Rossiya terma jamoasi O'zbekistonga qarshi o'yin oldidan yetakchi futbolchisini yo'qotishi mumkin

9 noya 2026, 11:35
Rossiya terma jamoasi yarim himoyachisi Aleksandr Golovin O'zbekistonga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi oldidan jarohat oldi.

"Monako" futbolchisi 8 noyabr kuni Fransiya chempionatining 10-turidan o'rin olgan "Le-Man"ga qarshi safar uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushdi.

Biroq 30 yoshli yarim himoyachi 54-daqiqada jarohat tufayli almashtirildi. Golovin maydonni oqsagan holda tark etdi. Uning o'rniga Paris Brunner o'yinga qo'shildi.

Hozircha futbolchining jarohati qay darajada jiddiy ekani va tiklanish muddati haqida ma'lumot berilmagan.

Qayd etish joiz, Golovin Rossiya milliy terma jamoasining noyabr oyidagi o'rtoqlik uchrashuvlari uchun e'lon qilingan yakuniy tarkibidan joy olgan.

Shu sababli uning 12 noyabr kuni Toshkentda O'zbekistonga qarshi bo'lib o'tadigan bahsdagi ishtiroki so'roq ostida qolmoqda.

Ma'lumot uchun, Golovin joriy mavsumda "Monako" safida barcha musobaqalarda 14 ta uchrashuv o'tkazib, 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

"Le-Man" – "Monako" uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi.

O'zbekiston – Rossiya o'rtoqlik uchrashuvi 12 noyabr kuni "Paxtakor" markaziy stadionida soat 20:00 da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia