Infantino FIFA rahbarligi saylovlari oldidan uch oy ichida 30 dan ortiq mamlakatga tashrif buyurdi

15 noya 2026, 14:49
FIFA prezidenti Janni Infantino 2027 yilning mart oyida bo'lib o'tadigan tashkilot rahbarligi saylovlari oldidan o'z mavqeini mustahkamlab oldi.

Financial Times nashrining xabar berishicha, avgust oyi boshidan buyon Infantino 30 dan ziyod mamlakat va hududlarga borib, o'nlab futbol mulozimlari hamda 12 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashgan.

FIFA prezidenti Osiyo va Karib mintaqasiga alohida e'tibor qaratdi. Butanga tashrifi chog'ida u qirol, bosh vazir va mahalliy futbol federatsiyasi rahbari bilan muloqot o'tkazdi. Oradan bir necha kun o'tgach, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Infantinoning qayta saylanishini qo'llab-quvvatlashini e'lon qildi.

Vaholanki, bundan bir necha oy oldin OFK UEFA va KONKAKAF bilan birgalikda FIFA rahbarini tashkilotning tijoriy biznesidagi ulushini investorlarga sotishga uringani uchun keskin tanqid qilgan edi.

Shuningdek, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega 25 ta federatsiyani birlashtirgan Karib futbol ittifoqi ham Infantinoga xayrixohlik bildirdi. Avvalroq FIFA prezidenti avgust oyi o'rtalaridan beri ushbu mintaqaga uch marotaba tashrif buyurgandi. Shu bilan birga, FIFA 2027–2030 yillar oralig'ida 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biri uchun moliyalashtirish hajmini 10 million dollardan 25 million dollargacha oshirishni taklif qildi.

Infantinoning tanqidchilari uning safarlarini saylovoldi kampaniyasi sifatida baholashmoqda. Xususan, avgust oyida Iordaniya futbol federatsiyasi rahbari shahzoda Ali bin Husayn FIFAni shantajda ayblab, tashkilot prezidentni qo'llab-quvvatlash evaziga federatsiya muammolarini hal qilishda yordam taklif etganini ma'lum qilgandi. Keyinchalik OFK uning ushbu bayonotlarini o'z adliya organlariga ko'rib chiqish uchun oshirdi.

FIFA esa Infantinoning safarlariga nisbatan bildirilayotgan etirozlarni rad etib, milliy federatsiyalar va siyosiy rahbarlar bilan aloqalarni saqlab turish prezidentning bevosita vazifasiga kirishini takidlamoqda.

Eslatib o'tamiz, Infantino 29 sentyabrda Toshkentga uchib kelgan edi.

O'xshash yangiliklar


Manba: Financial Times