

- Yaxshi jamoaga qarshi to'qnash keldik. Bu o'yin hammamizga dars bo'ladi. Bundan etarlicha hulosalar chiqarib, keyingi o'yinga tayyorlanishimiz kerak. Chunki oldimizda yana bir yaxshi jamoa - "Dinamo"ga qarshi o'yin kutib turibdi. Bizga g'alaba juda ham kerak. Ushbu o'yinda g'alaba qozonish uchun borimizni beramiz. Chunki boshqa ilojimiz yo'q. "Lokomotiv"ning yaxshi bosh murabbiyi bor. Bekorga jamoa bu o'rinda emas. Tarkibi yaxshi tajribali va yosh futbolchilardan tashkil topgan va bizdan ham yaxshi jamoa deb o'ylayman. Bizda ham yaxshi jamoa bor, o'z navbatida yo'qotishlar ham bor. Shu sababli rotaciyalarga ham qo'l urishimiz kerak. Bizda har bir turda qo'l ostimizda bor futbolchilarga katta yuklama tushadi. Almashtirishlarga qo'l urishimiz kerak. Oldimizdagi bahsda Behruz Shaydulov hamda Richard Fraydey yordam bera olmaydi. Men yigitlarga ishonaman. Ularning o'rnini yopish bizga qiyinchilik tug'dirmaydi. Boshqa ilojimiz yo'q. Ularning o'rnini yopib, keyingi o'yinga tayyorlanamiz.
- Birinchi goldan keyingi tezkor almashtirish sababi nimada? Adashmasam u golda xato qilmadi, shekilli.
- Barcha futbolchilarga talablar bor. Bunday o'yinlar menda ham bo'lgan. Buni to'g'ri tushunishimiz kerak. Murabbiy bir narsani ko'ryaptimi, o'shani o'xshatishga harakat qilish kerak. Agarda kimningdir kichik bo'lsa ham imkoniyati bo'lsa, imkoniyat berib ko'rish kerak. Mening talablarimni bajarishda unda biroz oqsoqlanish ko'rindi va boshqa narsalarning oldini olish maqsadida o'zgarishga qo'l urdik. Futbolchimga etirozim yo'q. Menda ham shunday holatlar bo'lgan. Biz barchasini normal qabul qilishimiz kerak, chunki professionalmiz. Hammamiz o'z ishimizni qilyapmiz. Istalgan futbolchi bu o'rinda bo'lishi mumkin. Kimdir tayyor bo'lmagandir, kimningdir kuchi etmas. Buni normal qabul qilgan holda, umuman muammo bo'lmadi. Tanaffus vaqtida bu borada gaplashib oldik. Asosiysi - barcha bir-birini tushundi. Bu yerda achchiq ustida ish qilinmadi.
- Mavsum yakunlanishiga bir tur qoldi. 10 balli tizimda jamoangizning o'yinini nechiga baholaysiz va nima uchun?
- 4 yoki 6ni orasida. O'ziga yarasha qiyinchiliklar ham bo'ldi. Jamoaga ishonaman. Kimdir o'ziga ishonmagan bo'lsa ham ularga ishonaman. Ularning etarlicha potenciali bor. Kimdir yoshroq va shu sababli kaltaroq o'ylaydi. Barchadan professional bo'lishini so'rayman. Agar rivojlanish bo'lsa, barchaga yaxshi bo'ladi. Lekin tan olish kerak, bir qancha futbolchilarim yaxshi o'sishga erishdi. Lekin futbolda to'xtab qolish kerak emas. Har kuni kechagidan ko'ra yaxshiroq bo'lishga harakat qilish kerak. Bu juda qiyin emas. Hamma ham buning uddasidan chiqa oladi. Temurxo'janing yoshi katta bo'lsa ham, uning o'yinlarini ko'rib, xursand bo'laman. Zoteevni ham shunday. Yoshlar shunday futbolchilardan o'rnak olib, ulardek bo'lishga harakat qilishlari kerak. Barqaror va yoshlarga o'rnak bo'lishga intilish kerak.
- "Surxon"ning ancha paytdan buyon asosiy muammosi - mehmonda o'ynayotgani. Agarda bugun jamoa Surxondaryoda o'ynaganida, balki, hisob 0:2 bo'lmasdi, balki, turnir jadvalida bunday pastda ham yurmagan bo'lardi. "Surxon"ni Surxondaryoga qaytarish ishlari bo'lyaptimi?
- Ha, ishlar bo'lyapti. Ishlar ancha oldin boshlangan, lekin bu yil qaytishimiz juda qiyin. Kelasi yilga tayyor bo'ladi, bunga ishonaman. O'zim u yerdagi jarayonni kuzatib bormayotganim uchun aniq bir nima deya olmayman. O'zim savol berganimda, ishlarning olib borilayotganini aytishgandi. Fikringizga qo'shilaman, muxlislar bo'lsa agar juda yaxshi bo'lardi. Bu har bir futbolchiga kuch beradi, bu aniq. Har doim aytaman bu gapni, hakamlarning simpatiyasi. Biz uy deyilib, safarda o'ynadik. Bugun ham shunday. "Lokomotiv" maydonida biz mezbon bo'lib, o'ynadik. Hakamlar uchun esa baribir "Lokomotiv" mezbon. Bu psixologiya, normal holat. Bugun "Lokomotiv"ga hakamlar yordam berdi, demayapman. Mezbonga ozgina bo'lsa ham yonbosilishi normal holat. Agarda o'z maydonimizda o'ynaganimizda, bizga ham simpatiya bo'lardi. Muxlislarning noroziligiga qarab, hakamlar ham ish qilardi. Simpatiyaning bo'lishi ham muhim. Agarda hakamlar ham, futbolchilar ham rivojlanishda bir qadam oldinga tashlasak, chempionatimiz kuchaygan bo'lardi. Ko'p jamoalar chempionlikka kurashishi mumkin. Balki biz ko'proq ochko yig'gan bo'lardik, ruhiy holat ham yaxshiroq bo'lardi. Balki bizga shu yetishmayotgandir. Kamchilik bo'lib, qo'llab-quvvatlagan muxlislarga ham rahmat. Lekin biz bugun kuchli jamoaga qarshi o'ynadik va ular bizdan kuchliroq edi.
- Bitta statistika ko'rib qoldim: Surxondaryoda havaskorlar o'rtasida chempionatlar ham muammo, viloyat futbol federatsiyasi telegram kanalida ham odam eng kam, viloyatning asosiy jamoasi uchun ham e'tibor pastroq. Balki, Surxondaryoda futbolga e'tibor kamroqdir?
- Bir nima deya olmayman, lekin qiziqish bor. Chunki bu yil ham o'tgan yili ham asosiy tarkib o'yinlarida muxlislar stadionlarni to'ldirishgandi. Muxlislar kelganda ruhiy yordam bo'lgan. Nechta muxlis kelsa ham o'z uy maydoningizda devorlar ham yordam beradi. Muxlis kam bo'lsa ham o'z maydonida o'ynash kerak. Biz professional sifatida o'z ishimizni davom ettirishimiz kerak. Chunki keyingi o'yinda bizga yaxshi natija kerak.

