"Surxon" va "Andijon" o'rtasida bo'lib o'tadigan uchrashuv stadioni o'zgardi

9 noya 2026, 09:25
Bu haqida "Surxon" matbuot xizmati ma'lum qildi.

"Ma'lumki, "Surxon" futbol klubi ayni vaqtda o'z uy uchrashuvlarini vaqtincha Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan OKMK sport majmuasida o'tkazib kelmoqda.

Biroq Superliga taqvimiga muvofiq, 19 noyabr kuni "Surxon" jamoasi "Andijon"ni qabul qilishi, oradan bir kun o'tib, yani 20 noyabr sanasida esa OKMK jamoasi o'z maydonida "Qizilqum"ga qarshi bahs olib borishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, bir sport inshootida qisqa vaqt oralig'ida ketma-ket ikkita yuqori darajadagi rasmiy uchrashuvning o'tkazilishi maydon qoplamasi holatiga ortiqcha yuklama keltirib chiqarishi mumkinligi inobatga olindi.

O'zbekiston professional futbol ligasi tomonidan mamlakatimizdagi futbol maydonlarining sifatini saqlash, tabiiy chim qoplamasini asrab-avaylash, sport inshootlaridan oqilona va samarali foydalanish hamda chempionat uchrashuvlarini munosib sharoitlarda tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, musobaqa davomida maydonlarning belgilangan talablarga javob berishini taminlash, futbolchilar uchun qulay va xavfsiz o'yin sharoitlarini yaratish, shuningdek, uchrashuvlarning yuqori saviyada o'tkazilishini taminlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Aynan shu omillarni inobatga olgan holda, O'zbekiston professional futbol ligasi tomonidan "Surxon" – "Andijon" uchrashuvini Jizzax viloyatining Zomin shahrida o'tkazish belgilandi.

Shu tariqa, "Surxon" jamoasi Superliganing 28-turidagi navbatdagi uy uchrashuvini Zomin shahrida o'tkazadi. Mazkur o'zgarish faqat uchrashuv o'tkaziladigan manzilga taalluqli bo'lib, bahsning belgilangan sanasi va boshlanish vaqti o'zgarishsiz qoladi".

Shu tariqa, "Surxon" va "Andijon" o'rtasidagi uchrashuv 19 noyabr kuni Zomin shahrida bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: @FCSURXON_OFFICIAL