

Portugaliyaliklar 41 yoshli forvard terma jamoani tark etganidan keyingi ilk uchrashuvda Daniyaga yirik hisobda imkoniyatni boy berishdi (1:4).
"Krishtianu Ronaldusiz o'ynash eksperimenti juda e'tiborli tarzda - ilk bahsdayoq sharmandali mag'lubiyat bilan boshlandi. Agar maqsad uning bizga kerak emasligini isbotlash bo'lgan bo'lsa - xo'sh, vazifa bajarildi. Endi hammasi kundek ravshan.
Jezush yaqqol sof istedodga tayandi. Tarkibga nazar tashlab, unda yorqin ustalar jamlanganini ko'rgach, hammasi o'z-o'zidan izga tushib ketadi, deb o'yladi. Ehtimol, u sardorlik bog'ichini shunchaki aksessuar, yetakchilik xislatlari esa jamoaga shunchaki kuzatish orqali o'z-o'zidan yuqib qoladi, deb hisoblagandir.
Krishtianu Ronaldu endi 20 yoshda emas - o'zimizni bunday emasdek tutishdan mano yo'q. Biroq uni 'shunchaki o'yinchilardan biri' bo'lgan, deya tasavvur uyg'otishga ham asos mavjud emas. U maydonga statistikada aks etmaydigan jihatlarni: obro'-e'tibor, eng yuqori standartlar, jamoani ortidan ergashtirish qobiliyati va uning parchalanib ketishiga yo'l qo'ymaslik qatiyatini olib kirardi. Aftidan, bu rolni boshqa birovga yuklash hech kimning xayoliga ham kelmagan.
Endi bizda Ronaldusiz terma jamoa, izoh talab qiladigan mag'lubiyat va Jezush bajarishi lozim bo'lgan ulkan hajmdagi ish bor.
Futbol tahlilchilarida muhokama qilish uchun mavzular talaygina bo'ladi, ekspertlar ishsiz qolmaydi, muxlislar esa tezroq unutishni istaydigan yana bir oqshomni boshdan kechirishadi - stadionni allaqachon tark etayotgan odamlar oqimi bundan yaqqol dalolat berib turibdi.
Biz Portugaliya terma jamoasi Krishtianu Ronaldusiz qanday ko'rinish olishini bilmoqchi edik. Endi bilamiz. Balki usiz aynan qanday futbol o'ynash kerakligi haqida o'ylab ko'rish vaqti kelgandir. Zero, uni jamoadan olib tashlash unchalik qiyin ish emasligi ma'lum bo'ldi.
Ammo unga o'rinbosar topish - ko'rinib turganidek, ancha murakkab vazifa ekan", - deb yozdi Laranju ijtimoiy tarmoqda.



