchrashuvni g'alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo'ldik. Bizni so'nggi daqiqalargacha qo'llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Joriy mavsumda ular kutgan natijalarni qayd eta olmagan bo'lsak-da, imkoniyatimiz darajasida bor kuchimiz bilan harakat qildik.
Uchrashuvga to'xtaladigan bo'lsam, "Lokomotiv"ga qarshi o'yinda futbolchilarimiz katta kuch sarflagan edi. Bu holat bugungi bahsda ham o'z ta’sirini ko'rsatdi: o'yin avvalida jamoamiz o'z maydonida birmuncha ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Boisi, mag'lubiyatlardan so'ng futbolchilarda o'ziga bo'lgan ishonch ma'lum darajada pasayadi. Shu sababli dastlabki golni o'tkazib yubordik. Biroq futbolchilarimiz o'zlarida kuch topib, oxirigacha kurash olib borishdi. Buning uchun ularga chuqur minnatdorlik bildiraman. Oxirigacha kurashib, bor kuch-g'ayratimizni safarbar etgan holda g'alabaga erishdik. O'yinimiz u qadar chiroyli chiqmagan bo'lsa-da, eng asosiysi – muhim g'alabani qo'lga kiritdik.
– Joriy yil Superliga bahslarida bosh murabbiy sifatida debyutingizni o'tkazdingiz. Mavsum davomida "Andijon"da qayd etilayotgan natijalarga munosabatingiz qanday? Bosh murabbiylik faoliyatingizni besh ballik tizimda necha bahoga loyiq ko'rgan bo'lardingiz?
– Ochig'ini aytganda, joriy yildagi har bir kunimiz biz uchun katta tajriba bo'lmoqda. Dastlab jamoaga yordamchi murabbiy sifatida kelgan edik, taqdir taqozosi bilan bosh murabbiylik mas'uliyatini zimmamizga oldik. Takidlaganimdek, har bir kunimiz tajriba keltirmoqda. Ehtimol, muayyan xatolarga ko'proq yo'l qo'yayotgandirmiz, ammo bularning barchasi biz uchun qimmatli saboq bo'lib xizmat qilmoqda. Agar barchasi mavsum boshidagidek tekis davom etib, uch-to'rt turda yoki ettita uchrashuvda g'alabalarga erishib, hozirga qadar muvaffaqiyatli yurish qilganimizda, ehtimol, bugungi tajribaga ega bo'lmas edik. Har bir mag'lubiyat biz uchun ulkan tajriba bo'lmoqda.
O'z faoliyatimizga baho beradigan bo'lsak, qayd etgan natijalarimizni qoniqarsiz deb hisoblaymiz. Zero, bundan ham yaxshiroq natija ko'rsatish imkoniyatiga ega edik. Shu bois o'z ustimizda ishlash va izlanishda davom etamiz. Joriy mavsumda yo'l qo'yilgan barcha xatolar biz uchun katta tajriba bo'ldi. Kelajakda faoliyatimizni davom ettirish nasib etsa, ushbu xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.
– Ikkinchi bo'limda maydonga tushgan Hamidullo Karimovning zaxiraga olinishi vaqtdan yutish maqsadida amalga oshirildimi?
– Ha, bu taktik qaror edi.



