Kamoliddin Tojiev: "Tanaffus payti agar gol o'tkazib yuborsak, keyin qiynalishimizni aytgandim. Aytganimdek bo'ldi"

9 noya 2026, 11:10
Superliganing 27-turidan o'rin olgan "Paxtakor" – "Qo'qon-1912" (3:1) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikringiz...

– O'yinni yaxshi boshladik, ikkita tezkor gol urdik. Shundan so'ng xotirjamlikka berildik va birinchi bo'lim shu tariqa yakunlandi. Taym to'liq nazoratimiz ostida o'tdi. Biroq ikkinchi bo'lim oldidan yigitlarga, agar bitta gol o'tkazib yuborsak, keyin qiynalishimizni aytgan edim. Amalda ham shunday bo'ldi. Meni xursand qilgani – yakunda uchinchi golni urib, 3:1 hisobida g'alaba qozondik va oxirigacha kurashdik. Yigitlarga o'yin uchun minnatdorchilik bildiraman.

– Mavsum boshidan beri ikkita holat juda ko'p takrorlanmoqda. Mavsum deyarli yakunlanyapti, ammo "Paxtakor"da bu holat o'zgarmayapti. Birinchisi – ko'plab qulay vaziyatlarni boy berish. Ko'pincha birinchi bo'limning o'zida hisob yirik ko'rinish olishi mumkin, balki shunday bo'lishi kerakdir ham, lekin bor-yo'g'i bitta gol urilmoqda. Ikkinchisi – "Paxtakor" har doim gol o'tkazib yuborgandan keyin, o'yini biroz ko'rimsizlashib, jamoada sarosima boshlanyapti. Butun mavsum shunday o'tdi. Jamoa gol o'tkazib yuborgach, o'ziga kelib olishi uchun 10–15 daqiqa vaqt kerak bo'lmoqda. O'tkazilgan golga yarasha javob goli urmaguncha, butun o'yin nazoratini yo'qotib, xavotirga tushish holatlari kuzatilyapti.

– Bugungi o'yinga keladigan bo'lsak, ko'plab vaziyatlar yaratdik. Aytib o'tganimdek, ikkita gol urgunimizcha yaxshi o'ynab turgan edik. Ikkita goldan keyin esa xotirjamlikka berildik. Vaziyatlar yaratyapmiz, biroq xotirjamlik sababli ularni boy beryapmiz, hamma narsa shundan kelib chiqadi. Bitta gol o'tkazib yuborgach, tabiiyki, ikkinchisini ham o'tkazib yubormaylik, degan xavotir paydo bo'ladi. Shu sababli o'yinga qaytish qiyinlashadi. Ozgina xotirjamlikka berilib, gol o'tkazib yuborgandan so'ng o'yinga qaytish qiyinroq kechadi va yigitlarda biroz hayajon yuzaga keladi.

– Agar so'nggi o'yinlarga e'tibor bergan bo'lsangiz, o'ng qanot himoyasida Muhammadbobur Karimov imkoniyat berilishi bilan darhol asosiy tarkibdan joy oldi. Mana, Davron To'laganovga ham maydonda ishonch bildirilib, imkon berilyapti va u bugungi o'yinda yomon taassurot qoldirmadi. Demoqchi bo'lganim – garchi jamoada chempionlik uchun nazariy imkoniyat hali ham saqlanib turgan bo'lsa-da, yoshlarga ko'proq imkoniyat berish kerak emasmi? Imkon olgan yoshlar o'zlarini ko'rsatib, asosiy tarkibga kirib ketyapti.

– Ha, to'g'ri, mana ikkita o'yindan beri Saidalievni ham maydonga tushiryapmiz. Davron To'laganov ham chiqyapti. So'nggi o'yinlarda ularning barchasiga imkoniyat beryapmiz. U-21 jamoamizda yana 1–2 nafar iqtidorli yigitlarimiz bor, ularga ham albatta imkoniyat beramiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia